Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining 33 yilligi arafasida jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, “davlat tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida” 522 nafar shaxs afv etildi.

Ularning 159 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 303 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 60 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.

Afv etilganlarning 19 nafarini chet el fuqarolar, 56 nafarini ayollar, 25 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 233 nafarini yoshlar (shulardan, 1 nafar voyaga yetmagan shaxs) hamda 27 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi, deyidadi xabarda.

Ta’kidlanishicha, farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.