Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston xalqini yangi O‘zbekiston uchun, erkin va farovon hayot, farzandlarimizning baxti va istiqboli uchun ovoz berishga” chaqirdi. Bu haqda u 31-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tadi. Ular ilk bor “rivojlangan mamlakatlardagi kabimajoritar-proporsional (aralash) tizim asosida, “yangilangan Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy-siyosiy muhitda” o‘tkaziladi, dedi prezident.

Siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda hurmatli ayollarimizning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilab qo‘yildi, deya eslatdi u.

“Ishonaman, bo‘lg‘usi saylovlar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga to‘la muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida bo‘lib o‘tadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majoritar-proporsional (aralash) tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasining 75 nafar deputati majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish) bo‘yicha bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar (partiya ro‘yxatlari) asosida saylanadi.

Partiyalar bir mandatli okruglar bo‘yicha 75 nafar deputatlikka nomzod, ya’ni har bir saylov okrugi bo‘yicha bittadan deputatlikka nomzod, shuningdek, partiya ro‘yxati bo‘yicha 75 nafardan 100 nafargacha deputatlikka nomzod ko‘rsatishi mumkin. Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaga a’zo yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda prezidentlik va deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Saylovchilarning tashabbuskor guruhlari tomonidan nomzodlar ko‘rsatish imkoniyati 2009-yil iyul oyida qonunchilikdan chiqarilgan.