Parij Paralipiadasining 2-kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Asila Mirzayorova para yengil atletika bo‘yicha uzunlikka sakrash bahsida musobaqa rekordini o‘rnatdi. Bu haqda sport vazirligi xabar bermoqda.

Paraatlet dastlabki urinishidayoq 5,22 metrga sakradi. Shu vaqtgacha Paralimpiya rekordi 5,07 metr bo‘lib, uni 1996-yilgi Atlanta Paralimpiya o‘yinlarida ispaniyalik Purifason Ortis o‘rnatgandi.

O‘zbekistonlik paraatlet ikkinchi urinishida 5,12 metr va uchinchi urinishda 5,19 metr natijani qayd etdi. Sportchilarning ishtiroki davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, Asila Mirzayorova 1999-yil 3-iyulda tug‘ilgan. 2017-yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Musobaqalarda T11 klassida ishtirok etadi. Ikki karra Jahon chempioni, Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida oltin hamda Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2023-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida uzunlikka sakrash bo‘yicha Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritgan. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni sohibi.