1-sentabr kuni xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 14 nafar o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Mazkur guruhdagi bolalar Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan Ichki ishlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ul xodimlarining xizmat safarlari doirasida Toshkentga olib kelindi.

“Bolalar ota-onasi va o‘z yaqinlarining qaramog‘iga qaytariladi. Ularga o‘zlarining yashash manziliga yaqin „Inson“ ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bir qator ijtimoiy xizmatlar, jumladan, bolalarning o‘zlari va ularning oila a’zolariga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatib borish belgilangan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg, Moskva, Novosibirsk va Qozon shaharlarida qarovsiz qolib ketgan 31 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilovchi tuzatishlar aks etgan qonunni imzolagandi.

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.