Parij Paralipiadasining 2-kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Asila Mirzayorova para yengil atletika bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.

T11 klassida uzunlikka sakrash dasturida ishtirok etgan sportchi 5,24 metr qayd etib, eng yuqori natijani ko‘rsatdi. Ushbu ko‘rsatkich yangi Paralimpiya o‘yinlari rekordi sifatida belgilandi. Bundan avvalgi rekordni ham 5,22 metrga sakrab o‘zi yangilagandi.

Xitoylik Guoxua Chjou 4,91 metr natija bilan kumush, ispaniyalik Alba Garsiya Falagan 4,76 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Bu O‘zbekiston uchun ushbu Paralimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medal hisoblanadi. Ikki kumush va bitta bronza medali bilan jamoa hozircha 6-o‘rinni egallab turibdi.

асила мирзаёроva, paraлимпия o‘yinlari-2024

Ma’lumot uchun, Asila Mirzayorova 1999-yil 3-iyulda tug‘ilgan. 2017-yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Ikki karra Jahon chempioni, Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida oltin hamda Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2023-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida uzunlikka sakrash bo‘yicha Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritgan.

Tokio-2021 Paralimpiya o‘yinlari

2021-yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 4,89 metr natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Uning o‘yini paraatletika bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiyi Sardor Abduxoliqovning harakatlari bilan ham yodda qolgandi.

Murabbiy hissiyot bilan Asila Mirzayorovaga yaqinlashib, qum maydoniga deyarli qadam qo‘ygan va sakrash qoidabuzarliksiz yakunlanganiga ishonch hosil qilish uchun hakamlarga qarab birdan orqaga qaytgan. Talablarga ko‘ra, sportchilarning o‘zlari qumli maydonni tark etishlari kerak.

Anatomicá jurnaliga bergan intervyusida sportchi 15 yoshgacha mutlaq ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lgani haqida gapirgan.

“Men musiqa maktabida fortepiano bo‘yicha o‘qiganman. Boshimdan jarohat olganimdan keyin ko‘rishdan to‘xtadim. Ota-onam meni sportga berdi. Jismoniy xususiyatlarimga ko‘ra, men uzunlikka sakrash kabi sport turiga mos kelmasdim, murabbiy shunday degan. Ammo mening qat’iyatim uning fikrini o‘zgartirishga majbur qildi. Men sabrli bo‘lishni bilaman. Ayni damda asosiy maqsadim — oltin medalni qo‘lga kiritish va O‘zbekiston bayrog‘ini shohsupada ko‘tarish…Men oddiy baxtni — ko‘p farzandli ona bo‘lishni xohlayman. Hayotdagi hech qanday qiyinchilikdan qo‘rqmayman, ularning hammasiga bardosh bera olaman”, — degan u.