Toshkent viloyatining Parkent tumanida qadimgi davrga oid qabr qoldiqlari topildi, deya xabar bermoqda Madaniya meros agentligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, u iyun oyida Kumushkon mahallasidagi fermer xo‘jaligiga olib boruvchi yo‘lning qurilishi jarayonida topilgan. Birlamchi o‘rganishlar natijasida ushbu hududdan suyak bo‘laklari hamda kuchli zanglagan temir qilich ham chiqqan.

Qazishmalar davomida yo‘l ustida yer surish ishlari olib borilayotgan vaqtida hosil bo‘lgan o‘ra aslida yerosti dafn xonasi (katakomba) ekani aniqlangan. Mutaxassislar tomonidan bu yerdan dafn buyumlari, temir qilich, bronza uzuk, sopol idish hamda bulla (muhr) topilgan.

Qurilishning umumiy turi va dafn marosimining ko‘pligidan kelib chiqqan holda mutaxassislarning taxminlaricha, ushbu qabr eramizning I ming yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Arxeolog olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday qabrlar o‘sha davrdagi ko‘chmanchi chorvador aholiga taalluqli bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Noyob topilmalarni o‘rganish maqsadida eksponatlar Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti laboratoriyasiga yuborilgan. Hozirgi vaqtda agentlikning moliyaviy ko‘magida hududda institut xodimlari tomonidan arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligidan VII-VIII asrlarga oid ibodatxona o‘rni va devoriy suratlar topilgandi.