31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni ertalab Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Shahidlar xotirasi xiyobonida o‘tkazilgan xotira marosimida ishtirok etdi. U yerda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar ham yig‘ildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

шавкат мирзиёев, qatag‘on qurbonlari, Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

U so‘nggi uch yil davomida 1200 dan ortiq siyosiy qatag‘on qurboni reabilitatsiya qilinganini esladi. “Bu nimani anglatadi? Bu adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi”.

Iyul oyida prezidentning siyosiy qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandi.

Davlat rahbari shu vaqtgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllanmagani haqida gapirdi. “Bu ro‘yxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatag‘on qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti — qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini o‘rganish va tadqiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratdik.”

Qatag‘on qurbonlari nomlarini “Qatag‘on qurbonlari” ko‘p jildli kitobi hamda Shahidlar xotirasi majmuasida yaratiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qo‘yish rejalashtirilmoqda.

шавкат мирзиёев, qatag‘on qurbonlari, Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

Qarorga ko‘ra, har yili oktabr oyining birinchi haftasida Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi nishonlanadi. Bu vaqt 1938-yil 4−16-oktabrda 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbusga nisbatan hukm chiqarilgani uchun tanlangan. Ular orasida taniqli shaxslar qatl etilgan. Qolganlari uzoq muddatga surgun qilingan.

“Ular orasida Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada o‘qib kelgan ilg‘or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan. Eng dahshatli tomoni — ular 4-oktabrda qatl etilgan, hukm 5-oktabrda chiqarilgan”, — dedi prezident.

шавкат мирзиёев, qatag‘on qurbonlari, Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

Shavkat Mirziyoyev tarixni yosh avlodga yetkazish muhimligini ham ta’kidladi.

“Eng katta maktab, eng katta tarbiya — tarixning o‘zi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, o‘zimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, o‘z tanlagan yo‘limizdan qat’iy bora olamiz”, — dedi u.

“Mustaqillik — Alloh taoloning el-yurtimizga eng katta marhamati, ne’mati. Har bir kun, har bir yilning qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerak. Ajdodlarimizni e’zozlash, xalqni rozi qilish bo‘yicha savob ishlarni ko‘p qilsak, Xudo doimo yo‘limizni ochib beradi”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.