Isroil armiyasi va Falastindagi HAMAS guruhi bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash uchun G‘azo sektoridagi uchta alohida uchastkada janglarni uch kunga to‘xtatishga kelishib oldi, deb xabar berdi Reuters Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakiliga tayanib.

Emlash kampaniyasi 1-sentabrdan boshlanadi. Birinchi bosqichda 640 ming bolani qamrab olish rejalashtirilgan. Gumanitar tanaffus soat 6:00 dan 15:00 gacha davom etadi.

Janglardagi tanaffuslar G‘azo markaziy hududida boshlanadi. Shundan so‘ng, emlash anklavning janubi va shimolida davom etadi. JSST ta’kidlashicha, zarur hollarda tomonlar har bir tumandagi tanaffuslarni to‘rt kungacha uzaytirishga kelishib olgan.

Vaksinatsiyaning ikkinchi bosqichi birinchisidan to‘rt hafta o‘tgach amalga oshiriladi.

“Polyomiyelitning tarqalishini to‘xtatish va xalqaro miqyosda tarqalishining oldini olish uchun kampaniyaning har bir bosqichida kamida 90 foiz qamrovni ta’minlash kerak”, — dedi JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Mayk Rayan 29-avgust kuni BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azodagi gumanitar vaziyat bo‘yicha yig‘ilishida.

  • 23-avgust kuni JSST G‘azoda so‘nggi 25 yil ichida birinchi poliomiyelit holati qayd etilganini tasdiqladi. Infeksiya o‘n oylik qizchada aniqlangan va iyun oyida G‘azo oqava suvlarida aniqlangan poliovirusning 2-turi bilan bog‘liq. Shundan so‘ng BMT virus tarqalishining oldini olish uchun keng ko‘lamli emlash kampaniyasiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.