Avgust oyining oxirgi kunlarida va 1−3-sentabr bayram kunlarida O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Havo harorati 30−31-avgustda kunduz kunlari +31…+35 daraja atrofida, janubda +37 darajagacha bo‘ladi. 1-sentabrdan respublika hududi bo‘yicha harorat foni asta-sekin pasayadi va 2−3-sentabrda harorat +28…+31 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat kechalari +13…+15 darajagacha pasayadi.

Nisbatan salqin havoning kirib kelishi ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan qayd etiladi.

Poytaxtda 30−31-avgust va 1−3-sentabr kunlari havo asosan ochiq bo‘ladi. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, 1−2-sentabrda 10−14 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan kechalari +15…+18, 3-sentabrda +13…+15 daraja, kunduz kunlari 30−31-avgust va 1-sentabrda +30…+34 daraja, 2−3-sentabrda +28…+30 daraja bo‘ladi.