Qozog‘iston hukumati mamlakatdan avtomobil yo‘llari orqali benzin, dizel yonilg‘isi va neft mahsulotlarining ayrim turlarini olib chiqish taqiqini uzaytirmoqda. Bu qaror 27-avgust kuni bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumangarin raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.

Qozog‘iston O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiyaga ortiqcha eksportga qarshi kurashish maqsadida 2019-yil noyabr oyida avtomobillar orqali neft mahsulotlari eksportini cheklagandi.

Keyinchalik taqiq bekor qilindi, ammo 2022-yil iyulida olti oyga qayta kiritildi. O‘shandan beri u bir necha bor uzaytirildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yil oxirigacha uchinchi davlatlardan avtomobil transportida olma olib kirishga vaqtinchalik taqiq joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan import bundan mustasno. Qozog‘istondan tashqari YeOIIga Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston va Rossiya kiradi. O‘zbekiston bu ittifoqda kuzatuvchi maqomida.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil olma yalpi hosili 300 ming tonnani tashkil etadi. Meva yetishtirishning bunday hajmiga o‘tgan yillarda bog‘dorchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangani tufayli erishildi. 2024-yilda olma bog‘lari to‘liq hosil beradi va bu hosildorlikni 18 foizga oshirish, ichki bozor ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi.

Avvalroq “APK Novosti” agentligi bog‘bonlar hukumatdan yaxshi hosil fonida avgustdan dekabrgacha olma importini taqiqlashni so‘ragani haqida xabar bergan edi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu chora hosilning asosiy qismini sotishga imkon beradi.

Qozog‘iston Statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yanvardan martgacha bu davlatga 254,6 ming dollarga 639,1 tonna olma eksport qilgan, apreldan iyun oxirigacha esa 2,58 million dollarga 7181,6 tonna olma eksport qilgan.