Toshkent shahrida Temur Malik (M39B, Xalqa avtomobil yo‘lining bir qismi) va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishgan joyda eski yo‘l o‘tkazgich o‘rniga yangisini qurish ishlari yakunlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni uni ko‘zdan kechirdi, deb xabar qildi uning matbuot xizmati.

Toshkent halqa yo‘li poytaxtdagi eng uzun va keng ko‘cha sanaladi. Faqat Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tuvchi qismi “tor bo‘lib, hozirgi talabga — kuniga 45−50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi”. Shu bois mazkur yo‘l kengaytirildi va rekonstruksiya qilindi, deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Yo‘l poytaxt va Toshkent viloyatining bir qancha tumanlarini bog‘laydi. So‘nggi yillarda unga yuk sezilarli darajada oshdi.

“Shularni inobatga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimi qo‘llandi. Yo‘lning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6−8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi”, — deyiladi xabarda.

Bu yerda yo‘lni kengaytirish maqsadida bir qancha xususiy uylar buzildi. Bundan tashqari, unda velosiped yo‘llari paydo bo‘ldi.

Iyul oyi o‘rtalarida Toshkent shahri hokimligi xabarida Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab yo‘l o‘tkazgichning uzunligi 28 metr, kengligi 55 metr bo‘lishi, unda chiqish va kirish yo‘laklari bo‘lgan to‘rt qator, shuningdek, Temur Malik bo‘ylab harakatlanishda qayrilish joylari bo‘lishi aytilgandi.

Bundan tashqari, 3 ta qayrilib olish va 18 ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. “Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘lishi” kutilmoqda.

Ko‘chaning Buyuk ipak yo‘li bilan kesishmasida yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi. Mamlakatda ilk bor qo‘llangan bu usulning afzalligi ko‘p. Xususan, uning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati esa yuz yildan ortiq. O‘tkazgichni ta’mirlash ishlari ham ancha arzon tushadi, deyiladi xabarda.

Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetoforlar o‘rnatildi. 13 ta bekat qurildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Prezident yangi yo‘l va inshootlar Mustaqillik bayramiga tuhfa ekanini ta’kidlab, “xalqning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladigan bunday qurilishlar” davom ettirilishini bildirdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yil boshidan buyon O‘zbekiston bo‘ylab 12 ming 600 kilometr avtomobil yo‘llari, 200 ga yaqin ko‘prik rekonstruksiya qilingan.