O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni qonun hujjatlariga xususiy mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlarni imzoladi.

Hujjat bilan Uy-joy kodeksi, Shaharsozlik kodeksi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Uy-joy kodeksida “hech kim sudning qaroriga va qonunga muvofiq bo‘lmagan holda o‘z uy-joyidan mahrum qilinishi mumkin emas” deb belgilandi.

“Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda o‘z uy-joyidan mahrum bo‘lgan mulkdorga uy-joy qiymati va unga yetkazilgan zararning oldindan va teng miqdorda qoplanishi ta’minlanadi,” — deyiladi yangilangan hujjatda.

Bu normalar o‘tgan yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning 47-moddasida o‘z aksini topgan.

Shuningdek, Uy-joy kodeksida uy-joyning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, qayta qurish yoki buzish shaharsozlik qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ilgari bunday harakatlarga hokimliklarning tegishli ruxsati mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yilishi ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Shaharsozlik kodeksiga zilzilabardosh hududlarda bino va inshootlarni loyihalash va qurishda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni taqiqlovchi yangi norma kiritilmoqda.

Iqlim o‘zgarishi natijasida yildan yilga xavfli gidrometeorologik va geologik jarayonlar kuchayib, sel, ko‘chki va suv toshqinlariga olib kelayotgani ham shaharsozlik talablarini kuchaytirishni taqozo etmoqda, deb ta’kidlandi Senatning 18-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida.

1991-yil may oyida Toshkent viloyati Angren tumani Jigariston qishlog‘ida ko‘chki tufayli qishloqning ko‘chkiga uchragan qismi 20 m gacha qalinlikdagi tuproq bilan qoplangan, 56 kishi halok bo‘lgan.

2022-yil aprel oyida Namangan viloyati Pop tumanida “O‘sh A-373 M-39 Guliston — Bo‘ka — Angren — Qo‘qon — Andijon” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonining 225-kilometrida qurilgan “Kavsar” oshxonasiga kelib tushgan ko‘chki oqibatida ikki fuqaro halok bo‘lgan edi.

Shu oyda Jizzax viloyati Forish tumani “Egizbuloq” mahallasida sel oqimi oqibatida 5 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 6 kishi jarohatlangan va sel oqimi yo‘lida joylashgan 22 ta uyga zarar yetgan (shu bilan birga, 9 ta uyga kadastr hujjatlari berilgan).

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yetarli uy-joyga bo‘lgan huquq masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal bir kun avval O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha mamlakatda shaharlarni yangilash bo‘yicha misli ko‘rilmagan loyihalar amalga oshirilayotgani, ularning davomida ba’zan butun boshli kvartallar buzilayotganini aytdi. Biroq, ko‘pincha bu shaharsozlik sohasida yetarli huquqiy asosga ega bo‘lmasdan sodir bo‘ladi.