Dzyudo bo‘yicha Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova YouTube`dagi Parda podcast loyihasiga intervyu berib, sportga kirib kelishi, buvisining yordami, jamiyatdagi stereotiplar, turmush o‘rtog‘i, kelinlik xonadonida unga qanday munosabat qilinishi va boshqa mavzularda fikr bildirdi. “Gazeta.uz” intervyuning ayrim qismlarini matn ko‘rinishida havola etadi.


“Buvim har doim meni himoya qilgan”

8−9-sinf, voyaga yetayotgan paytimiz bo‘lgandi. Qarindoshlardan bir-ikkitasi kelib, bo‘ldi, bularni yig‘ishtiringlar, uyda o‘tirsin, undan ko‘ra pishirishga, kiyim tikishga qo‘yinglar degan. Sportda nima qiladi?.. Kiyinish uslubimiz ham yoqmagan. Chunki sport formasida yurasiz har doim. Ko‘ylakda yurmasligingiz — biz qishloqroq joyda yashaymiz — boshqacha qaralgan. Lekin buvim har doim tushuntirgan: men ishonaman nevaralarimga, mana shu sportning orqasidan ketadi oxirigacha. Bilaman, bularning qo‘lidan keladi, chempion bo‘ladi deb. Buvim har doim meni himoya qilgan. Meni ham, qolgan qiz nevaralarini ham — hammamizni.

“Ayollar sportni endi boshladi”

O‘zimga keladigan bo‘lsak, keyin ham professional shug‘ullangan bo‘lsam, o‘zimga aytishmagan, lekin jamoadagi boshqa qizlardan eshitganman, sizlarga nima keragi bor, baribir yutqazib yuribsizlar-ku! Ko‘p yutqazganmiz, tan olaman, o‘zim ham ko‘p yutqazganman. Hozir ham jamoamizda bor ko‘p yutqazish. Chunki ayollar sportni endi boshladi. Mana shu narsani ko‘pchilik hisobga olmayapti. O‘zimga ham ko‘p yozishgan: qizlarning sportini to‘xtatinglar, nima keragi bor bularga shu pul ishlatib? Davlat shuncha pul ishlatyapti-da, sizlar havoga uchirganday bo‘lyapsizlar. Lekin odamlar qizlar sportni endi boshlaganini esdan chiqarib qo‘ygan. O‘zbekiston chempionatida oldin bitta vazn toifasida 5−6 ta odam bo‘lgan. O‘tgan yilga kelib, 30 tadan ozgina oshdi. Bu juda ham kam. Lekin bilyapman, o‘zim ham ko‘rib turibman, ichimizda talantli qizlar bor. Xudo bergan talantli qizlar sekin-sekin chiqib kelyapti. Bu — oddiy holat. Chunki odamlarga boshqacha ko‘rinadi yangilanish, yangilik. Yangilikni hamma ham qabul qilolmaydi. Lekin bularga oddiy qarash kerak. Odam o‘z ishini sevib, oxirigacha bajaraversa, baribir natijaga erishiladi.

Oldin ham juda ko‘p kuchli qizlar bo‘lgan. Ba’zi qizlar bo‘ladi, masalan, kimdir jismoniy shug‘ullanib kuch olsa, ularda tabiiy [kuch bor]. Chunki qishloqda ketmon chopib, kuch olgan qizlar [bor]. Chunki bizning qonimizda bor kurashish (kuladi).

“Qachon endi to‘y?”

O‘zbekistonda qiz boladan 20 yoshdan keyin… o‘zimdan ham so‘rashgan kelib: “Qachon endi to‘y?” deb. 24 yoshda turmushga chiqqanman.

Diyora 2022-yilda dzyudochi Azamat Matyoqubov bilan turmush qurgan.Foto: Diyora Keldiyorovaning Instagram sahifasidanDiyora 2022-yilda dzyudochi Azamat Matyoqubov bilan turmush qurgan.
Foto: Diyora Keldiyorovaning Instagram sahifasidan

Buni ham erta deb hisoblayman o‘zim. Lekin shungacha ham kim ko‘rsa ham “Qachon endi to‘y?” degan. Eng yomon ko‘rgan savollarimdan bittasi shu. Odamlarga qanaqa, bilmadim, lekin bu narsa men uchun chegaradek. Men hal qilishim kerak bu savolga javobni. Hamma qiz ham o‘tolmaydi bu savoldan. To‘g‘ri, [turmushga chiqishim] kerak ekan. Albatta, oila qilaverish kerak, bunga qarshiligim yo‘q, o‘zim ham oilaliman. Lekin baribir qiz bola o‘z oyog‘ida turgani [yaxshi]. Bu o‘zi uchun! Turmush o‘rtog‘idan ustun bo‘lish uchun yoki oilani men boqaman, oilaning ustuni bo‘laman, deyish uchun emas. O‘zi uchun xohlagan narsani ola olishi uchun, masalan… Hayotda har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Hech kim bilmaydi: ertaga qanaqadir vaziyat tushishi mumkin qiz bolaning boshiga, hayot deydi buni. To‘g‘ri, eri boqib bera oladi, bu narsaga qarshilik yo‘q.

“Eng baxtli odamlarning biri bo‘lsam kerak”

…Turmush o‘rtog‘im kabi tushunadigan erkaklar bor O‘zbekistonda. Erkak kishiga ham qiyin vaziyat bo‘lgan. Bu menga qanday qiyin bo‘lsa, ularga bundan ham ko‘proq qiyin. Chunki “Ayoliga ruxsat berib qo‘yibdi”, “Ayoli yuribdi mana” degan narsalar judayam ko‘p. O‘zim ham eshitganman ularga aytilgan gaplarni. Biz-ku, ayol kishimiz, yig‘lab, bir narsa qilib o‘tib keta olamiz. Lekin erkak kishiga [qiyin]. Xudoga shukur deyman shunaqa turmush o‘rtoq tanlaganimga.

parda podcast, диёра келдиёроva

Menimcha, eng baxtli odamlarning biri bo‘lsam kerak. Chunki o‘zimning oilamda ham meni tushunishgan, ota-onam hech qachon majburlamagan sportingni yig‘ishtirasan, erga tegasan deb. Turmush o‘rtog‘imning oilasi ham… ular bilan gaplashganmiz: Olimpiadaga 1,5 yil qoldi, hozir endi pikka ko‘tarilayotgan paytim. Tushunib tursangiz, yana 1,5 yil davom ettirmoqchiman deb, oyijon (qaynonasi — tahr.) bilan gaplashganmiz. Oyijon “mayli” degan. “Shu narsa sening ishing, noning bo‘lsa, nima uchun men qarshilik qilaman?” degan. Chunki o‘g‘illari ham shu sportdan o‘tgan-da. “Bilaman, bolam ham qancha narsani sarflagan. Alloh hammaga ham beravermaydi bu narsani” degan.

Dadajonim (qaynotasi — tahr.) ham duo qilsa, Olimpiada chempioni bo‘lgin derdi. Xursand bo‘lib ketardim. Bunday oilaga kelin bo‘lganim uchun Xudoga shukur. O‘zlarining kelini emas, qizlaridek ko‘radi oyijon. Masalan, uyga borganimda ham mashg‘ulotlarga bemalol borib kelaman Xorazmda. Chunki bitta trenirovkani yo‘qotsangiz, bu bir oyga teng. Bizda shunaqa hisoblanadi. Shuning uchun har kuni uyda bo‘lgan paytimda ham ikki mahaldan trenirovkaga borib kelish, yana siz qaynonangizning uyida bo‘lsangiz, kelinsiz, bu oyijonga ham, dadajonga ham qiyin bo‘lgan. O‘zbeklarda, bilasiz, 2 oydan keyin yangilik aytishingiz kerak. Ular uchun ham juda qiyin payt bo‘ldi deb o‘ylayman. Shuning uchun ular ham xursand bo‘lishi kerak hozir, o‘zi bilan faxrlanib, shu narsadan o‘tdik deb. Chunki qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ — hamma kelib, so‘raydi yangilik bormi deb.

“Yangilik bormi?”

Endi bu — o‘zbekchilik, o‘rganib qolgan odamlar. Lekin bu narsa, boya aytganimdek, odamning shaxsiy chegarasi. Men shunday hisoblayman. Bu — er-xotin yoki o‘zim hal qiladigan masala. Kelib, odamlarning so‘rab ketishi umuman yoqmaydi. O‘zimda shunday narsa borki, doim birovning shaxsiy chegarasini hurmat qilaman. Yangi turmush qurgan oila bo‘lsa, sizlarda nima bo‘lyapti, yangilik bormi, deb qanaqadir savol berish… Bo‘lishi mumkin, lekin xohlashmayotgandir yoki bu narsa Allohdan. Ba’zida shunaqa narsalar xafa qiladi. Lekin o‘rgandik, o‘tdik bunaqa narsalardan.

parda podcast, диёра келдиёроva

To‘g‘ri, farzandli bo‘lishingiz kerak, men ham xohlayman buni. Lekin siz farzand [ko‘rish]ga nafaqat moddiy tarafdan, balki ruhan ham tayyor bo‘lishingiz kerak deb o‘ylayman. Chunki hozirgi farzandlar, hamma ko‘rib turibdi, oddiy farzandlar emas. Siz o‘tir deb o‘tqazib qo‘yadigan yoki mana buni qilasan deydigan. Yangi avlod umuman o‘zgarib ketyapti.

“Ayol sportchi bo‘lish qiyin”

Ayol sportchi bo‘lish qiyin. Buni erkaklar bilan solishtirishni xohlamayman. Chunki erkak sportchi bo‘lish ham qiyin. Bizda erkaklarga ma’lum bir vazifalar yuklatilgan: oila boqishi kerak, “sen zo‘r bo‘lishing kerak”. O‘zbekistonda sportda erkaklar orasida raqobat juda kuchli, buni tan olish kerak. Lekin ayol kishiga erkak kishiga nisbatan 2, 3 marta qiyinroq. Chunki birinchisi — oiladan qarshiliklar, ikkinchisi — atrofdan, jamiyatdan. Uchinchisi — o‘ziga bo‘lgan ishonsizlik. Oiladan deganim sababi, ko‘p qizlardan eshitganman o‘zimning atrofimdagi, menda bo‘lmagan, Xudoga shukur, ota-onasi aytadi: “Senga shuncha sarfladim, sen hech nima qilolmading, yutqazding faqat. Bo‘ldi, mana shuni yutqazsang, erga berib yuboraman”. O‘zim qulog‘im bilan eshitganman bularni. Dadasi telefonda [xabar] jo‘natgan: “Bo‘ldi, uyga kelsang, [erga] berib yuboraman”. Bo‘lmasa, hali yosh qiz: 19 yoshmidi u payti, 20 mi. Jamiyatda ham “Sizlarga nima bor bu yerda? Nima ish qilyapsizlar o‘zi? Baribir yutqazib kelyapsan-ku! Davlatning pulini yeb. Undan ko‘ra uyingga bor, erga tegib, farzandli bo‘l, uyda o‘tir” degan gap bor. Bunda ayol kishiga sabr, matonat, kuch, o‘ziga bo‘lgan ishonch [kerak].

Bilasiz, qiz bolani oilada birdan yaxshi kelin bo‘lishga tarbiyalaymiz. Buni qiz bola uchun stress desa ham bo‘ladi, mas’uliyat ham juda ko‘p. Siz yaxshi qiz bo‘lishingiz kerak odamlarga. Ota-onangiz sizni ko‘rganda: “Yaxshi qiz bo‘lgin. Qara, mana buning qizi ko‘cha supuryapti. Sen kimono (sport kiyimi — tahr.)ngni kiyib, kurashib yuribsan, nima qilyapsan? Mana bu [qiz]ning uyiga sovchi kelibdi, sening orqangdan hech kim so‘rab ham kelmadi”, — deydi.

Bizning jamiyatimizda ko‘pchilik “Odamlar nima deydi?” degan gap-so‘z bilan yashaydi. O‘zingizga ham olib qo‘yasiz ba’zida. O‘zimda ham boshqa masalada bo‘lgan bu. Men haqimda mana shuncha gap gapiryapti ekan, deb. Bu narsadan kuchli bo‘lib o‘tib ketganingizdan keyin e’tibor bermay qo‘yasiz.