28-avgust kuni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova poytaxtdagi 298-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda vazirlik amalga oshirgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar muhokama qilindi.

Tadbirda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova O‘zbekistonda qo‘shimcha maktab o‘rni yaratilishi prioritetda ekani, bu yil 180 mingdan ziyod o‘quvchi o‘rni uchun maktab qurib bitkazilishi reja qilingani haqida gapirdi.

“O‘quvchi o‘rniga katta ehtiyojimiz bor. Birgina misol, bu yil bizda 398 mingga yaqin bitiruvchilarimiz maktablarni bitirishdi. Lekin bu yilga birinchi sinfga esa 719 ming nafar 1-sinf o‘quvchilarini qabul qilishni reja qilib turibmiz. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, bizga yana 2 karra o‘quvchi o‘rniga ehtiyojimiz [bor]. Hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida hududlarimiz bilan birgalikda umuman 1,5 yil bo‘ldi, har bir hudud kesimida kerak bo‘lsa demografik 5 yilga qadar qancha maktablarga qo‘shimcha bino qo‘shish kerakligi, shunga o‘xshash analitika bo‘yicha alohida guruh tashkil qilingan”, — dedi u.

Hilola Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, bu yil invest dasturida ham 180 mingdan ziyod o‘quvchi o‘rni uchun maktab qurib bitkazilishi reja qilingan. Ўтган yili mamlakatda 118 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgan.

“Bu yil 180 ming hamda 40 ming yana qo‘shimcha, ya’ni qolgan boshqa mablag‘lar invest dasturiga qarab emas, balki grantlar yoki homiylar, bir qancha tadbirkorlar bilan ham ish olib boryapmiz. O‘tgan yilning o‘zida 20 dan ziyod tadbirkorlar hududlarda maktablarni qurib, bitkazib, hudud uchun o‘quvchi o‘rnini tuhfa qilishdi. Ularga ham minnatdorchilik bildiraman. Shu bilan birgalikda, hozirda xalqaro tashkilotlar bilan ham ish olib boryapmiz. Ya’ni qo‘shimcha maktab o‘rni yaratilishi — biz uchun birinchi o‘rinda prioritet”, — dedi vazir Hilola Umarova.

Keltirilishicha, hozirda yangi maktablar qurilishi uchun o‘quvchi o‘rnidan kelib chiqib, 11 taga yaqin loyiha ishlab chiqilgan. Bu hamkor vazirliklar bilan birga hududlar va aholi ehtiyojidan kelib chiqib tasdiqlangan.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari Temurjon Komilov birgina yangi maktab qurilishi uchun qancha mablag‘ ajratilishi va bunda nimaga ahamiyat berilishiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabning quvvati, loyihalardan kelib chiqib, bitta muassasa qurilishi 13 mlrd so‘mdan 58 mlrd so‘mgacha boradi.

“Hozirgi 2024-yil Qurilish va uy-joy, kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi buyurtmachi tomonidan amaldagi narxlarni [aytib o‘taman]. Misol uchun, 330 o‘rinli maktab 13 mlrd so‘mdan ortiq summaga, 528 o‘rinligi 18,5 mlrd so‘mga, 660 o‘rinli maktab 19,5 mlrd so‘mga tushadi. Ya’ni eng katta quvvat 1680 o‘rinli bo‘lsa, bu Sergelidagi katta qurilgan maktablar hisoblanadi, 58 mlrd so‘mga yaqin”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Hilola Umarova o‘qituvchilarning maoshi qachon 1000 dollarga yetishi haqidagi savolga ham javob bergandi. U hozirda 6000 dan ortiq o‘qituvchi (1,1 foiz) bonuslar bilan qo‘shganda shunday maosh olishini ma’lum qilgan. Vazir o‘rinbosari Temurjon Komilov barcha o‘qituvchilar bir vaqtda 1000 dollar olishining iloji yo‘qligini aytdi.

Bundan tashqari, vazirlik 2025-yil yakunigacha maktablarning yagona ta’lim tizimi uchun o‘quv dasturlari va DTS takomillashtirilishiga ishontirdi.