“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan maxsus axborot portali orqali o‘tkazilgan savdolarda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi (Savdolarda raqobatni cheklashga qarshi talablar) talablari buzilganlik alomatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 2 ta, jami 4,8 mlrd so‘mga yaqin eng yaxshi taklifni tanlash savdolarida mazkur alomatlar aniqlangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “O‘zbekneftgaz” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Qo‘zg‘atilgan ish o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingandan so‘ng qo‘shimcha axborot beriladi, deyiladi xabarda.

Qonunning 29-moddasida savdolar boshlang‘ich narxni pasaytirish yoki oshirish yo‘li bilan tashkil etilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan. quyidagilar taqiqlanadi:

  • savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;
  • savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda ishtirok etish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratish;
  • savdolarga oid hujjatlarga va qoidalarga, shu jumladan, e’lonning matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablarni kiritish;
  • savdolarning o‘tkazilish jarayoniga va natijalariga ta’sir ko‘rsatish;
  • savdolarda talabning o‘zgarishiga, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yolg‘on, asossiz ma’lumotlarni tarqatish;
  • savdolarning operatorlari va (yoki) tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari va (yoki) savdolar ishtirokchilari tomonidan raqobatga qarshi kelishuvlarni hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish;
  • elektron tarzda o‘tkaziladigan savdolarda narxlarning sun’iy ravishda shakllantirilishiga olib keladigan narx algoritmidan, ya’ni tovarlar narxini oldindan belgilangan parametrlarga asosan monitoring qilish, hisob-kitob qilish, belgilash va nazorat qilish imkoniyatini beruvchi dasturiy ta’minotdan foydalanish;
  • savdolarda savdo shartlarini bir necha marta bajarmaslik natijasida tovarning narxlarini raqobat mavjud bo‘lganda shakllangan narxlardan (talab, taklif yoki ishlar hajmidan) ancha oshirish;
  • buyurtmachining yoki sotuvchining savdolar natijalariga ko‘ra shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bo‘yin tovlashi.