Germaniya Afg‘onistondan kelgan jinoyatchilarni o‘z mamlakatiga deportatsiya qilishni qaytadan boshladi, deb xabar bermoqda Reuters. Germaniya hukumati 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri inson huquqlari ahvoli yomonlashgani sababli afg‘onistonliklarni vataniga deportatsiya qilishni to‘xtatgandi.

Spiegel’ning aniqlik kiritishicha, 28 nafar mahkum afg‘onistonlik 30-avgust kuni ertalab Qatar Airways charter reysida Leypsigdan Kobulga uchgan. Ularning barchasi Germaniya qamoqxonalarida turli jinoyatlar: talonchilikdan tortib badanga og‘ir shikast yetkazish va zo‘rlashgacha bo‘lgan ayblovlar bilan jazo o‘tagan.

“Biz bu haqda ko‘p gapirmay, [deportatsiyaga] puxta tayyorgarlik ko‘rdik”, — dedi Germaniya kansleri Olaf Shols matbuot anjumanida.

Bayonotda hukumat “asosiy mintaqaviy hamkorlarga” qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi va yangi deportatsiyalar ustida ishlayotganini aytdi. Rasmiylar aynan kim hamkor ekanini aytmadi, deya aniqlik kiritadi Reuters.

Avvalroq Bloomberg agentligi manbalarga tayanib Germaniya O‘zbekiston bilan afg‘onistonlik qochqinlarni deportatsiya qilishni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan migratsiya paktini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida yozgan edi. Bunday kelishuv Berlinga “Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlardan qochish imkonini beradi, chunki Germaniya hukumati toliblar hukumatini tan olmaydi.

Agentlik O‘zbekiston hukumati bu g‘oyani ko‘rib chiqayotganini, biroq migratsiya paktiga O‘zbekistondan Germaniyaga ishchilarning qonuniy migratsiyasiga ruxsat beruvchi kelishuv ham kiritilishini istashini ta’kidlagandi.

Spiegel, shuningdek, Berlin afg‘onistonliklarni deportatsiya qilishni boshlash uchun O‘zbekiston va Afg‘onistonga qo‘shni boshqa davlatlar bilan ham yashirin muzokaralar olib borayotganini yozmoqda.

  • Germaniya kansleri Olaf Shols iyun oyi boshida afg‘onistonlik qochqinning nemis politsiyachiga hujumidan so‘ng immigratsiya siyosatini, jumladan, afg‘onistonlik va suriyalik boshpana izlovchilarga nisbatan qat’iylashtirishga va’da bergan edi. Hodisa 31-may kuni islom dinini tanqid qiluvchi Pax Europa tashkiloti a’zolarining mitingi chog‘ida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot organi xodimi pichoqdan bir necha marta boshidan jarohat olgan va shifoxonada vafot etgandi.