Surxondaryo viloyatida vodorod sulfid chiqqan joyda tezkor shtab tuzildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, voqea joyiga bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov yetib bordi. Suratda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovni ham ko‘rish mumkin. Hozir bo‘lganlarning aksariyati niqobsiz yoki himoya vositalarisiz turibdi.

m-25, surxondaryo viloyati, vodorod sulfidi sizib chiqqan

Tezkor shtab tarkibiga tegishli vazirlik va tashkilotlar mutaxassislari kiritilgan, deyiladi xabarda. “Texnogen hodisa (vazirlik buni dastlab ofat deya atalgandi, post keyinroq tahrirlandi — tahr.) oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda”, — deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

Soat 12:16 da e’lon qilingan xabarda qurbonlar va jarohatlar yo‘qligi aytilgandi.

Soat 17:30 da “Gazeta.uz” Boysun tumani tez tibbiy yordam shifoxonasi ma’muriyati bilan bog‘lanib, zavodning ikki ishchisi kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar topdi.

“Kecha obyektning ikki ishchisi nafas olishi qiyinlashgan holda kasalxonaga yotqizilgan. Ularning ahvoli qoniqarli, barqaror. Ular shifokorlar nazoratida. Bu yerga Termizdan ham shifokorlar keldi… Halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q”, — deyiladi tibbiyot muassasasi bergan xabarda.

“Gazeta.uz” Surxondaryo viloyati hokimligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘lim holatlari haqida internetda paydo bo‘lgan xabarlar yuzasidan so‘rovlar yubordi.

Avvalroq FVV 1-sentabr kuni soat 15:17 da “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konining 604-qudug‘ida burg‘ilash ishlari vaqtida texnologik jarayonning buzilishi tufayli oltingugurt (vodorod sulfid) sizib chiqishi sodir bo‘lganini ma’lum qilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon atrofida yashovchi aholi xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

Vodorod sulfid — bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyatining yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

M-25 loyihasi haqida

2017-yil aprel oyida O‘zbekiston hukumati investorlar konsorsiumi — Gas Project Development Central Asia (oldingi “Gazprom” va Gazprombank qo‘shma korxonasi), Altmax Holding (Kipr) va “O‘zneftgazqazibchiqarish” bilan Surxondaryo viloyatida gazni qayta ishlash majmuasini qurish bilan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konini razvedka qilish va o‘zlashtirish bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolagan.

Butun majmuaning qiymati 5,8 milliard dollarga baholangan. Gaz-kimyo majmuasining qiymati 2,9 milliard dollarni tashkil etgan (2021-yil aprel oyida loyiha 2 milliard dollarga baholangan). Majmua yiliga 5 milliard kub metr gaz qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Loyiha 35 yil muddatda Mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim shartlari asosida amalga oshiriladi, operator — Surhan Gas Chemical Operating Company MCHJ XK.

Burg‘ilash ishlarini Eriell kompaniyasi, gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obyektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlarini “tayyor holda topshirish” sharti bilan Enter Engineering kompaniyasi amalga oshiradi.

VEB.RF va “Gazprombank” 2021-yilda Surxondaryodagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koni uchun Rossiya texnikasini eksport qilishga 900 million dollar miqdorida kredit ajratgan.

2023-yilning noyabr oyi holatiga ko‘ra, konni o‘zlashtirish uchun 1,45 mlrd dollar investitsiya kiritildi, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlandi, 11 ta gaz qudug‘i muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurilishi deyarli yakunlangan.

Gazni qayta ishlash zavodi (GQIZ)da gazni qazib olish va qayta ishlashdan tashqari, oltingugurtni granulalash va qotirish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, u suyuq oltingugurtni ikkita mumkin bo‘lgan konfiguratsiyada qattiq oltingugurtga aylantirish uchun mo‘ljallangan: granulalangan oltingugurt (sotish uchun) va saqlash uchun oltingugurt. Ushbu qurilmani GQIZga bevosita tutashgan alohida maydonchada joylashtirish rejalashtirilgan edi. Ishlab chiqarish hajmi yiliga 460 ming tonnaga baholangan.

Loyiha texnologiyasida ta’kidlanishicha, Boysun gazni qayta ishlash majmuasining o‘ziga xos xususiyati qazib olinayotgan xomashyo tarkibida kislotali komponentlar — vodorod sulfid (H2S) va uglerod dioksidi (CO2), ma’lum sharoitlarda ular bilan aloqa qiluvchi po‘lat quvurlar va uskunalar uchun jiddiy xavf tug‘diradigan kuchli korrozion faol aralashmalar mavjud bo‘lib, ularning shikastlanishi va buzilishi atrof-muhitning ifloslanishi, mahsulotning yo‘qotilishi, moddiy zarar va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.