O‘zbekiston Madaniy boyliklarni asrash va tiklash xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM)ning 138-a'zo davlati bo‘ldi. Bu haqda tashkilotning “Gazeta.uz"ga kelib tushgan press-relizida aytiladi.

“O‘zbekistonda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bir qancha obyektlar, jumladan, temuriylar davrining ajoyib obidalari bilan mashhur bo‘lgan Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari, Xiva ichki qismidagi Ichan-qal'aning noyob shahar majmualari va tarixiy Samarqand shahri joylashgan. Transmilliy jahon merosi obyektlari bo‘lgan Zarafshon-Qoraqum Ipak yo‘li yo‘lagi va Turon mo‘'tadil cho‘llari O‘zbekistonning qadimiy savdo yo‘llaridagi strategik rolidan dalolat beradi hamda Markaziy Osiyo tabiiy landshaftining xilma-xilligi va mustahkamligini namoyish etadi. O‘zbekistonning an’anaviy bilimlari, hunarmandchiligi va turmush tarzi bilan ifodalangan nomoddiy merosi ham uning bebaho tarixiy hissasini ko‘rsatadi”, — deyiladi markaz xabarida.

“O‘zbekistonning ming yilliklarni qamrab olgan moddiy va nomoddiy boy hamda rang-barang merosi mamlakatning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tarixiy va madaniy ahamiyatidan dalolatdir. IKKROMga qo‘shilish O‘zbekistonga boy bilim va tajribani olib kirish imkonini beradi, bu, shubhasiz, madaniy merosni asrab-avaylashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z zimmamizga yuklangan vazifani bajarish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarimizni boyitadi”, — dedi IKKROM bosh direktori Aruna Francheska Mariya Gujral.

IKKROM — madaniy merosni asrashga bag‘ishlangan hukumatlararo tashkilot. IKKROM faoliyati merosni asrash usullari sifatini oshirishga, shuningdek, madaniy merosni asrab-avaylash muhimligi haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan. IKKROM beshta asosiy yo‘nalishda ishlaydi: o‘qitish, axborot, tadqiqot, hamkorlik va targ‘ibot.