O‘zbekiston Markaziy banki 2024-yilning birinchi yarmidagi ipoteka kreditlari sharhida uy-joy narxlarining aholining xarid qobiliyatiga nisbatini taqdim etdi.

Quyidagi jadvalda hududlardagi uy-joy narxlari va o‘rtacha oylik ish haqi hamda aholi jon boshiga umumiy daromad va aholi jon boshiga nominal YAIM nisbatlari bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilingan.

Manbalar: Statistika agentligi va Markaziy bank hisob-kitobi.Manbalar: Statistika agentligi va Markaziy bank hisob-kitobi.

O‘rtacha ish haqiga nisbatan eng qimmat uy-joy Samarqand viloyatida kuzatildi. Ushbu hududda 1 kv.m uy-joyni sotib olish uchun o‘rtacha oylik ish haqining 2,67 baravari yoki viloyat bo‘yicha aholi jon boshiga umumiy daromadning 1,14 baravari (8,98 mln so‘m) talab etiladi. Ya’ni 1 kv.m uy-joy 10,2 mln so‘mga baholanmoqda.

Boshqacha aytganda, Samarqand shahrida yashovchi har bir fuqaroning 50 kv.m kvartirani sotib olishi 11 yilu 1,5 oy davomidagi o‘rtacha ish haqiga yoki viloyatda 4 yilu 9 oy davomidagi o‘rtacha statistik daromadga teng mablag‘ga tushadi.

Nominal hisoblangan ish haqi yuridik shaxslarning ma’lumotlari asosida (qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik biznesni hisobga olmagan holda) hisoblanadi. O‘rtacha ish haqini aniqlash uchun xodimlarning mehnat daftarchalariga ega bo‘lgan daromadlari, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushmasi fondiga ajratmalar ushlab qolinadigan ustamalar, mukofotlar, rag‘batlantiruvchi va kompensatsiya to‘lovlari hisobga olinadi.

Jami daromad aholi farovonligi darajasining asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir. U nafaqat mehnat faoliyati va mustaqil ish bilan bandlikdan olingan daromadlardan, balki mulkdan (foizlar, dividendlar, gonorarlar va h.k.) va transfertlardan (pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, pul o‘tkazmalari) olingan daromadlardan ham iboratdir. Jon boshiga o‘rtacha daromad pul daromadlarining yillik hajmini 12 ga va aholining o‘rtacha yillik soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblanadi.

Manba: Markaziy bank, Statistika agentligi va “Gazeta.uz” hisobi.Manba: Markaziy bank, Statistika agentligi va “Gazeta.uz” hisobi.

Toshkent shahrida 1 kvadrat metr uy-joy narxi shahardagi o‘rtacha ish haqining 1,84 baravari va aholi jon boshiga o‘rtacha daromadning 0,81 baravari yoki 15,5 mln so‘m (o‘rtacha ish haqi — 8,45 mln so‘m, aholi jon boshiga o‘rtacha daromad — 28,7 mln so‘m) deb baholanmoqda.

Poytaxt aholisi 50 kv.m kvartirani sotib olish uchun 7 yil va 6 oy uchun o‘rtacha ish haqi yoki 3 yil va 4,5 oy uchun o‘rtacha statistik daromad summasini to‘lashi kerak.

O‘rtacha ish haqi va daromadga nisbatan eng arzon kvartiralar Navoiy viloyatida. Ushbu hududda 1 kvadrat metr uy-joy uchun o‘rtacha ish haqining 1,15 baravari va jon boshiga o‘rtacha daromadning 0,46 baravari yoki 7,6 mln so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Navoiy viloyatida yashovchi aholi 50 kv.m uy-joy sotib olish uchun 4 yil 9,5 oy uchun o‘rtacha ish haqi yoki 2 yildan kam bo‘lgan o‘rtacha statistik daromad summasini to‘lashi kerak.

Ta’kidlash joizki, bu yerda ovqatlanish, yashash, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa maqsadlar uchun xarajatlarni chegirmagan holda ish haqi va daromadlarning butun summasi hisobga olinadi, shuning uchun to‘lovlar muddati, shubhasiz, ko‘proq bo‘ladi.

Uy-joy narxining o‘rtacha ish haqiga nisbati bo‘yicha xarid qobiliyati Qoraqalpog‘istondan tashqari barcha hududlarda yomonlashdi: Toshkent shahrida 1 kvadrat metr xonadon narxi o‘rtacha ish haqining 1,53 baravaridan 1,84 baravarigacha, Buxoro viloyatida — 1,38 baravaridan 1,64 baravarigacha, Toshkent viloyatida — 1,62 baravaridan 1,79 baravarigacha, Samarqand viloyatida — 2,65 baravaridan 2,67 baravarigacha, Farg‘onada — 1,38 baravaridan 1,51 baravarigacha oshdi.

Uy-joy qiymatining o‘rtacha statistik daromadlarga nisbati bo‘yicha ham xuddi shunday holat — Qoraqalpog‘istondan tashqari barcha hududlarda xarid qobiliyatining yomonlashuvi qayd etildi.

May oyida “Gazeta.uz” Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori sharhiga tayanib, uy-joy narxining keskin oshishi tufayli O‘zbekiston aholisining xarid qobiliyati pasaygani, ya’ni narxlar ish haqidan tezroq oshayotgani, ko‘chmas mulkning bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi farq 24 foizga yetgani haqida xabar bergandi.

Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, 2024-yilning ikkinchi choragi (aprel-iyun) yakunlariga ko‘ra, uy-joy sotib olganlar ulushi 6,2 foizdan 5,8 foizga, avtomobillar 12,3 foizdan 10,5 foizga kamaygan. Yaqin oylarda uy-joy sotib olishni xohlovchilar soni ham pasaydi.