O‘zbekistonda 2025-yil yakunigacha 1−11-sinflarni o‘z ichiga oladigan yagona ta’lim tizimi uchun o‘quv dasturlari va davlat ta’lim standarti (DTS) jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu haqda 28-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida vazirlikning O‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Norboyeva ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Mas’ulning tushuntirishicha, davlat ta’lim standartlari 2017-yilda Vazirlar Mahkamasining 187-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Undan keyin ta’lim to‘g‘risidagi qonun qabul qilingach, ta’lim standartlarini tasdiqlash vakolati vazirlikka berilgan. Hukumatning yana bir tegishli hujjatiga ko‘ra, mana shu 187-sonli qaror bilan tasdiqlangan DTS bekor qilingan hamda 2021-yilda vazirlikning DTSni tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingan.

Bugungi kundagi barcha ta’lim mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar, o‘quv dasturlari aynan mana shu amaldagi DTSdan chiqib ketmagan va uni to‘liq qoplagan holda ta’lim jarayoni tashkil etilgan.

“Lekin bugungi kunda vazirlik tomonidan RTM bilan birgalikda DTS va o‘quv dasturlarini takomillashtirish uchun mamlakatimizdagi eng yetakchi amaliyotchi o‘qituvchilar, olimlardan iborat bo‘lgan ishchi guruh shakllantirilmoqda. Bu jarayonga xalqaro tashkilotlar, konsalting xizmatlarni ko‘rsatish uchun xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan, ya’ni ta’lim dasturlarini takomillashtirish uchun. sentabr oyidan boshlab jarayonda ishchi guruh o‘z ishini boshlaydi. Kelgusi yil yakuniga qadar jarayon yakunlanadi”, — dedi Dilshoda Norboyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik tomonidan dts.uz platformasi ishlab chiqilyapti. Unga yagona maktab ta’lim tizimi uchun 1−11-sinflarni o‘z ichiga oladigan o‘quv dasturlari, undan avval esa DTS jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

“Kelishish va tasdiqlangan variant ham keng jamoatchilik uchun ochiq holatda bo‘ladi. Bugungi kunda platformaning yakuniy ishlari olib borilyapti”, — deya ta’kidladi vazirlik vakili.