Farg‘onadagi xonadonlarga issiqlik ta’minoti bo‘yicha 4 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik asossiz hisoblangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning hududiy boshqarmasi Farg‘ona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi bilan maishiy iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hamda ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha o‘rganish olib borgan.

O‘rganishlarda isitish mavsumi davomida ko‘p qavatli uylarga issiqlik ta’minotini yetkazib beruvchi markaziy tarmoqlarning isitish qozonxonalarida avariya holatlari (ta’minot uzilishi) sodir bo‘lgan vaqtlarda hamda tabiiy gaz bosimi pastligi va boshqa asosli sabablarda aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik ta’minoti yetkazib berilmagani ma’lum bo‘lgan.

Ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnomalarning tegishli bandlariga asosan qayta hisob-kitoblar amalga oshirilganda 6146 nafar iste’molchining xonadonlariga 4 mlrd 173 mln so‘mdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar hisoblangan.

Shu tariqa ta’minotchi korxona tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorliklar bekor qilingan.

Ma’lumot uchun, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.