Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Olimpiada taassuroti, o‘zbek boksining rivoji sabablari va Hasanboy Do‘smatovning g‘alabasini nishonlash vaqtida yurak xurujini qanday boshdan kechirgani haqida gapirib berdi.

— To‘lqin aka, Parij Olimpiadasi boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga juda omadli keldi. Siz mazkur Olimpiada o‘yinlaridan nimalarni kutgan edingiz? Ularning qaysilari amalga oshdiyu, qay biri o‘xshamadi va nima uchun?

— Har doim nimadir ishga qo‘l ursam, albatta, Allohga tavakkal qilib, eng katta yutuq va omadni kutaman. To‘g‘risi, bu Olimpiada o‘yinlaridan ham juda yaxshi natija kutgandim. Chunki bokschilarimizning kuchi va tayyorgarliklarimiz sabab katta natija qayd etishimizga qodirligimizni bilardim. Lekin bu Olimpiada ham bir omad, har xil vaziyatlar bo‘ladi: oddiy sabab bilan yutqazish yoki g‘alaba qozonish mumkin. Bizda ham har bir o‘yin vaqtida “nima bo‘larkin?” degan fikr bo‘ldi. Ammo bolalarning kuchi, tayyorgarligi va imkoniyatlariga juda ishonardik. Chunki bu tarkib tarixda bo‘lmagan, erkaklar jamoasidagi 7 bolaning hammasi oltin olish imkoniyatiga ega edi. Har bir bolamizning raqiblari va ularning kuchi, darajasi, nimaga qodirligini ham yaxshi bilardik. Lekin 7 nafar bokschimizning 5 nafari oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu ham juda katta natija, deb o‘ylayman.

— Ikki, uch safardan beri erkak bokschilarimiz Olimpiada o‘yinlarida yaxshi natija ko‘rsatib kelyapti. Lekin ayol bokschilar orasidan haligacha Olimpiada chempioni chiqqani yo‘q. Buning sababi nima yoki qanday omillar xalaqit qilyapti?

— O‘zbekistonda ayollar boksining rivojlanishi kech boshlandi. Lekin mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, vaqtga qaraganda rivojlanish jarayoni tez kechyapti, o‘ylaganimizdan ham ko‘ra tez bo‘lyapti. Ayol bokschilarda hali bitta avlod o‘tgani yo‘q. Ikkinchi, uchinchi avlodlar yetishib chiqqanidan keyin biror narsa deya olamiz. Buning uchun vaqt kerak. O‘ylaymanki, yaqin yillarda ayollarimiz ham boks bo‘yicha butun dunyoni egallaydi.

— Parij Olimpiadasida ayol bokschilar jangi ancha ziddiyatli, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Masalan, tayvanlik bokschi Lin Yu Tinning oltin medal yo‘lidagi janglari shov-shuvli kechdi. U bilan o‘zbekistonlik Sitora Turdibekova ham jang qildi. Sizning bu boradagi fikrlaringiz ham biz uchun qiziq.

— Men bu masalada aniq bir narsa ayta olmayman. Chunki murabbiyman, maxsus tekshirib, tahlil qiladigan mutaxassis emasman. Olimpiada ustavi bo‘yicha [tayvanlik bokschi] har bir tekshiruv jarayonlaridan o‘tgan. Olimpiya qo‘mitasi shuni to‘g‘ri deb bildimi, demak, to‘g‘ri. Odamlar har xil gapiradi, u deydi, bu deydi, lekin anig‘ini bilmaymiz.

— Hasanboy Do‘stmatovning Parij Olimpiadasidagi g‘alabasini nishonlayotgan vaqtingizda yurak xurujiga uchraganingiz haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat haqida o‘zingizdan aniq va batafsil eshitsak: o‘zi nima bo‘ldi?

— Hasanboyning finalidan keyin kiyinish xonasiga kelib, yana xursandchilikni davom ettirib, hammamiz bir-birimizni tabrikladik. O‘sha payt asta-sekin ko‘zim qoraya boshladi, tizzamni ushlab, o‘zimni qo‘lga olmoqchi bo‘ldim, lekin uyog‘i nima bo‘lganini bilmayman. Bu 1−1,5 yildan beri yig‘ilib kelayotgan edi. Hamma joyimizni tekshirib, bitta yuragimni tekshirtirmagan ekanman. Yig‘ilib kelib, o‘sha yerda portladi. Yurak shunday a’zo ekan-da: odam kuchli xursand ham, qattiq xafa ham bo‘lmasligi kerak ekan. Kiyinish xonasida ko‘zim qorayib, yiqilganimni bilaman. Ko‘zimni ochsam, hammayoq xira va ustimda odamlar turibdi: delegatsiya vakillari, shifokorlar. Kimdir baqirib yig‘layapti, kimdir yugurib yuribdi. Alloh ko‘zimni qayta ochirganiga shukur deyman. Ota-onamning duolari, xalqimiznig duolari bilan ko‘zimni ochdim. Rizqim bor ekan-da.

Mediki Robbi Lillis va Xarj Singx.Mediki Robbi Lillis va Xarj Singx.

— O‘sha vaqtda sizga ingliz vrachlar yordam berdi, degan xabarlar ham tarqaldi…

— Xuddi shunday. Ingliz shifokorlari boshqa sportchilarga yordam bergani kelib, qaytayotgan paytida men bilan bog‘liq holat ustidan chiqib qolishgan. Ya’ni Rahmatjon aka (boks bo‘yicha murabbiy Rahmatjon Ro‘zioxunov nazarda tutilmoqda — tahr.) va bizning shifokorlar mening jag‘imni ushlab, birinchi yordam ko‘rsatayotganida ingliz vrachlar kelib, birga qo‘shilib, pulsimni o‘lchashgan va ikki marta tok urdirib, o‘zimga keltirishdi. Ulardan minnatdorman.

— Bahodir Jalolov Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgach, havaskor boksdagi faoliyati yakuniga yetganini aytdi. Uning bu qaroriga munosabatingiz qanday?

— Qaror mening boshchiligimda chiqarildi. Parij Olimpiadasidan keyin professional boksga o‘tishni maqsad qilib turgandik. Hammasi chiroyli yakun topib, keyin shu qarorga keldik.

— Siz uchta Olimpiadada qatnashdingiz va qaysidir ma’noda, taqqoslay olasiz. Rio, Tokio va Parij Olimpiadalarini solishtirganda, qaysi biri chiroyliroq va tartibliroq tashkil etilgandi?

— Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu (Parij Olimpiadasi — tahr.) men uchun oltin Olimpiada bo‘lib qoladi. Biz ko‘zlagan maqsadimizga yetdik, tarix qildik. Menga tashkilotchilik va boshqalarining nima qizig‘i bor? Parijdagi Olimpiya o‘yinlarini tomosha qilgani va o‘z hamyurtini qo‘llab-quvvatlagani kelgan xalqni Rioda ham, Tokioda ham ko‘rmaganman. Boks ishqibozlari shu darajada ko‘p keldiki, hatto joy qolmadi.

— 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiada o‘yinlari dasturiga boks kiritilmasligi haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri?

— Dasturga kiritilish ehtimoli katta baribir. Chunki keyingi yilgacha ko‘p o‘zgarishlar bo‘ladi. Shu sababli kiritiladi, deb o‘ylayman.

— Olimpiadadan so‘ng hammaga qiziq va eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri — mukofot pullari. Murabbiy sifatida sportchilarga beriladigan mukofot pullari, sovg‘alarga qanday qaraysiz? Chunki bu masalada turli fikrlar bor: jamoatchilikning bir qismi mablag‘lar davlat budjetidan berilmasligi kerak, deb hisoblaydi. Boshqa bir qismi esa bu sportchining yillar davomida chekkan mashaqqatlari uchun to‘lov, deydi. Siz qanday fikrdasiz?

— Vatanimiz manfaati hamma narsadan ustun hisoblanadi, shuni tushunish kerak. 38 million aholidan 14−15 nafar sportchi O‘zbekistonni butun dunyoga tanityapti, shuni vatanparvarlik deb hisoblayman. Sportchi uchun qancha bersa ham oz, sportchining hayoti qisqa. Masalan, sportdagi faoliyatini o‘n yil davom ettirar, keyin o‘zi uchun yashashi kerak. Shu o‘n yil ichida qancha bersa ham kam, qancha ko‘p berilsa, shuncha xursand bo‘laman. Nafaqat sportda, balki boshqa sohada ham vatanimizni ijobiy ishlari bilan tanitayotganlar men uchun juda hurmatli inson hisoblanadi, ular uchun qancha mukofot bersa, shuncha oz.

— Qanday qilib murabbiy bo‘lgansiz va nega murabbiy bo‘lishni xohlagansiz?

— Yoshligimdan murabbiylikka qiziqqanman, trener bo‘lsam, u qilaman, bu qilaman, degan rejalar bilan yurardim. 2009-yili yaqin o‘rtoqlarimdan biri Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejida ish boshladi. Unga meni o‘z jamoasiga ishga olishini taklif qildim va shu tariqa faoliyat yuritishga kirishdim. Qisqa vaqt ichida bunchalik bo‘lib ketishimni, shogirdlarim yaxshi natijalar ko‘rsatishini o‘zim ham kutmagandim, hozir ham hayron qolaman. Bu kunga kelguncha nimalarni boshdan kechirganimni o‘zim va yaqinlarim biladi, xolos.

— Sportchilar murabbiylari bilan ko‘p vaqt o‘tkazishadi. Murabbiyni oilaning bir a’zosi deyishadi. Rostdan ham shundaymi?

— Albatta. Men ham sportchilarga o‘rtoq, murabbiy va akaman. Shogirdlarim bilan birga bo‘lishni yaxshi ko‘raman. Natija ko‘rsataman degan murabbiy oilasidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Oilasidan voz kechmaslikning bir yo‘li — oilasini o‘zi bilan birga olib yurishga murabbiyda sharoit bo‘lishi kerak. Hamma trenerda esa bunga sharoit yo‘q. Birga olib yurgan taqdirda ham, baribir ko‘p e’tibor oilasiga ketib qoladi, shogirdlariga esa o‘zi xohlagan e’tiborni bera olmaydi, natija ko‘rsatolmaydi.

— Shogirdlaringizni mashg‘ulotlar paytida urib, kaltaklar ekansiz. Kuchli bokschini tarbiyalashda qattiqqo‘llikdan tashqari yana nimalar muhim, deb o‘ylaysiz?

— Natija uchun qattiqqo‘llik kerak, boshqa metod yo‘q. O‘z bilimiga ishongan trener bolaga qattiqqo‘l bo‘lib, bilimini bersa, yuz foiz natijaga erishadi. Agar bilimi kuchli bo‘lib, qattiqqo‘llik qilmasa, intizomga qaramasa, sezilarli foyda bermaydi, bola gaplariga quloq ham solmaydi. Ota-ona bilan boshida kelishib olaman: mening aytganim bo‘ladi yoki shogirdlikka qabul qilmayman deyman. Qatiqqo‘lligimni qabul qilmaganlar jamoamdan ketadi.

— Intervyularingizda boshqa shogirdlaringizga nisbatan Bahodir Jalolovni ko‘proq gapirib, unga bino qo‘yar ekansiz, mehringiz baland ekan…

— Aslida shogirdlarim ko‘p. Hasanboy, Abdumalik va boshqa bokschilar jamoamdagi shogirdlarim. Ularning o‘zining shaxsiy murabbiyi bor. Bahodir esa mening shogirdim, uni noldan katta qilganman, o‘g‘limdek bo‘lib qolgan, buni sportdagilar yaxshi biladi. Isroil, Murodjon ham mening shogirdlarim, barchasi farzandlarimdek yaqin. Shogirdlarimning hammasini yaxshi ko‘raman, jonimni beraman, ularning oilasidagi muammo mening ham muammom hisoblanadi. Har bir ishda bir-birimizga suyanamiz, bizda gapirishga parda yo‘q, uyalmaymiz. Har qanday ishda masalahat, yordam so‘rashadi, bir oilamiz.

— Sizningcha, musobaqalardagi muvaffaqiyatning necha foizi sportchining o‘ziga va qanchasi murabbiyga bog‘liq?

— Sportchi noldan tayyorlab borilsa, bunda 70 foiz murabbiyga bog‘liq bo‘ladi, chunki trener boshqaradi, bola uning aytganini qiladi. Murabbiy bolani musobaqagacha tayyorlab, uni ringga chiqaradi, jangda qanday natija ko‘rsatish esa sportchiga bog‘liq. O‘sha paytda murabbiy unday qil, bunday qil, deb turadi, bola esa o‘z ustida ishlashi kerak, ringga tushayotgan u. Umumiy olib qaraganda esa, hammasi murabbiyga bog‘liq.

— Intervyularingizni birida “boyning bolasidan bokschi va chempion chiqishi qiyin”, degan ekansiz. Hali ham shu fikrdamisiz?

— Boyning bolasi sportchi bo‘lishi uchun uning ota-onasi sportga kasal bo‘lishi kerak, ayniqsa, otasi jonini sportga bag‘ishlagan bo‘lishi zarur, shunda u farzandini nazorat qila oladi. Bunday tajribalar faoliyatimda ko‘p kuzatilgan. Agar ota-onadan biri sportga qiziqmasa, bolasidan nimadir chiqishi qiyin.

— O‘zbekiston boksda nega bunchalik kuchli? O‘zi qanday qilib kuchli bo‘ldi va bu qachon boshlandi?

— Bu jarayon 2014-yilda boshlandi. Boksni sevadigan, boksni vatan deyidigan rahbarlar kelgach, xohlaydimi-yo‘qmi, natijalar ham o‘zgaradi. Chunki rahbar natijalar qilishga har taraflama chin yurakdan ishlaydi. 2016-yilda Rio Olimpiadasida tarix qilganimizda, bu tarixni o‘zimiz ham qaytara olmaymiz, deganmiz. Hayotda shunga amin bo‘ldimki, takrorlanmaydigan narsaning o‘zi yo‘q ekan. Mana bu yil ham shu natijani qaytardik-ku, mendan baxtli inson bormi?

— O‘zbekiston boksdagi mavqeini jahon maydonida pasaytirmaslik uchun nimalar qilmoqda?

— Har bir narsaning past va balandligi bor. Xohlaymizmi-yo‘qmi, bizda ham boksda pasayish bo‘ladi. Chunki hayot shunday. Lekin pasayishni qisqaroq qilishning iloji bor. Biz kamroq pasayish bo‘lishi ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Buning uchun o‘z ustimizda ishlashimiz zarur. Boks bir joyda turgani yo‘q, rivojlanib boryapti. Biz ham zamonga qarab oldinga intilishimiz kerak. Qachon o‘z ustimizda tezroq ishlasak, bizda pasayish bo‘lmaydi, nazarimda.

— Farzandini boksga berish niyatidagi ota-onalarga qanday maslahatlaringiz bor?

— Birinchi navbatda, bolani tarbiyalash va unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish maqsadida ota-onaning murabbiy bilan tili, fikri bir bo‘lishi kerak. Bolangni shogirdlikka berdingmi, murabbiy nima desa, shuni qilish lozim.

— Endilikdagi rejalaringiz qanday?

— Hozirgi paytda davolanyapman. Keyin yil oxirida O‘zbekiston chempionati bo‘ladi, shunga tayyorgarlik ko‘ramiz.

— Suhbat uchun rahmat!

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.