Mudofaa vaziri Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining ayrim ishtirokchilarini harbiy unvonlar bilan taqdirladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, vazirlikning Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi, Olimpiada oltin medali sohibi leytenant Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin navbatdagi “katta leytenant” harbiy unvoni topshirildi. Shuningdek, u “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.

Olimpiadada taekvondo bo‘yicha “oltin” olgan sportchi, kichik serjant Ulug‘bek Rashitov ham shu markazning sportchisi hisoblanadi. U boshlang‘ich ofitserlik — “leytenant” harbiy unvoni bilan taqdirlandi.

Taekvondo sporti bo‘yicha kumush medal olgan, markazning sport bo‘limi sportchisi kichik serjant Svetlana Osipovaga ham “leytenant” harbiy unvoni topshirildi. U ham, shuningdek, “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari:

  • Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishdagi faolligi hamda xamkorligi uchun markaz o‘qituvchi murabbiyi, Qurolli kuchlar xizmatchisi Pavel Xan ikki xonali uy bilan;
  • boks bo‘yicha musobaqalarda matonat va jasorat ko‘rsatgani uchun oddiy askar Sitora Turdibekova “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Boks federatsiyasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, boks bo‘yicha ayollar bosh murabbiyi Elshod Rasulov, Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchisi, Qurolli kuchlar xizmatchisi Akmal Xasanov mudofaa vazirining “Malakali ustoz” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.

Bundan tashqari, mudofaa vazirining buyrug‘i bilan qolgan harbiy xizmatchi, Qurolli kuchlar ishchilari, xizmatchilari va murabbiylari ham joylarda taqdirlanishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Olimpiada g‘olibi bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatovga “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni va muddatidan oldin podpolkovnik harbiy unvoni berilgandi.