Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi iyul oyida Uzbekistanʼs Green Cities Rating — O‘zbekiston shaharlarining birinchi ekologik barqarorlik reytingini taqdim etgan edi.

Unda mamlakatning 14 ta ma’muriy markazi yettita ustuvor ko‘rsatkichlar guruhi — havo sifati, suv iste’moli, yerdan foydalanish, transport, energiya, chiqindilar va sanitariya bo‘yicha 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarga rioya qilish, aholi tomonidan resurslar iste’moli va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida shahar boshqaruvi hisobga olinadi.

Namangan 10 ta ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etdi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand va Navoiy. Nurafshon, Guliston va Toshkent eng ifloslangan shaharlar deb topildi.

aziz abduhakimov, ekologiya, ekologiya vazirligi, iqlim o‘zgarishi milliy markazi, suna park, toshkent, yashil shaharlar reytingi

O‘zbekistonning “yashil” shaharlari reytingi

“Yashil” shaharlar reytingi nima uchun kerak?

O‘zbekistonda yirik shaharlar jadal iqtisodiy va demografik o‘sishni boshdan kechirmoqda. Bu havo va suv sifatining yomonlashishi, biologik xilma-xillikning yo‘qotilishi va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikning pasayishi kabi ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Ushbu tahdidlarning inson salomatligi va atrof-muhit uchun qay darajada jiddiy ekanligini anglagan holda, shaharlarning ekologik barqarorligini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida milliy va mahalliy boshqaruvni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash chora-tadbirlarini shahar darajasiga o‘tkazish iqlim va ekologik siyosatning samaradorligini oshirish va mahalliy sharoitlarga moslashtirish uchun zarur.

aziz abduhakimov, ekologiya, ekologiya vazirligi, iqlim o‘zgarishi milliy markazi, suna park, toshkent, yashil shaharlar reytingi

Foto: Ekologiya vazirligi.

Shu maqsadda Iqlim o‘zgarishi milliy markazi shaharlarning ekologik barqarorligi reytingini tuzdi — bu shaharlarni ekologik holati asosida tizimlashtirish va taqqoslash yo‘lidagi birinchi qadamdir. Milliy markaz ekologlarining fikricha, ushbu ma’lumotlar tahlili asosida mahalliy hokimiyat organlari eng yaxshi amaliyotlar bo‘yicha tajriba almashish va shaharlarning barqaror rivojlanishiga ustuvor ahamiyat berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Biz shaharlarimiz atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yanada yuqoriroq ekologik standartlarga erishishga bir-birini ilhomlantirib, ekologik tozalik yo‘nalishida raqobatlashishini ta’minlash istagidamiz, — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — Ekologik reytinglarning ahamiyati shundan iboratki, ekologik ko‘rsatkichlar shahar rivojlanishini baholashda tayanch samaradorlik ko‘rsatkichlari va asosiy mezonga aylanishi kerak. Bu kabi tashabbuslar orqali biz fuqarolarimizning sog‘lom kelajagini ta’minlash, O‘zbekistonning tabiiy boyliklarini asrab-avaylash imkoniyatiga ega bo‘lamiz”.

aziz abduhakimov, ekologiya, ekologiya vazirligi, iqlim o‘zgarishi milliy markazi, suna park, toshkent, yashil shaharlar reytingi

Suna Park. Foto: Ekologiya vazirligi

Ekologiya vaziri maslahatchisi va Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Suna Park aholi va hokimliklar aksariyat hollarda shahardagi ekologik vaziyat haqida aniq ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi. Shaharlarning barqarorligi reytingi zarur, chunki global masalalar va investitsiya masalalari iqlim va ekologiya bilan chambarchas bog‘liq. Mahalliy hokimiyat organlari shaharlarni rivojlantirishda ushbu omilni hisobga olishlari lozim.

“Hozirda shaharlar qanday rivojlanayotgani va mahalliy davlat hokimiyati organlari qanday ishlayotgani haqida o‘ylab ko‘rsangiz, aksariyat shahar hokimlari investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlari yaratish, ta’lim darajasini oshirish kabi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadi. Bularning barchasi, albatta, muhim, biroq bugungi kungacha shahar boshqaruvi siyosatiga birorta ham ekologik ko‘rsatkich kiritilmagan. Shuning uchun biz ushbu yo‘nalishni ilgari surish uchun hozirgi vaziyat aslida qanday ekanligini ko‘rsatish va shaharlarning ekologik samaradorligini baholash zarur, degan qarorga keldik”, — deydi Suna Park.

Shaharlar va tumanlarning ekologik pasportlari

Amalga oshirilgan ishlarning yana bir natijasi 14 ta viloyat markazlarining ekologik pasportlari yaratilgani bo‘ldi. Ushbu pasportlar Economist Intelligence Unit tadqiqot loyihasining Green Cities Index xalqaro metodologiyasiga kiritilgan ko‘rsatkichlar asosida tuzilgan. Bu shaharlarga ekologik barqarorlikni yaxshilash bo‘yicha o‘z tajribalarini almashish hamda mintaqaviy va global miqyosda qiyosiy tahlillar o‘tkazishda yordam beradi.

O‘zbekiston uchun birinchi bosqichda 10 ta ko‘rsatkichlar guruhi tanlab olindi: havo sifati, yerdan foydalanish, suv iste’moli, transport, energetika, chiqindilar va sanitariya, CO2 emissiyasi, bioxilma-xillik, binolarni ekologik baholash va ekologik siyosat. Har bir guruh bir nechta baholash ko‘rsatkichlaridan iborat. Shunday qilib, shaharlar 30 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi. Vaqt o‘tishi bilan ko‘rsatkichlar guruhlari soni ortishi mumkin.

aziz abduhakimov, ekologiya, ekologiya vazirligi, iqlim o‘zgarishi milliy markazi, suna park, toshkent, yashil shaharlar reytingi

Green City ko‘rsatkichlari tarkibiy tuzilishi.

“Biz butun respublika ma’muriy markazlarining ekologik tozalik ko‘rsatkichlarini o‘rganish, o‘zaro taqqoslash va reytingini tuzish maqsadida ularning har biri bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni to‘pladik, — deydi Suna Park. — Faoliyatimiz davomida duch kelgan asosiy muammolarimizdan biri — ma’lumotlarning yetishmasligi. Ayrim ko‘rsatkichlar guruhi bo‘yicha ma’lumotlar yetarli emas, boshqalari uchun esa umuman mavjud emasdi. Shunga qaramay, 14 ta ekologik pasportni shakllantirishga muvaffaq bo‘ldik va endilikda ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha shaharlarning hozirgi holati to‘g‘risida asosiy tushunchaga egamiz”.

Shaharlarni baholashda foydalanilgan ko‘rsatkichlarning deyarli yarmi miqdoriy ko‘rsatkichlar. Ular chiqindilarni qayta ishlash darajasi hamda havo, suv va tuproqdagi ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi kabi rasmiy ma’lumotlarga asoslanadi. Shaharlarning ekologik siyosati sifat ko‘rsatkichlariga taalluqli. Shaharlar umumiy reyting va har bir toifadagi alohida reytinglar asosida baholanadi.

aziz abduhakimov, ekologiya, ekologiya vazirligi, iqlim o‘zgarishi milliy markazi, suna park, toshkent, yashil shaharlar reytingi

Reyting tuzilishi ko‘rsatkichlar guruhidan birining misolida

Suna Parkning so‘zlariga ko‘ra, эндиликда bosqichma-bosqich O‘zbekistonning har bir tumani uchun ekologik pasport va master-planlar yaratish rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning ekologiya sohasini transformatsiya qilish to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan. Pasportlar har yili qayta ko‘rib chiqiladi va yangilanadi. Ekologik master-planlarda ko‘rsatilgan tavsiyalarni amalga oshirish asosida samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari tuziladi. Natijalar shahar yoki tumanning ekologik barqarorlik reytingidagi o‘rnida bevosita aks etadi.

O‘zbekistonning eng “yashil” shaharlari

Reytingga ko‘ra, Namangan 62,29 ball to‘plagan holda birinchi o‘rinni egalladi. Shahar ekologik tozalik nuqtai nazaridan eng “muvozanatlashgan” deb topildi. Reytingda 61,13 ball bilan ikkinchi o‘rinni aholi jon boshiga yashil ekinlar soni bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga kiritgan Samarqand egalladi. Uchinchi o‘rin aholi jon boshiga elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha respublikada eng past ko‘rsatkichni qayd etgan Navoiy shahriga nasib etdi (59,50). Top beshtalikdan Qarshi (57,25 ball) va Jizzax (56,03 ball) shaharlari ham joy oldi.

Toshkent (46,44), Guliston (43,15) va Nurafshon (39,15) so‘nggi o‘rinlarni egallab, O‘zbekistonning eng “ifloslangan” shaharlari deb topildi.

aziz abduhakimov, ekologiya, ekologiya vazirligi, iqlim o‘zgarishi milliy markazi, suna park, toshkent, yashil shaharlar reytingi

Veb-saytda umumiy reytingdan tashqari har bir yo‘nalish bo‘yicha statistik ma’lumotlar mavjud.

Reyting har yili tasdiqlangan ekologik master-planlarni amalga oshirish va ko‘rsatkichlarni takomillashtirish asosida yangilanib boradi. Barcha ma’lumotlar Iqlim o‘zgarishi milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Green Cities onlayn platformasiga kiritiladi va taqdim etiladi. Veb-saytda istalgan kishi o‘z shahri reytingda qaysi o‘rinda ekanligini bilib olishi, ekologik pasportlar va master-planlar bilan tanishishi mumkin. Bundan tashqari, aholi vakillari va tadqiqotchilar respublika shaharlarida ekologik barqarorlikni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida dolzarb va batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.