Toshkent markazidagi Respublika bolalar kutubxonasida 23-avgust kuni “O‘zbekiston ovozi ko‘chasi: Kecha, bugun, ertaga” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ko‘chani butun uzunligi bo‘ylab — “O‘zbekiston” mehmonxonasidan Ekoparkkacha — rekonstruksiya qilish konsepsiyasi Rossiyaning Ludi_Architects arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, avvalroq Respublika bolalar kutubxonasi ham aynan shu idora loyihasi bo‘yicha rekonstruksiya qilingan edi. Rekonstruksiyani loyihalashtirish va taqdim etishda O‘zbekiston Madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi yordam berdi.

Loyiha bir necha oy davomida poytaxt hokimligi huzuridagi “Tashkent Invest” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Uni amalga oshirish yaqin kunlarda boshlanadi va yarim yil davom etishi mumkin — bunday muddat materiallarni yetkazib berish bilan bog‘liq potensial kechikishlar va kutilmagan ishlarni hisobga olgan holda belgilanmoqda. Ko‘chani to‘liq yopib qo‘ymaslik va fuqarolar uchun noqulayliklarni kamaytirish maqsadida ko‘chani bo‘laklarga bo‘lib obodonlashtirishga qaror qilindi, deydi shahar hokimligi vakillari.

“Tranzit hududni jamoat makoniga aylantirish”

1925-yilgacha Bog‘ ko‘chasi, sovet davrida esa Sovet ko‘chasi deb atalgan O‘zbekiston ovozi ko‘chasi Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lib, qisman Markaz-1 turar-joy mavzesi tarkibiga kiradi. Uning uzunligi 750 metr, kengligi esa butun uzunligi bo‘ylab har xil — 25 dan 40 metrgacha o‘zgarib boradi. Bu ko‘chada Toshkentning ramzi hisoblangan bir qator obyektlar — o‘z toifasida yagona hisoblangan Ekopark deysizmi, Bolalar kutubxonasi deysizmi, “O‘zbekiston” mehmonxonasi yonidagi bo‘lajak Fransuz madaniyat markazimi — mavjud bo‘lib, ular shaharning turli burchaklaridan kirib keladigan aholi jamlanadigan asosiy nuqtalar bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘cha bo‘ylab turar joy binolari, ko‘plab umumiy ovqatlanish shoxobchalari, maktab va bolalar bog‘chasi joylashgan — bu ko‘p sonli bolalar va kattalarning doimiy mavjudligini anglatadi. Shu bilan birga, ko‘cha, umuman olganda, ko‘proq tranzit hudud bo‘lib xizmat qiladi: bu yerda hozir avtomobillarga ustuvorlik berilgan, aynan shu sababdan ko‘cha piyoda sayr qilish uchun xavfli va noqulay.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Lyubov Leonteva.

“Ishtirok etayotgan barcha loyihalarimizda bo‘lgani kabi, biz uchun jamoat makoni — rivojlanishga turtki beradigan kuch joylari, aholi jamlanadigan nuqtalarni yaratish juda muhim”, — deydi Ludi_Architects byurosi arxitektori, bosh direktori va asoschisi Lyubov Leonteva.

Bolalar kutubxonasini rekonstruksiya qilishda byuro uning old qismida “kichik obodonlashtirish ishlarini amalga oshirib, tranzit hududni mohiyatan jamoat makoniga aylantirishga muvaffaq bo‘lgandi: bu yerda hozir odamlar dam olishyapti, masalan, buterbrod bilan tamaddi qilishmoqda”.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Bolalar kutubxonasi oldidagi hudud, 2023-yil.

“Odam kutubxonaga ketayotgan bo‘lmasa ham, xushmanzara joyda o‘tirishni xohlab, to‘xtagisi kelsa, bu juda soz. Keyingi qadam — butun O‘zbekiston ovozi ko‘chasini obodonlashtirishdir”, — deydi u.

Loyiha konsepsiyasini Ludi_Architects kompaniyasi arxitektori, loyiha rahbari va ijrochi direktori Nexmat Samedov taqdim etdi.

“Har qanday loyiha tahlildan boshlanadi, — deydi u. — Biz transport tizimini o‘rgandik — „O‘zbekiston“ mehmonxonasining orqa tomonidagi Istiqlol ko‘chasidan to Ekopark oldidagi Hamid Olimjon ko‘chasigacha”.

Ko‘chadan piyodalar faol ravishda foydalanib, garchi ko‘cha bunday harakatlanish vositalari uchun mos kelmasa-da, bu yerda velosipedlarda ham, skuterlardan ham harakatlanishadi (tuman hokimligi bir necha yil avval yotqizgan beton yo‘laklar allaqachon yaroqsiz holga kelgan — tahr.).

Avtomobillar tartibsizligi

Ko‘chaning asosiy muammosi — ustuvorliklarda. Juda katta hudud avtomobillar ixtiyoriga berilgan. So‘nggi o‘n yilliklardagi tendensiya — bu asosiy e’tiborni piyodalarga o‘zgartirish edi. Avtomobil endilikda shahar transportida ustuvor ahamiyatga ega emas”, — deya ta’kidlaydi Nexmat Samedov.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Nexmat Samedov (o‘ngda).

Tuzilmaviylik yo‘qligi sababli ko‘cha tartibsiz ravishda avtomobillar tomonidan egallab olingan: ular piyodalar yo‘lkalariga ham, piyodalar o‘tish joylariga ham chiqib ketadi, haydovchilar tartibsiz to‘xtab turadi, piyodalarning harakatiga xalaqit beradi. Ko‘chada muayyan tuzilmaga ega bo‘lmagan xavfli chorrahalar bor, ular haddan tashqari keng, noto‘g‘ri geometriyaga ega va xavfsizlik orolchalari mavjud emas. Tezlikni pasaytirishga undaydigan elementlar yo‘q, yo‘l chiziqlari va belgilari noto‘g‘ri qo‘yilgan.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

O‘zbekiston ovozi ko‘chasi, 2023-yil.

Ko‘chaning piyodalar uchun mo‘ljallangan qismida ko‘plab past-balandliklar va to‘siqlar mavjud bo‘lib, u harakatchanligi cheklangan odamlar (qariyalar, bolalar aravachalari yetaklagan ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar) uchun noqulay. “Har qanday zina yoki ariq — odamlar uchun noqulaylik. Bu uzoq vaqtlardan beri shahar muhiti uchun asosiy talab bo‘lib kelgan”, deya ta’kidlaydi arxitektor.

Velosipedlar va shaxsiy harakatlanish vositalari bugungi kunda butun dunyoda, shu jumladan, shimoliy va yetarlicha sovuq mamlakatlarda ham keng ommalashgan. Toshkent velosipedlarda harakatlanish uchun qulay shahar bo‘la olmasligiga hech qanday sabab yo‘q, deydi u.

Piyodalar yo‘lkalari va veloyo‘laklarning ajratib qo‘yilmaganligi jiddiy muammo hisoblanadi — piyodalar yo‘lkalari hatto bir kishi uchun ham juda tor, piyodalar uchun tom ma’noda joy yo‘q. Ochiq va chuqur beton ariqlar bolalar uchun xavf tug‘diradi, panjaralari singan ariqlarga esa ko‘pincha bolalar ham, kattalar ham tushib ketadi.

Ko‘chani bir nechta yashil yo‘laklar kesib o‘tganligiga qaramay, ko‘chaning o‘zida yashil yo‘lak to‘liq shakllanmagan. So‘nggi o‘n yilliklarda ko‘plab daraxtlar kesib yuborilgan.

Shu bilan bir vaqtda, ko‘chada aholi to‘planadigan bir nechta yashil orolchalar mavjud — Ekopark, Shastri byusti yonidagi maydon, Bolalar kutubxonasi oldidagi yangi maydon, Le Grande Plaza (sobiq “Tata”) mehmonxonasi old qismi va “O‘zbekiston” mehmonxonasi orqasidagi yashil maydonlar.

“Toshkent uchun, boshqa istalgan shahar uchun bo‘lgani kabi, qulay mikroiqlim muhim ahamiyatga ega, chunki u yashash va makondan foydalanish qulayligiga bevosita ta’sir qiladi. Hozir bu yerda o‘rtacha qulay harorat hukm surmoqda, biroq baribir u 30 darajaga yaqinlashmoqda va loyiha bu haroratni yanada qulaylashtirishga qaratilgan”, — deydi Nexmat Samedov.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ko‘chaning vizual qiyofasi bilan bog‘liq muammolar ham mavjud. Tijorat obyektlari dizayni xilma-xil bo‘lib, atrofdagi binolarga mos kelmaydi va ularni yagona uslubga keltirish zarur. Har bir biznes o‘ziga xosligini baqiroq, shovqinli reklama bilan emas, balki intererda va xizmat ko‘rsatish sifatida ko‘rsatsin, deya ta’kidlaydi arxitektor.

Ko‘chada ko‘plab aholi to‘planadigan joylarning mavjudligi bu yerda mahalliy aholi va sayyohlarning doimiy oqimini ta’minlaydi, “ko‘cha jonli, uni funksional faollashtirishga hojat yo‘q, u shundog‘am faol, biroq noqulay va uni tartibga keltirish kerak”, deydi u.

Zamonaviy shahar ko‘chasi

Shaharlarni loyihalashning zamonaviy tamoyillari asosiy e’tiborni piyodalarga qaratadi, deydi Nexmat Samedov. Ular, jumladan, quyidagilardan iborat:

  • transport tizimining xilma-xilligi (“bir transport turiga qaram bo‘lmaslik”);
  • ko‘chalarning xavfsiz va inklyuzivligi (“ko‘cha nafaqat tetik va sog‘lom odamlar uchun, balki hamma uchun foydalanishga qulay bo‘lishi kerak”);
  • ko‘cha jamoat makoni (“ko‘chaga tranzit, egasiz joydek qaralmasligi kerak, balki maydon, istirohat bog‘i, jamoat makoni sifatida qaralishi kerak”);
  • ekologik toza va sog‘lom makon.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston ovozi ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasining asosiy tamoyillari ishlab chiqildi:

  1. Qulay va ekologik toza makon.
  2. Ko‘chaning hozirgi karkasini qayta tashkil etish.
  3. O‘z tarixiga ega jamoat makoni.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Ludi_Architects taqdimotidan slayd.

Hozirda ko‘chada past bo‘yli o‘simliklar deyarli mavjud emas, asosan o‘n yillar oldin ekilgan daraxtlar o‘sadi va ular kam qolgan.

Qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish — ham baland daraxtlar, ham butalar — evaziga mikroiqlimni yaxshilash va ko‘cha shovqinini kamaytirish mumkin — shunda “bu yerda vaqt o‘tkazish va yashash qulaylashadi”.

Asfalt qoplamasini bruschatka bilan almashtirish yo‘l yuzasi qizib ketishi darajasini kamaytirishga yordam beradi, bruschatka ekologik jihatdan tozaroq, shuningdek, u tezlikka ham ta’sir qiladi — “haydovchilar uchun tezlik tartibini buzish qiyinlashadi”.

O‘zbekiston ovozi “faqat avtomobillarga mo‘ljallangan ko‘chadan hammabop ko‘chaga aylanadi”. Avtomobillarning harakati va to‘xtash joyi ustidan nazorat o‘rnatiladi va haydovchilar “endilikda o‘zlarini hozirgidek erkin his qilmaydi”.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Ludi_Architects taqdimotidan slayd.

Veloyo‘laklar bilan birlashtirilgan tor piyodalar yo‘lkalari o‘rniga keng piyodalar maydoni tashkil etiladi va qo‘shimcha integratsiya (piyodalar yo‘lkalarining birlashtirilishi) qo‘shiladi. Bu yerda to‘laqonli veloyo‘lak va parallel to‘xtash yo‘lagi bo‘ladi.

“Avtomobil muhitini tizimlashtirish va tartibga solish avtomobillarni o‘z chegaralaridan chiqmaslikka majbur qiladi. Ular hozirgidek piyodalar hududiga da’vo qila olmaydi, veloyo‘lakka kira olmaydi”, — deya ta’kidlaydi Lyubov Leonteva.

Bolalar kutubxonasi oldidagi chorrahani qayta tashkil etish — muhim o‘zgarishlardan biri. Buni “Gazeta.uz” ham, shaharshunos Iskandar Soliyev ham o‘z konsepsiyasida bir necha bor taklif qilgan edi. Shunga qaramay, maqolamizdan keyin chorrahada svetofor o‘rnatildi.

“Chorraha juda keng. Piyoda uchun juda noqulay — uni yo yugurib o‘tish kerak, bo‘lmasa qanchadir muddat asfalt maydon o‘rtasida turib qolishiga to‘g‘ri keladi”, — deydi Nexmat Samedov.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Ludi_Architects taqdimotidan slayd.

“Transport muhandislari bilan birgalikda aylanma harakat tashkil etishga qaror qilindi. Bu eng xavfsiz choralardan biri hisoblanadi, chunki siz qizil chiroqda „uchib o‘tishingiz“ mumkin, biroq aylanma harakat haydovchilarni jismonan sekinlashishga va aylanib o‘tishga majbur qiladi”, — deya qayd etdi u.

Bundan tashqari, ko‘chadagi barcha o‘tish joylari, jumladan, aylana oldidagilari ham “ko‘tariladi”, bu ham haydovchilarni tezlikni pasaytirishga majbur qiladi. Shuningdek, piyoda kutib turishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik orolchalari paydo bo‘ladi. “Bu juda muhim, ayniqsa bu yerda juda ko‘p uchraydigan bolalar uchun”.

“Ekoparkdagi vaziyat ham tartibsiz. Biz ko‘chaning bu qismi ustida uni qulaylashtirish maqsadida uzoq ishladik. Avtomobildan foydalanuvchilarning huquqlarini poymol qilmoqchi emasmiz, biroq ustuvorliklar to‘g‘ri qo‘yilishi tarafdorimiz”, — deya davom etadi arxitektor.

Park oldidagi asfalt maydonda qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi, kichik me’moriy shakllar, o‘rindiqlar paydo bo‘ladi va ular mijozlarni kutib turishga mo‘ljallangan taksi yo‘lakchasiga ulanadi.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Ludi_Architects taqdimotidan slayd.

Loyiha konsepsiyasida ko‘chaning tarixiga alohida urg‘u berilgan. Uning rivojlanishida shakllanishning uchta asosiy bosqichini ajratish mumkin — an’anaviy, sovet va zamonaviy. Tarixiy davr arxitekturasi, Respublika bolalar kutubxonasi binosini hisobga olmaganda, deyarli saqlanib qolmagan. Sovet davri 1960-yillardagi kichik tuman turar-joy binolari va sovet modernizmining shahar uchun muhim hisoblangan binolari — “O‘zbekiston” mehmonxonasi va Fransiya madaniyat markazi bilan ifodalanadi. Zamonaviy bosqich Ekopark va yangi savdo markazlari arxitekturasida aks etadi.

Har bir davr o‘ziga xos va qiziqarli bo‘lib, yangi obodonlashtirish ishlarida o‘z aksini topishi mumkin. Shuni hisobga olib, arxitektorlar ko‘chani bo‘laklarga — davrlarga bo‘lishdi, ular tarixiy davrni ham, sovet davrini ham va zamonaviy davrni ham o‘ziga xos tarzda aks ettirishga harakat qilishdi. Madaniyat, an’analar, xalq hunarmandchiligi, tarix va arxitekturaga taalluqli elementlar ko‘chaning uchta bo‘lagining dizayni va ko‘kalamzorlashtirishda aks etadi.

Tafsilotlar

Shahrisabz ko‘chasi bilan chorrahadan Bolalar kutubxonasigacha bo‘lgan ko‘cha ikki tomonlamaligicha qoladi, kutubxonadan keyingi qismi, hozirgi 64-maktab oldidagi kabi, bir tomonlama bo‘ladi.

Toshkent hokimligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar bu yerda maktab va Ekopark oldidagi kabi bir tomonlama harakatlanish yanada samarali bo‘lishini ko‘rsatdi, deydi Nexmat Samedov.

Ko‘chaning o‘rtasi butalar bilan ajratiladi, hatto bir tomonlama harakatlanish qismida ham. Bu haydovchilarning avtomobilni noto‘g‘ri joyda to‘xtatib turishi, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi va, hozirgi kunda uchrab turganidek, avtomobillarni yo‘lda qoldirib ketishlarining oldini oladi.

Bunday loyihalash tufayli “o‘z-o‘zini tartibga solish yuzaga keladi va noto‘g‘ri xatti-harakatlardan xalos bo‘linadi”, deya ta’kidlaydi arxitektor. Bu, bir tomondan, faol avtomobillashish davom etayotgan va ko‘chalarda tartib yo‘q bo‘lgan Toshkentda muhim ahamiyatga ega, ikkinchi tomondan, ko‘chalarni aynan shunday qayta tashkil etish kerakligini anglash kuchaymoqda.

“Bunday loyihalash sizga „noto‘g‘ri harakatlanish“ uchun imkon qoldirmaydi. Juda xohlagan taqdiringizda ham, bunday imkoniyat bo‘lmaydi”, — deydi Lyubov Leonteva.

“Avtomobillar endilikda o‘ziga tegishli bo‘lmagan hududda, hozirgidek, xo‘jayinchilik qilolmaydi”, — deya qo‘shimcha qiladi Nexmat Samedov.

Hovlilarga kirish joylari saqlanib qoladi, biroq ular hozir kuzatilayotgani kabi haydovchilarga o‘z avtomobillarini istalgan joyga tashlab ketishga imkon bermaydigan kenglikda bo‘ladi.

Ko‘chaning yangi profili — “nihoyasiz asfaltli avtomobillar dunyosi yo‘q, har kimning o‘z uchastkasi, o‘z hududi bor”. “Ko‘cha keng va hech kimni xafa qilmaslikka imkon beradi”, deb davom etadi u. Alohida veloyo‘lakka ham, keng piyodalar yo‘lkalariga ham, avtomobillar harakati uchun joy qoldirishga ham imkon bor.

Ko‘chadagi yoritish moslamalari yangilanadi, axlat qutilari o‘rnatiladi, ko‘cha tarixi haqida ma’lumot aks ettirilgan navigatsiya stendlari o‘rnatiladi. Daraxtlar atrofiga an’anaviy so‘rilarni eslatuvchi o‘rindiqlar o‘rnatiladi va ko‘chaning har bir qismi o‘z dizayniga ega bo‘ladi. Taqdimot slaydlarida ichimlik suvi favvorachalari ham aks ettirilgan.

Ko‘chadagi barcha reklama bannerlarini olib tashlash taklif qilinmoqda, ular ko‘chani vizual ravishda ifloslantirmasligi kerak, deydi Nexmat Samedov.

Xavfli ariqlar panjara bilan yopiladi. Yomg‘ir suvini tutib qolish va mikroiqlimni yaxshilash uchun yomg‘ir suvi kirish joylari va bio-drenaj ariqlar paydo bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan butalar bilan qoplangan yangi maydonlar xuddi shu maqsadga xizmat qiladi.

Shahar tabiatga kuchli ehtiyoj sezmoqda, turli usullar yordamida uni qayta tiklashimiz va shaharga qaytarishimiz zarur”, — deydi arxitektor.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Ludi_Architects taqdimotidan slayd.

64-maktab oldida ham piyodalar yo‘lkalari kengaytiriladi, avtoturargohlar, “ko‘tarilgan” piyodalar o‘tish joylari paydo bo‘ladi. Arxitektorlar interaktiv va o‘quv elementlarini — plitkalarga o‘simlik va baliqlar siluetlarining metall suratlarini, shuningdek, bolalar bir-biri bilan gaplashishi mumkin bo‘lgan eshitish naychalarini qo‘shishni taklif qilmoqdalar.

“Bu kichik o‘yin elementi maktabga qatnashni yanada qiziqarli qiladi va hatto [bolani] u yerda ushlab turishi ham mumkin”, — deydi Lyubov Leonteva.

Shastri byusti o‘rnatilgan maydon rekonstruksiya qilinadi — hozircha u yerda o‘rindiqlar yetishmaydi, yo‘laklar noqulay, yangidan ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Ko‘chadagi veloyo‘lak to‘g‘ri chiziq bo‘ylab o‘tmaydi, balki daraxtlarni saqlab qolish maqsadida (hozirda ko‘chadagi daraxtlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri veloyo‘lakdan “o‘sib chiqqan”) ayrim joylarda qayrilishlar orqali o‘tadi. Qayrilishlar, shuningdek, skuterlar va velosipedchilarning haddan tashqari tezlashishining oldini oladi va atrof-muhitni xavfsizroq qiladi.

Veloyo‘lak piyodalar yo‘lkalaridan ajratilib, yo‘lning qatnov qismi darajasiga tushiriladi, shunda piyodalar ham bu kimning hududi ekanligini tushunadi. Ayni paytda veloyo‘lakni kesib o‘tgan piyodalar o‘tish joylari ham velosipedchilarni tezlikni pasaytirishga undash maqsadida “ko‘tarilgan” holda tashkil qilinadi.

ko‘chalar, ludi architects, lyubov leonteva, nexmat samedov, orzudagi toshkent, o‘zbekiston ovozi ko‘chasi, tashkent invest, toshkent

Ludi_Architects taqdimotidan slayd.

Piyodalar uchun daraja har doim bir xil bo‘ladi. Ular ko‘chani kesib o‘tish uchun yuqoriga ko‘tarilishlari yoki pastga tushishlariga hojat yo‘q. Bu pasaytirilgan to‘siqlarga qaraganda ancha samarali, deya ta’kidlanadi taqdimotda.

Fasadlarni qayta ishlash

Butun ko‘chani yagona yaxlit uslubga keltirish juda muhim, deya ta’kidlaydi arxitektorlar. Barcha elementlar, jumladan, tijorat obyektlari, uylarning kirish joylari, bankomatlar, savdo obyektlari, axlat qutilari uchun yagona dizayn-kod ishlab chiqilmoqda. Umumiy ovqatlanish shoxobchalarining tashqi mebellari uchun ham yagona uslub joriy etiladi.

Turar joy binolarining kirish eshiklari butun dunyoda bo‘lgani kabi shishadan o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Fasadlardagi konditsionerlar qutilarga berkitilgan holda bo‘lishi kerak.

Binolardagi mozaika kabi badiiy qiymatga ega bo‘lgan me’moriy va tasviriy elementlar saqlanib qoladi.

Ko‘cha o‘tadigan mahallalar vakillarining savollariga javob berar ekan, arxitektorlar, Toshkent shahar hokimligi va “Tashkent Invest” kompaniyasi vakillari barcha ishlar sifatli bajarilishi muhimligini ta’kidladi.

“Asosiysi — uni qay holda bo‘lmasin, bir oydayoq foydalanishga topshirib yuborishga yo‘l qo‘ymaslik. Professionallar sifatida biz sifatli ish vaqt talab qilishini yaxshi bilamiz. Bunda esa sabr muhim — konsepsiyaga kiritilgan barcha narsani amalga oshirish uchun vaqt kerak bo‘ladi”, — deydi Nexmat Samedov.

“Har qanday o‘zgarishlar — har doim vaqtinchalik noqulayliklar kelib chiqishini anglatadi, — deya qo‘shimcha qiladi Lyubov Leonteva. — Noqulaylik hech birimizga yoqmaydi. Biroq bu ezgu maqsadda qilinayotgan o‘zgarishlar”.

“Yigitlar [ish paytida] yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketmasligi uchun pudratchi eng qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratishi juda muhim”, — deya ta’kidladi Lyubov Leonteva.

Taklif etilayotgan yechimlar ko‘chani yoqimli, mehmonparvar va ko‘rkam qiladi, deyiladi taqdimotda. Ko‘cha shaharning boshqa ko‘chalari uchun ham to‘g‘ri va zamonaviy ko‘kalamzorlashtirish namunasiga aylanishi kerak.

Yaqin kunlarda “Gazeta.uz” bo‘lajak loyiha haqida qo‘shimcha reportaj e’lon qiladi.

Toshkent hokimligi matbuot xizmatidan olingan video: