Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqqan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochi Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati. Ayni damda milliy terma jamoa hisobida oltin medallar soni beshta bo‘lib turibdi.

Elbek Sultonov yadro uloqtirishda 16,45 m natija ko‘rsatib, shaxsiy rekordini o‘rnatdi. Yorqinbek Odilov nayza uloqtirishda 50,32 m natija qayd etdi, 80 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi Asadbek Toshtemirov bo‘lsa barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi.

паралиmпия 2024, шавкат mирзиёев

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval prezident Paralimpiya o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritgan yengil atletikachilar Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev bilan telefon orqali muloqot qilgandi.

Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 5,22 m natija ko‘rsatib, salkam 30 yildan beri saqlanib kelayotgan Paralimpiya rekordini yangiladi. Yadro uloqtirishda Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev g‘olib bo‘ldi.

Prezident sportchilarni tabriklab, ularning g‘alabalari O‘zbekiston Mustaqilligi bayramiga munosib tuhfa bo‘lganini ta’kidladi. Paralimpiyachilarning mahorati va matonati butun xalqni, ayniqsa, yoshlarni ruhlantirayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev ularning murabbiylari va ota-onalariga o‘z minnatdorligini bildirib, qolgan g‘oliblarga salom va tabriklar yo‘lladi hamda o‘yinlarda barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.