29-avgust kuni Termiz shahrida Termiz xalqaro savdo markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi axborot xizmati xabar qildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev va boshqalar ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, Termiz xalqaro savdo markazi “qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish maqsadida” barpo etilgan.

Markaz mintaqada savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.

Ramziy tasma kesilib, markaz rasman ochilganidan so‘ng, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakat diplomatik korpus vakillari Termiz xalqaro savdo markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston bosh vaziri Termiz shahrida Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar hamda Ozarbayjon Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun, prezident 13-may kuni “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, markaz hududida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga Afg‘oniston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.

Bundan tashqari, markaz hududida ulgurji va chakana savdoda to‘lov vositasi sifatida istisno tariqasida o‘zbek so‘mi bilan bir qatorda AQSh dollari, Rossiya rubli, yevro va yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat berildi. Bunda qabul qilingan naqd xorijiy valyuta markazda tashkil etilgan tijorat banklari filiallari orqali markazda faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkazilishi shart.

Hujjat bilan chet el fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan holda maxsus yo‘lak orqali kirishi (chiqishi) hamda 15 kun muddatgacha markaz hududida bo‘lishi tartibi joriy etiladi.

Savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshootlarni olgan, shuningdek, shartnoma asosida ishlash, ta’lim muassasalarida o‘qish, bank filiallarida faoliyat yuritish, savdo-sotiq va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanish maqsadida kelayotgan mamlakatda 15 kundan ortiq qolishni rejalashtirgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirgan holda kirishi talab qilinadi