“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun mazkur erkinlikning konstitutsiyaviy kafolatlari nuqtai nazaridan yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. O‘zgartirishni Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni imzoladi. Hujjat 5-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 18-mayda Senat tomonidan ma’qullangandi.

Qonunga O‘zbekiston hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hududdan qat’i nazar, tadbirkorlik subyektlarining tovarlari, xizmatlari, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larining erkin harakatlanishini kafolatlovchi norma kiritildi.

“Tadbirkorlik subyektlarining hududiy prinsip bo‘yicha tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larining erkin harakatlanishini cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlashga yo‘l qo‘yilmayd”, — deyiladi yangilangan qonunda.

Konstitutsiyaning 67-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi”.

Avvalroq O‘zbekiston ichida bir hududdan boshqasiga mahsulot olib chiqishni cheklash holatlari bir necha bor qayd etilgandi.