Qozog‘iston O‘zbekiston energetika infratuzilmasi orqali Tojikistondan elektr energiyasi import qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

2023-yilda Qozog‘iston va Tojikiston 2023−2032-yillarda Rog‘un GESidan elektr energiyasi yetkazib berishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev Tojikiston bosh vaziri o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda va Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri o‘rinbosari Manuchehr Safarzoda bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar Qozog‘istonga elektr energiyasini eksport qilishning ehtimoliy texnik parametrlari va tijorat shartlarini ko‘rib chiqmoqda.

Elektr energiyasini yetkazib berishda texnik imkoniyatlarning mavjudligi va O‘zbekiston elektr tarmoqlari orqali kelishilgan tranzit rejimlari hisobga olinadi.

Tomonlar 2024-yil 15-oktabrgacha Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatdor tashkilotlari bilan qo‘shni davlatlar energetika tizimlari o‘rtasida rejadan tashqari elektr energiyasi oqimlarini tartibga solish bo‘yicha kelishuvlar tuzish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi.

Yanvar oyida Almasadam Satkaliyev Qozog‘istonda 2023-yilda elektr energiyasi iste’moli avvalgi yilgi 112,9 milliard kVt/soatdan 115 milliardga oshgani, ishlab chiqarish esa 112,8 milliard kVt/soatni tashkil etgani haqida xabar bergan edi. Qozog‘iston an’anaviy ravishda elektr energiyasi tanqisligini Rossiyadan import hisobiga qoplaydi. Avvalroq “Kursiv” Rossiyaning “Inter RAO” kompaniyasi 2024-yilning birinchi yarmida Qozog‘istonga 1,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi eksport qilganini yozgan edi. Xuddi shu kompaniya O‘zbekistonga ham elektr energiyasi yetkazib berish niyatida.

2018-yilda O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqqandi, biroq yakuniy qaror qabul qilinmagan. 2022-yilda hukumat yozda Rog‘un GESidan elektr energiyasi sotib olish niyatini ham bildirgandi.

Rog‘un GES haqida

Rog‘un GES to‘g‘onining qurilishi 2016-yil oktabr oyida Vaxsh daryosi bo‘yida joylashgan Rog‘un shahrida boshlangandi. Marosimda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etgan. 335 metr balandlikdagi gidroelektr to‘g‘oni dunyodagi eng baland tosh to‘g‘oni hisoblanadi.

Vaxsh daryosidagi stansiyalar kaskadida joylashgan Rog‘un GES har biri 600 MVt quvvatga ega 6 ta blokdan iborat. Umumiy quvvati 3600 MVt (17 milliard kVt/soatdan yuqori) bo‘lgan Rog‘un GES mintaqadagi eng yirik gidroelektrstansiya hisoblanadi.

Birinchi GES agregati Tojikiston prezidenti tomonidan 2018-yilning noyabr oyida ishga tushirilgan edi. Marosimda bir qator davlatlar, jumladan, O‘zbekistonning yuqori martabali vakillari ishtirok etgan. Birinchi blok ishga tushirilgach, GES mamlakat umumiy energetika tizimiga ulandi.

Ikkinchi blok 2019-yil sentabr oyida ishga tushirilgan. Mamlakat mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda prezident Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston mamlakat rahbariyati o‘zgarishidan oldin Rog‘un GESi qurilishiga qarshi bo‘lib, seysmikligi yuqori bo‘lgan tog‘li hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan va loyihani qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, kichik va o‘rta GESlar qurilishini afzal ko‘rgan.

2016-yildan beri Tojikiston olti turbinaning dastlabki ikkitasini (uchinchi turbina 2025-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda) moliyalashtirish uchun 3 milliard dollar sarfladi. 2023-yilda Tojikiston hukumati Rog‘un GES qurilishi uchun 2,5 milliard somoniy (236 million dollar, YAIMning 2 foizi) mablag‘ ajratgan, Standard & Poor’s Global Ratings reyting agentligi 2035-yilda loyiha yakunlangunga qadar xarajatlar shu darajada qolishini kutmoqda. Rog‘un GESi allaqachon umumiy quvvatning 10−15 foizini tashkil etadigan elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.

Kutilmalarga ko‘ra, 2024−2035-yillarda ushbu elektr energiyasini sotishdan tushadigan daromad 1,1 milliard dollarni tashkil etadi va qolgan turbinalarni qurish va mavjudlarining ishlashini ta’minlashga sarmoya kiritiladi.

Rog‘un GES qurilishini yakunlashning qolgan qiymati 6,4 milliard dollarga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich 2008-yilda tuzilgan dastlabki loyiha hisob-kitoblaridan qariyb 2,2 barobar ko‘p.

Tojikiston hukumati barcha zarur qurilish xarajatlarining taxminan 50 foizini qoplashga moliyalashtirishni jalb qilish uchun xalqaro va ikki tomonlama kreditorlar konsorsiumi bilan faol muzokaralar olib bormoqda. Qolgan mablag‘lar davlat budjeti va GESning qurib bitkazilgan qismini ishlatishdan olingan daromadlar hisobidan yo‘naltiriladi.

“Dastlabki tashqi moliyalashtirish paketiga 1,73 milliard dollar yarim imtiyozli kreditlar, 850 million dollar grantlar va 390 million dollar imtiyozli kreditlar kiradi”, — deyiladi agentlik xabarida. Bu mablag‘lar Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan 2024−2025-yillarda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangandan so‘ng qo‘lga kiritiladi.

Qurilish ishlari yakunlangach, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 60 foizga yaqini Markaziy Osiyoga eksport qilinishi kutilmoqda.