BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal 19−30-avgust kunlari O‘zbekistonga qilgan tashrifi yakunlari bo‘yicha juma kuni Toshkentda jurnalistlar bilan suhbatlashdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Tashrif davomida maxsus ma’ruzachi Toshkent, Jizzax, Zomin, Sirdaryo, Samarqand va Buxoroda bo‘ldi. U Xavfsizlik kengashi kotibi, bosh vazirning ikki o‘rinbosari, hukumat a’zolari, Oliy Majlis senatorlari va deputatlari, ombudsmanlar, sudyalar va shikoyatlar bo‘yicha organlar vakillari bilan uchrashdi.

“Fuqarolik jamiyati vakillari, huquqshunoslar, blogerlar, majburiy ko‘chirish qurbonlari, tabiiy ofatlar hamda oilaviy zo‘ravonlik tufayli uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan ayollar va bolalar bilan bo‘lgan muloqotim uchun minnatdorman. Men bilan ma’lumot o‘rtoqlashgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, — dedi Balakrishnan Rajagopal.

Maxsus ma’ruzachi uy-joy huquqini qonunlarda himoya qilish bilan uning kundalik hayotda amalda himoya qilinishi o‘rtasida katta tafovut mavjudligini ta’kidladi.

Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonda so‘nggi yillarda uylarni o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yish va buzishlardan huquqiy himoyani yaxshilash, shuningdek, shaharsozlikda ishtirok etishni ta’minlashga qaratilgan bir qancha yangi qonunlar, jumladan, yangi Konstitutsiya qabul qilinganini olqishladi.

“Ammo bu qonunlar ular haqida yetarli darajada xabardor qilinmagani, ijrosidagi nosozliklar va qonunbuzarliklarga, ayniqsa, qurilish sohasida samarali huquqiy choralar ko‘rilmagani uchun amalda ko‘p hollarda hurmat qilinmayapti”, — dedi maxsus ma’ruzachi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda shaharni obodonlashtirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, bunda ba’zan butun mavzelar buzilib, odamlar yangi shaharlarga joy ochish uchun ko‘chirilmoqda. Ammo bu chora-tadbirlarning aksariyati shaharsozlik sohasida yetarli huquqiy asosga ega bo‘lmagan holda amalga oshirilmoqda.

Shaharsozlik va shaharni yangilash bo‘yicha qarorlar jamoatchilikning, shu jumladan, ushbu qarorlar ta’sir o‘tkazadiganlarning mazmunli ishtirokini nazarda tutmaydi, dedi u.

“Sud hokimiyatining mustaqilligi muammoligicha qolmoqda. Quruvchilar va aholi o‘rtasidagi sud ishlarining aksariyati, ko‘rinishicha, quruvchilar foydasiga hal qilingan”, — dedi BMT maxsus ma’ruzachisi. Suddan tashqari shikoyat mexanizmlari ko‘pincha samarali va o‘z vaqtidagi kompensatsiyani ta’minlay olmaydi, deya qo‘shimcha qildi u.

Mutaxassis, shuningdek, olib qo‘yilgan uy-joy uchun kompensatsiya ko‘pincha yetarli emasligi, kechiktirilishi yoki umuman to‘lanmasligini ta’kidladi.

Ayrim buzish va ko‘chirishlar shafqatsizlarcha amalga oshirilmoqda, uylari yaqinidagi xavfli qurilishlar, suv va gaz ta’minotidagi uzilishlar tufayli uy egalari o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lmoqda, deya qayd etdi BMT maxsus ma’ruzachisi. Bundan tashqari, ko‘chirilgan aholiga yangi uy-joy taklif etilganda, bu ko‘pincha shaharlar chekkasidagi yangi qurilgan turar joy binolari bo‘lmoqda.

“Uylarni buzish va majburiy ko‘chirishlar hatto Samarqand va Buxoro kabi qo‘riqlanadigan madaniy meros zonalarida ham sodir bo‘lmoqda”, — deydi Balakrishnan Rajagopal. 2025-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda u YUNESKOni tegishli uy-joyga ega bo‘lish huquqi to‘liq ta’minlanishini kafolatlash uchun zarur choralar ko‘rishga chaqirdi.

Maxsus ma’ruzachi, shuningdek, majburiy ko‘chirish qurbonlari, tegishli uy-joyga ega bo‘lish huquqi to‘g‘risida xabar bergan huquq himoyachilari, shu jumladan, kamida bitta holatda yopiq psixiatriya muassasasidagi o‘zboshimchalik bilan buzishlar haqida xabar bergan advokatlar, blogerlar va jurnalistlar qo‘rqitilgani, jinoiy javobgarlikka tortilgani yoki shubhali sabablarga ko‘ra hibsga olinganidan ham tashvish bildirdi.

“O‘tkazilayotgan islohotlar va ko‘plab rahbarlarning inson huquqlari, jumladan, munosib uy-joy olish huquqini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlari meni ruhlantirdi. Uy-joy muammolarini hal qilish uchun ko‘pincha aniq yaxshi niyatlar mavjud. Ammo yaxshi niyatlardan tashqariga chiqish vaqti keldi; biz qog‘ozdagi qonun va rejalarni emas, balki natijalarni ko‘rishimiz kerak”, — dedi BMT maxsus ma’ruzachisi.

Balakrishnan Rajagopal 2025-yil mart oyida BMT Inson huquqlari kengashida ushbu tashrifi haqida batafsil hisobot taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval, 29-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Uy-joy va shaharsozlik kodekslari va boshqa hujjatlarga xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlarni imzolagan edi.