1-sentabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi konda oltingugurt gazi chiqishi kuzatildi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Soat 15:17 da tumanning “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koniga qarashli 604-sonli qudug‘ida burg‘ulash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda texnologik jarayonning buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.

“Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, deyiladi xabarda.

Tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda tungi vaqtda ko‘chada bir necha yuzlab odamlarning harakatlanayotganini ko‘rish mumkin.

Aniqlik kiritilishicha, fuqarolarning jarohat olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan. “Vaziyat to‘liq nazorat ostida. Vahimaga o‘rin yo‘q”, — deb qo‘shimcha qildi vazirlik.

Surxondaryo viloyati hokimligining xabar berishicha, hududga viloyat rahbari Ulug‘bek Qosimov, aloqador mutasaddi tashkilot va idoralar hamda boshqarmalar mas’ullari yetib borgan.

“Favqulodda holat sodir bo‘lgan hududda havoning ifloslanish darajasini o‘rganish, kelib chiqqan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Tarkibida vodorod sulfid miqdori yuqori bo‘lgan neft, gaz va gaz kondensati konlarini qidirish va qazib olishda ishlarni xavfsiz olib borish bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq, har bir obyekt uchun vodorod sulfid ajralib chiqishi bilan bog‘liq ehtimoliy avariyalarni bartaraf etish rejasi tuziladi, unda quyidagilar aks ettiriladi:

  • odamlar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni joylashtirish sxemalari;
  • kirish yo‘llari va odamlarni evakuatsiya qilish yo‘llari;
  • vodorod sulfid to‘planadigan va tarqaladigan xavfli zonalar;
  • shaxsiy himoya vositalari (SHHV) va nafas olish organlarini himoya qilish vositalari saqlanadigan joylar;
  • avariya to‘g‘risida darhol xabardor qilinishi lozim bo‘lgan mansabdor shaxslar va muassasalar ro‘yxati.

Vodorod sulfid — bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyatining yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi.

Ishchi zona havosida vodorod sulfidning ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyasi 10 mg/m3, uglevodorodlar bilan aralashmada (S1-S5) — 3 mg/m3 (GOST 12.1.005). Aholi punktlari havosida vodorod sulfidning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasi 0,008 mg/m3 (SN245).

M-25 loyihasi haqida

2017-yil aprel oyida O‘zbekiston hukumati investorlar konsorsiumi — Gas Project Development Central Asia (oldingi “Gazprom” va Gazprombank qo‘shma korxonasi), Altmax Holding (Kipr) va “O‘zneftgazqazibchiqarish” bilan Surxondaryo viloyatida gazni qayta ishlash majmuasini qurish bilan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konini razvedka qilish va o‘zlashtirish bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolagan.

Butun majmuaning qiymati 5,8 milliard dollarga baholangan. Gaz-kimyo majmuasining qiymati 2,9 milliard dollarni tashkil etgan (2021-yil aprel oyida loyiha 2 milliard dollarga baholangan). Majmua yiliga 5 milliard kub metr gaz qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Loyiha 35 yil muddatda Mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim shartlari asosida amalga oshiriladi, operator — Surhan Gas Chemical Operating Company MCHJ XK.

Burg‘ilash ishlarini Eriell kompaniyasi, gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obyektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlarini “tayyor holda topshirish” sharti bilan Enter Engineering kompaniyasi amalga oshiradi.

VEB.RF va “Gazprombank” 2021-yilda Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koni uchun Rossiya texnikasini eksport qilishga 900 million dollar miqdorida kredit ajratgan.

2023-yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, konni o‘zlashtirish uchun 1,45 mlrd dollar investitsiya kiritildi, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlandi, 11 ta gaz qudug‘i muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurilishi deyarli yakunlangan.