O‘zbekiston Rossiyadan gazni “texnik jihatdan mumkin qadar maksimal darajada” olmoqda. Bu haqda 29-avgust kuni “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller ma’lum qildi.

Rossiya energetika kompaniyasi energiya iste’moli ortib borayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. “Bu respublikalar iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan juda jadal rivojlanmoqda”, — dedi u.

“Bu esa biz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Birgina yanvar-avgust oylarida, ya’ni sakkiz oyda bu hududga gaz yetkazib berishni ikki barobar oshirdik. Masalan, hozir O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha biz qanoatlantirayotgan talablar „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvuri orqali texnik jihatdan mumkin qadar maksimal darajada o‘tmoqda. Qishdagi darajada. O‘tgan qishda, O‘zbekistonda anomal kuchli sovuq bo‘lganida, biz u yerni gaz bilan ta’minlagan darajada”, — dedi Aleksey Miller.

O‘zbekiston 7-oktabrdan kuz-qish mavsumida gaz taqchilligining bir qismini qoplash uchun Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qilishni boshlagandi. Gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma ikki yilga tuzilgan bo‘lib, sotib olish hajmi kuniga 9 mln kub metrni, yiliga qariyb 2,8 mlrd kubmetrni tashkil qilishi kerak.

Dekabr oyi oxirida Aleksey Miller “Gazprom"ning O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi “imzolangan shartnoma bo‘yicha kunlik majburiyatlar"dan ikki baravar ko‘paygani haqida xabar bergan edi. O‘shanda u, shuningdek, dekabr oyida “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali “texnik imkoniyat jihatidan maksimal hajm” yetkazib berilayotganini aytgandi.

O‘sha yilning noyabr oyida Aleksey Miller Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2024-yil o‘rtalariga qadar 15 yilga gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik sohasidagi o‘z majburiyatlarini belgilashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

RFdan gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga 500 million dollar sarmoya kiritish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Loyiha mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, mavsumiy notekis iste’molni qoplash uchun qo‘shimcha gaz hajmlari va ushbu yoqilg‘ini yetkazib beruvchi kafolatlangan manbalar diversifikatsiyasida muhim ahamiyatga ega, deb atalmoqda.

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga gaz importi 983,7 million dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning yetti oyiga nisbatan qariyb 5 baravar ko‘p, deb xabar qildi Prezident huzuridagi Statistika agentligi. Bu vaqt ichida gaz eksporti 323 million dollardan oshdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan biroz kamroq.