Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish va samaradorlikni oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, 7 oyda sanoat hajmi 7,1 foizga o‘sib, 435 trln so‘mga yetdi. Elektr texnikasi, to‘qimachilik (12,3 foiz), charm (12 foiz) va avtomobil sanoatida (yengil avtomobillar 5,5 foiz) yuqori o‘sish bo‘ldi.

Joylarda 1,3 mingta yangi quvvatlar ishga tushirilib, qo‘shimcha 40 trln so‘mlik ishlab chiqarish manbasi yaratildi.

Lekin hamma hudud va tarmoqda ham ishlar birdek emas. Xususan, 4 ta tumanda sanoat hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan kamaygan, 14 tasida esa o‘sish 2 foizga ham yetmaydi, deyiladi xabarda.

жамшид қўчқоров, korxonalar, sanoat, шавкат мирзиёев

Shu bois joylarda sanoat bilan “korxonabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov shu borada boshlangan ishlar va yil yakunigacha mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha axborot berdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar hududlardagi 112 mingta korxona o‘rganilib, ularning muammolari hal etilmoqda. Xususan, aylanma mablag‘, elektr va gaz ta’minoti, soliq masalalari bo‘yicha ko‘maklashilgan. Yil yakunigacha 30 trln so‘mlik qo‘shimcha ishlab chiqarishni ta’minlash imkoniyati bor.

Prezident buning uchun ishchilar sonidan kelib chiqib, korxonalarga mas’ullarni biriktirish, tadbirkorlarni zamonaviy yondashuvlarga o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir viloyatning sanoatga ixtisoslashgan tumanlari bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Yig‘ilishda yirik loyihalarni ishga tushirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

жамшид қўчқоров, korxonalar, sanoat, шавкат мирзиёев

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezidentning 15-avgustdagi “Hududlarda sanoat salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida tuman va viloyatlardagi sanoat korxonalari bilan aniq maqsadli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Shu maqsadda tuman va shaharlarda hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korxonalari rahbarlaridan iborat hududiy shtablar hamda hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Xurshed Mustafoyev boshchiligida Respublika shtabi tashkil etildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiy masalalar va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, shuningdek, tumanlar va shaharlar hokimlari zimmasiga hududiy shtablar faoliyatini samarali tashkil etish, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, ularning muammolarini zudlik bilan hal etishga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Shundan kelib chiqib, tuman va shaharlardagi sanoat korxonalari bilan ishlashning “respublika — viloyat — tuman” tamoyili bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, hujjatga muvofiq, 1-sentabrdan Qoraqalpog‘iston Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5 shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha jamlanma boshqarmalari tashkil etiladi.

Tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, vazirliklar (109) va hokimliklar (169) shtat birliklarini qisqartirish hisobiga yangi shtat birliklari ajratilmoqda.