Gruziya Konstitutsiyaviy sudi “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonunga qarshi da’volarni ko‘rib chiqishni boshladi, deb xabar bermoqda News Georgia portali.

Da’volar Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili, yuzdan ortiq nodavlat tashkilotlar, Gruziya parlamentining 38 nafar muxolifat deputati va jurnalistik surishtiruvga ixtisoslashgan ikki media tashkiloti tomonidan berilgan. Ularning murojaatlari bir protsessga birlashtirildi.

Barcha da’vogarlarning fikricha, qonun Gruziya Konstitutsiyasining turli qoidalariga zid keladi, fuqarolik tashkilotlari va OAVning “stigmatizatsiyasiga olib keladi”, ularning ishiga aralashadi va ularning tugatilishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, da’vogarlar yakuniy qaror qabul qilinmaguncha qonunning amal qilishini to‘xtatib turishni so‘ramoqda, deya aniqlik kiritadi nashr.

“Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida"gi qonun ommaviy namoyishlarga qaramay, may oyida Gruziya parlamenti tomonidan qabul qilingan edi. Hukmron partiya ikkinchi urinishda hujjatni tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Hujjat 20 foizdan ko‘proq mablag‘ni xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlari va OAVni “xorijiy davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi.

Gruziya Adliya vazirligi xorij grantlari mavjud NNTlar va OAVning xorijiy davlat manfaatlarini ifodalovchi tashkilotlar reyestrida ro‘yxatdan o‘tish tartibini allaqachon boshlab yuborgan. Ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza topshirish bosqichi avgust oyining oxirigacha davom etadi, undan o‘ta olmaganlar 25 ming lari (9 ming dollardan ortiq) miqdorida jarimaga tortiladi, deb yozadi News Georgia.

  • Muxolifat vakillari va mahalliy OAV Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshashligi uchun hujjatni “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun” deb ataydi. Ularning ta’kidlashicha, qonun loyihasi Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning YeIga qo‘shilish imkoniyatlarini izdan chiqarishga urinishdir. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘ygan, biroq parlament ko‘pchilik ovoz bilan uni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
  • Qonun AQSh va Yevropa Ittifoqining ham salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi. Iyun oyida AQSh qonunning qabul qilinishi munosabati bilan o‘nlab Gruziya fuqarolari, jumladan, Gruziya parlamenti a’zolari va xavfsizlik xodimlariga nisbatan viza cheklovlari joriy qilgan edi. Iyul oyida ma’lum bo‘lishicha, YeI Gruziyaning ittifoqqa nomzod maqomiga ega bo‘lish jarayonini to‘xtatgan.