Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Temur Malik ko‘chasidagi (Toshkent halqa avtomobil yo‘lining bir qismi) yangi yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rar ekan, THAY bo‘ylab boshqa gavjum chorrahalarda ham xuddi shunday yo‘l o‘tkazgichlar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Hurmatli prezidentimiz ushbu inshootlari bilan tanishuvlari davomida bizga qisqa vaqtda THAYni va shahardagi eng katta tirband chorrahalarni to‘liq o‘rganib chiqib, o‘sha chorrahalarda mana shu kabi metall konstruksiyali yo‘l o‘tkazgichlarni qurish bo‘yicha topshiriq berdi”, — dedi u.

“Albatta, biz — mutaxassislar Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda chorrahalarni qisqa muddatda xatlovdan o‘tkazib, tajribamizni yanada oshirgan va yangi loyihalarni qo‘llagan holda hamshaharlarimizga yangi-yangi inshootlarni qurib, foydalanishga topshiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Jamshid Tursunov.

Yangi yo‘l o‘tkazgich.Yangi yo‘l o‘tkazgich.

“Gazeta.uz” yozganidek, rekonstruksiya jarayonida yo‘l o‘tkazgich ostidagi Temur Malik ko‘chasi to‘rttadan olti tasmaliga kengaytirildi. Shu sababli bir qator uylar buzildi. Bundan tashqari, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan chiqish yo‘llari qo‘shildi va yo‘l o‘tkazgichning o‘zida ham, chiqish chorrahalarida ham burilishlar tashkil etildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatda birinchi marta yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurilgan. Jamshid Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘l o‘tkazgichning an’anaviy beton va monolitga nisbatan afzalligi shundaki, u 2,5−3 baravar yengil, 30 foizga arzon, foydalanish xarajatlari 4−5 baravar kam hamda xizmat muddati 100−120 yilni tashkil etadi.

“Hurmatli prezidentimiz tomonidan Toshkent shahrida tirbandliklarni kamaytirish svetoforlardan, tirband chorrahalardan voz kechgan holda zamonaviy transport yechimlarini qurish bo‘yicha topshiriq olgandik. Mana, bugun hurmatli prezidentimizga birinchi marta metall konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurilishini taqdim etdik”, — dedi u.

“Ilgari 25 mingta avtotransport vositasi bir kunda harakat qilardi, yangi inshootni qurganimizdan so‘ng hozirgi kunda 50 mingdan ortiq trasnort vositasi to‘siqsiz harakatlana olish imkoni paydo bo‘ldi”, — dedi qo‘mita rahbari.