O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Jinoyat-protsessual kodeksiga mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ularni yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Xususan, mahkumlarning insonparvar munosabatda bo‘lish, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish huquqlarini ta’minlash, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro organlarga murojaat qilish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida o‘tkazilayotgan mahkumlarning saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqi kafolatlanadi.

Shuningdek, agar mavjud bo‘lgan barcha ichki himoya vositalari tugatilgan bo‘lsa, bunday mahkumlarning O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro organlarga murojaat qilish huquqi ham nazarda tutilgan. Ilgari qonunchilikda mahkumlarning xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilish huquqi nazarda tutilmagan edi.

O‘zgartishlarda bunday mahkumlar, agar qonun hujjatlariga muvofiq va sud hukmi asosida ushbu huquqdan mahrum etilmagan bo‘lsa, saylovlar va referendumlarda qatnashish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan.

Hujjatga ko‘ra, mahkumlar yangilangan Konstitutsiyaning 28-moddasi oltinchi qismida nazarda tutilganidek, insonparvar muomala qilish, insonga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish huquqiga ega.

Jazoni ijro etish muassasalari xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lishga majburdirlar. Mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralari va boshqa majburlov choralarini qo‘llashda Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan asoslar va tartiblardan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahkumlarga ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazish mumkin emasligi qat’iy belgilandi.

Bundan tashqari, yangi norma mahkumlarning Ombudsman va Bolalar ombudsmani bilan murojaat qutisi orqali bog‘lanishi, u orqali murojaatlarni tashkil etish, ochish, foydalanish, shuningdek yuborish tartibini belgilab beradi.