1989-yil iyunida O‘zbekiston rahbariga aylangan Islom Karimov respublikani 27 yildan ko‘proq boshqardi. 2016-yilning 28-avgust kuni uning xastalangani va davolanishga muhtoj ekani, oradan besh kun o‘tib, 2-sentabrda esa uning vafot etgani rasman e’lon qilindi. Shundan beri sentabr oyining ikkinchi sanasi mustaqil O‘zbekiston birinchi prezidentini xotirlash kuni hisoblanadi.

Islom Karimov hayotligida jamoatchilik uning odatiy hayot tarzi, u yoki bu jarayonlarga qarashlari, u qanday inson ekani haqida katta tasavvurga ega emasdi. So‘nggi yillarda o‘z vaqtida birinchi prezident bilan yelkama-yelka ishlagan, u bilan hamfikr bo‘lgan ko‘plab arboblar Karimov haqidagi xotiralari bilan bo‘lishmoqda. Bu xotiralar, qaysidir ma’noda, hukmdorlik vaqti oddiy xalq uchun ko‘p jihatdan mavhum bo‘lgan rahbarning siyosiy va shaxs sifatidagi portretini chizish — uning qanday odam bo‘lgani haqida xulosa qilish imkonini beradi.

Birinchi prezidentni xotirlash kuni munosabati bilan “Gazeta.uz” so‘nggi vaqtlarda Islom Karimov haqida hikoya qilingan e’tiborga molik xotiralarning ayrimlarini bir sahifaga jamladi.

Nursulton Nazarboyev, Qozog‘iston birinchi prezidenti

2023-yil dekabrda Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Mening umrim. Qaramlikdan erkinlikka” nomli memuarlar kitobi e’lon qilindi. Kitobning bir necha o‘rinlarida O‘zbekiston birinchi prezidenti haqida ham so‘z boradi. Nazarboyev Karimovni “do‘stim” deb ataydi, xususan, uning Shanxay hamkorlik tashkilotining tuzilishidagi hamda Turkiya-Rossiya munosabatlarini yaxshilashdagi roli, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga munosabati vaqti o‘tishi bilan qanday o‘zgargani, chegara masalasini qanday hal qilgani haqida hikoya qiladi. Kitobdan quyidagi ikki hikoyani e’tiboringizga havola qilamiz.

Karimov — Nazarboyevga: “Kelib, yordam ber”

“Bir kuni O‘zbekiston rahbari Islom Karimov menga qo‘ng‘iroq qilib, oldiga borishimni so‘radi. “Nima bo‘ldi?” desam: “Yelsin rasmiy tashrif bilan kelyapti. Men u bilan gaplasholmayman. Urishib qolaman. U seni hurmat qiladi. Kelib, yordam ber”, dedi. Lekin bu alohida bir qo‘shni mamlakat bo‘lsa. U bilan birga borish g‘alati ko‘rinishi mumkinligini aytdim. Karimov esa gapida qat’iy turib oldi.

Men Toshkentga bordim. Kechki qabuldan so‘ng basseynda cho‘miladigan bo‘ldik. Islom Karimov birinchi bo‘lib suvga sho‘ng‘ib, qanchadir vaqt suv ostida turdi. U o‘z harakati bilan qolganlarni go‘yoki kim ko‘proq suv ostida tura olishi bo‘yicha musobaqalashishga chorlayotgandek edi. Yelsin bunday vaziyatlarda umuman tinch o‘tira olmasdi. U ham suvga sho‘ng‘ib, basseyn tubiga yotib oldi. Qo‘riqchilar soatlariga qarab, vaqtni hisoblay boshlashdi. Bir daqiqa o‘tdi, ikkinchisi o‘tyapti. Yelsin qo‘riqchilarining boshlig‘i Korjakov: “Agar hozir olib chiqmasak, u shu basseynda o‘lib qolishi mumkin”, dedi. Shunday deya, Yelsinni suvdan olib chiqishdi.

Bu aytganlarim — Yelsin fe’l-atvorining o‘ziga xosliklaridan biri. Yelsin yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lganlarga toqat qilolmasdi".

Foto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanFoto: Karimov fondi chiqargan “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

“Do‘stim Islom Karimov murakkab shaxs edi”

“O‘zbekistonni chorak asrdan ortiqroq boshqargan Islom Karimov o‘z mamlakati tarixida alohida o‘ringa ega. O‘zbekiston mustaqilligining iqtisodiy asoslarini yaratish ustida ko‘p mehnat qilgan bu inson bilan muloqot yillarini men alohida eslayman.

1998-yili biz poytaxtimiz — Ostonaning xalqaro taqdimotini o‘tkazdik. Tadbir katta forumga aylanib ketgandi. MDH mamlakatlari prezidentlari kelgan. O‘sha tantanada so‘zga chiqqan Islom Abdug‘aniyevich: “Mamlakat poytaxtini ko‘chirib, yangi shahar qurishga jur’at topish uchun odamda otning kallasidek yurak bo‘lishi kerak. Do‘stim Nursultonda esa mana shunday yurak bor”, — degandi.

Uning qat’iyatli xarakterga ega inson bo‘lganini tasdiqlovchi birgina misolni keltiraman. Ochiqchasiga aytganda, u murakkab shaxs edi. Istalgan muammo bo‘yicha o‘zining alohida, o‘ziga xos fikrini bildirardi. Shuning uchun ham u bilan erishilgan o‘zaro anglashuv qadrliroq bo‘lardi. Biz chegara masalasida soatlab gaplashganmiz. O‘zbekistonda aholi zich joylashmaganmi, ba’zi nuqtalarda chegara chizig‘i — ovul yo qishloq markazini qo‘ya turing — uy o‘rtasidan o‘tib ketgandi. Deylik, oshxona Qozog‘istonda bo‘lsa, yotoqxona — O‘zbekistonda. Nima qilmoq kerak, qanday yo‘l tutish lozim? O‘shanda odamlar manfaatiga moslashishga, aholi punktlarining milliy tarkibidan kelib chiqib qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelgan. Yoki Chordara suv ombori bilan bog‘liq misolni ko‘rib chiqsak. Suv havzasi bizda bo‘lgani bilan, to‘g‘on O‘zbekiston tarafda qolib ketishi mumkin edi.

Shunday kunlarning birida Islom Karimov menga qo‘ng‘iroq qildi. “Oldingga bormoqchiman”, dedi. Yaxshi. Ammo prezidentning kelishi bilan do‘stning kelib-ketishi orasida farq borku. “To‘xta. Muhokama uchun mavzularni belgilab olaylik, tayyorlanaylik”, — dedim. Islom Abdug‘aniyevich bo‘lsa: “Muhokama uchun hech qanday mavzu yo‘q, seni ko‘rmoqchiman, gaplashmoqchiman”. Undagi iztirob menga ham ko‘chdi. Uni kutib oldim. Norasmiy uchrashuv. O‘ta shaxsiy munosabatlar. O‘shanda biz boshimiz bilan suhbatga sho‘ng‘ib ketdik. Ko‘plab masalalarni ham hal qilib oldik. Xususan, chegaraga aloqadorlarini ham.

Islom Karimov o‘z mamlakatining bardam rahbari edi. Ba’zida o‘ng‘aysiz bo‘lib qolishini aytmasa, biz u bilan do‘st edik. Islom Abdug‘aniyevich kutilmaganda insultdan vafot etdi".

Jorj Krol, 2011−2014-yillarda AQShning O‘zbekistondagi elchisi

Jorj Krol. Foto: Kun.uzJorj Krol. Foto: Kun.uz

2011−2014-yillarda AQShning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlagan Jorj Krol 2024-yil yozida Harvard universiteti qoshidagi Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi taklifiga ko‘ra Markaziy Osiyodagi elchilik faoliyati xotiralari bilan bo‘lishdi. Unda prezident Karimov va elchi o‘rtasidagi iliq munosabat haqida, hatto Gulnora Karimova o‘z otasi bilan uchrashish uchun elchidan yordam so‘ragani haqida hikoya qilinadi (o‘zbek tarjimasi RFE/RL Uzbek Service’dan olindi).

2011-yil. (AQShning) O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga tasdiqlanganimdan so‘ng 4-iyul — milliy bayramimizga bor-yo‘g‘i bir hafta qolganda Toshkentga keldim. Baxtimga, salafim Dik Norland prezident Karimov bilan aloqalarni sezilarli darajada yaxshilagan edi. Qolaversa, O‘zbekistonning AQShdagi sobiq elchisi, o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtonda davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha muovini yordamchisi vazifasida ishlagan kamina haqida Karimovga iliq gaplar aytgan chog‘i, (Toshkentga) kelganimdan bir necha kun o‘tiboq Karimov mendan ishonch yorlig‘ini qabul qildi. Bu esa elchixonamizning yil davomidagi eng asosiy tadbiri — Mustaqillik kuni munosabati bilan rasmiy qabul marosimida to‘laqonli akkreditatsiyadan o‘tgan elchi sifatida raislik qilishimga imkon bergan edi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, bu men uchun “yuzochdi” marosimi ham edi. Moviy osmon va jazirama quyosh ostida obdon mashq qilganim — o‘zbek tilida ilk bor nutq irod etdim, bu marosimda jam bo‘lgan o‘zbekistonliklarga juda manzur bo‘ldi, chiqishim hatto davlat televideniyesi orqali namoyish etildi.

Bir kun avval bo‘lib o‘tgan Karimovga ishonch yorlig‘i topshirish marosimi butun elchilik vakolatim davridagi robitalarimiz qay o‘zandan ketishini belgilab bergandek bo‘ldi. O‘sha kuni ushbu marosimni oylab kutgan boshqa yangi elchilar ham ishonch yorlig‘ini topshirdi. Karimov meni oxirida qoldirgan edi. Bu yaxshimi, yomonmi — bilmadim. Yoki bu shunchaki protokol talabi bo‘lgandir. Axir men Toshkentga eng oxirgi bo‘lib kelgan elchi edim-da. O‘zbekiston prezidenti rasmiy qarorgohi bo‘lmish Oqsaroyning nashqu nigorlar bilan bezatilgan qabulxonasida unga ishonch yorlig‘ini topshirdim. Karimov qisqa muddat davom etgan marosimda xushmuomala ko‘rindi.

Shundan keyin Karimov menga ortidan qo‘shni bo‘lmagan yurishga ishora qildi. Menga stul taklif qildi. Ikkimiz ham o‘tirdik. (Men bilan) gaplashmoqchi ekan. U jiddiy alfozda, rus tilida uzoq gapirdi. AQSh prezidentlari, davlat kotiblari, avvalgi elchilar, senatorlar va boshqa amerikalik taniqli shaxslar bilan past-baland munosabati haqida batafsil so‘zladi. Bizga bergan va’dalari ustidan chiqqani, ammo biz unga bergan va’dalarimizga vafo qilmaganimizni urg‘uladi. (Bu vaqt ichida) na piyolalarga quyilgan choydan ichdik, na yog‘och o‘ymakorligining ko‘rkam namunasi bo‘lmish stolda tizilib turgan likopchalardagi quruq mevalar, yong‘oqlaru pishiriqlardan totindik.

Bir soatlardan keyin Karimov tin oldi. Mening galim kelgan edi. Uning butun monologi davomida mulohazalarini eslab qolishga harakat qilar ekanman, ayni shu uchrashuv uchun hozirlagan muxtasar nutqimni xayolimda takrorlar edim. Mana, imkoniyat eshigini bemalol qoqishim mumkin. O‘zbek tili muallimlarim davlat rahbariga murojaatning maqbul va matlub usuli deb o‘rgatgan yo‘sinda o‘zbek tilidagi yuksak ehtirom kalimalari bilan so‘z boshladim. Taxminan: “Zoti oliylari, janobi oliylari”, deb murojaat qilgandim.

Bu jumlalarni aytishim bilan Karimov kutilmaganda qo‘l sermab, meni to‘xtatdi. Bejo gap aytdimmikan?! Menga sinchkovlik bilan tikilgancha shunday dedi: “O‘zbekcha yaxshi gapirar ekansiz, lekin menga boshqa bunday so‘zlar bilan murojaat qilmang. Bu kabi tumtaroq murojaatlarni tojik (prezidenti) Rahmon kabilarga saqlab qo‘ying. Shunday ohanjamador murojaatlar uning jonu dili. Men esa kamtar odamman. Menga shunchaki janob prezident deb murojaat qilishingiz mumkin”. Keyin u tabassum bilan qo‘shib qo‘ydi: “Lekin o‘zbekcha gapirganingiz menga yoqdi. Buni tark etmang. (Mamlakatimiz) bo‘ylab sayohat qiling. Istasangiz ko‘rgan-bilganlaringizdan meni ham xabardor qiling. Hozirdan aytishim mumkin, bu yerda yaxshi ishlab ketasiz”.

Muz ko‘chgan edi.

Qisqa nutqimdan keyin yana bir soatlik asosan yakkaxon suhbat kechdi. Muloqot asnosida men O‘zbekistonning qo‘shnilari haqida keskin luqmalar, hazillar va pand-o‘gitlarni eshitdim. So‘ng Karimov o‘rnidan turdi va meni eshikka qadar kuzatib qo‘ydi. Keyinroq bildimki, u bu kabi mulozamatga hamma mehmonlarni ham noil etavermas ekan. Munosabatimiz yomon boshlanmadi.

U shaxs yoqadimi-yo‘qmi, qat’i nazar, elchi o‘zi akkreditatsiyadan o‘tgan mamlakat rahbari bilan soz munosabatda bo‘lgani ma’qul. Gap shundaki, bu diplomatning o‘z vazifasini qoyilmaqom bajarishi, ya’ni hukumat talab etayotganidek, o‘sha shaxsni muayyan fikr-qarashga ishontirishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu, ayniqsa, mamlakatni avtokrat davlat rahbari yakkaboshlik asosida, temir qo‘l bilan idora etayotgan holatda o‘ta muhimdir.

Inson huquqlari himoyachilari men, AQSh elchisi sifatida O‘zbekistondagi nomaqbul inson huquqlari holati uchun ham xos davralarda, ham jamoatchilik ko‘z o‘ngida Karimovni qoralashim lozim deb hisoblashar edi. Lekin, ochig‘ini aytsam, men bu xil yondashuv biror samara berganini ko‘rmaganman. Har holda, bunday xatti-harakat inson huquqlari himoyachilari jamoasiga xush kelsa-da, elchining diplomat sifatidagi faoliyat samaradorligiga raxna solgani, uning mamlakat rahbariyati, hukumati va hatto mezbon jamiyat bilan bevosita muloqot imkonidan mahrum etganiga guvohman. Inson huquqlari yomonlashuvi bobida gap borsa, hukumat yo‘ldan adashgan elchi yoki inson huquqlari jamoatchiligiga achchiq saboq berib qo‘yishga uringanidan noxushroq vaziyat bo‘lmasa kerak.

Men Karimovning shaxsiy qarashlari yoki boshqaruv uslubini o‘zgartirishga u qadar katta umid qilganim yo‘q. Lekin o‘ziga bino qo‘yishdan farqli o‘laroq, hurmat, muayyan ma’noda tushunish va yumor hissini ko‘rsatish orqali uning keskinligini biroz yumshatgandek bo‘ldim. Bunday yondashuv menga va Karimovning nisbatan jasur vazirlariga himoya shamsiyasi taqdim etdiki, ayrim murakkab masalalar, jumladan, inson huquqlari muammolarini hal etish yo‘lida qadam-baqadam ishlash imkoni tug‘ildi. Buning bosh sababi — boss meni hurmat qilardi. Buni ishontirishning nozik san’ati, ya’ni mening kasb-korim — diplomatiya deb atagan bo‘lur edim.

Men Karimovning safar qilish va bu haqda unga ma’lumot berib borish xususidagi maslahatiga ham rioya qildim. Asosiy vaqtimni Toshkentdagi elchixonadan tashqarida — viloyatlar bo‘ylab safarda o‘tkazishga intildim. Tabiiyki, men asabiy mahalliy mulozimlar bilan xo‘jako‘rsin rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishga majbur edim, ammo shunchaki aylanish, bozorlarga borish, do‘konlarga bosh suqish, odamlarni tinglash, muloqot qilish men uchun eng manfaatlisi edi. Xayriyatki, Karimov bilan “do‘stona” munosabatim va uning O‘zbekiston bo‘ylab safar qilish va tanishish haqida ko‘rsatmasi mendan avvalgi elchilar mamlakat bo‘ylab sayohat davomida duch kelgan bema’ni cheklovlarning ayrimlariga barham berdi. Rasmiy hamrohlar ulardan hukumat tuzib bergan tashrif dasturiga og‘ishmay rioya qilishni talab etgan, bu esa hukumat istaganidan boshqa shaxslar bilan uchrashmaslikni anglatar edi.

Men esa, aksincha, istagan odamim bilan gaplashib, istagan yerimga borishim mumkin edi. Menga biriktirilgan mahalliy protokol “noziri” e’tiroz bildirgan paytlarda shaxsan prezidentning topshirig‘ini bajarayotganim, safar va taassurotlar haqida unga hisobot berishimni aytar edim. Tamom-vassalom! Mulozim tag‘in Toshkentdan gap eshitib qolmay deb boshqa e’tiroz bildirmas edi. Har gal yil yakunida Karimovga “yillik hisobot” — diplomatik maktub yuborar, O‘zbekisonda ko‘rgan-bilganim barcha jihatlar — yutuq va muammolarni bayon qilar edim. Eshitishimcha, u maktublarimni qadrlar edi. Karimov bilan o‘zaro tushunishimiz mustahkamlanar, bu esa keyinroq o‘z diplomatik kun tartibimni ilgari surishda asqotar edi.

Karimov bilan uchrashuvlarni me’yordan oshirib yubormadim, ammo u yakkama-yakka suhbatlashgan, ehtimol, yagona elchi men edim. Uning o‘zi men qabul qilishini so‘raganimdan ko‘ra ko‘proq suhbatga chaqirardi. Amerika yuqori martabali amaldorlarining u bilan uchrashuvlarida ham hozir bo‘lganman. Shunday uchrashuvlar, xususan, mening rahbarim — davlat kotibi bilan muloqotda u kulibgina yomon elchi ekanimdan shikoyat qilgani yodimda: O‘zbekistonni besh qo‘ldek bilaman, ammo baribir hukumatimning O‘zbekistonga doir siyosatiga ta’sir o‘tkazishga ojizman. Men uning hazil tuyg‘usi va shirali tilini qadrlashimni ham cyezar edi. Amerikadan kelgan mulozimlar bilan uchrashuvlarda zaharxandayu pichingli so‘zlardan keyin, uning gaplari tarjima qilinayotgan asnoda, menga miyig‘ida kulgancha nigoh tashlar, kamina ham jilmayishdan o‘zimni tiyolmasdim.

Karimov, shuningdek, men qayerda bo‘lganimu nimalar qilib yurganimdan xabardor ekaniga ishora qilardi. Albatta, buni bilar va boshqacha bo‘lishi mumkin emasligiga ishonchim komil edi. Ochig‘ini aytganda, bu men duch kelgan xavotirli holatlar va xabarlarni unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazishda qo‘l kelardi. Butun karerasi davomida cheklov muhitida yashab ishlagan inson sifatida men muttasil kuzatuv va telefon so‘zlashuvlari tinglanishi kabi dahshatli hisni yengib o‘ta oldim. Meni kuzatishlaridan o‘z manfaatim yo‘lida foydalanishni o‘rgandim. Bu hol ayrim o‘zbek mahkumlarining og‘ir holatiga Karimovning e’tiborini qaratish imkonini berdi. Men ularning oila a’zolari bilan uchrashganimdan keyin ular kutilmaganda ozod etilar yoki ularning tutqunlik sharoiti yengillashtirilar edi.

Qaysidir vaqtda, elchiligim tugashiga yaqin Karimovning g‘alati oilaviy masalasiga ham aralashib qoldim. Yangi yil arafasi edi, elchixonada kech soatlarga qadar ishlab o‘tirgandim. Elchixonaning kirish eshigidagi qo‘riqchi menga qo‘ng‘iroq qilib, bir kishi zudlik bilan meni ko‘rmoqchi ekanini aytdi. Mehmon — Karimovning o‘sha paytda oiladan alohida yashayotgan to‘ng‘ich qizi, ekstravagant Gulnora Karimova edi. Yonida uning Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan ikki farzandi ham bor edi. Men ularni elchixonadagi mehmonlar uchun mo‘ljallangan xonalardan birida yakka qabul qildim.

Versace va Gucci liboslarini kiyib olgan Gulnora o‘z hayoti va muammolari haqida uzoq gapirdi. Men uni sabr bilan eshitarkanman, mendan nima xohlashini tusmollardim. Ko‘nglimda ishqilib elchixonamizdan boshpana so‘ramasin-da, degan xavotir bor edi. Men odatda hukumat bosimiga uchragan huquq himoyachilarining hikoyasini tinglardim, ammo ne tongki, hozir qarshimda O‘zbekiston prezidentining qizi turar va o‘z oilasi tomonidan ta’qib qilinayotganini aytayotgan edi.

Gulnoraning ikki soatlik odamni toliqtiruvchi monologi (ha, u otasining qizi edi) so‘nggida ohistagina mendan nima xohlashini so‘radim. U otasi bilan uchrashuv tashkil qilib berishimni so‘radi. Uning iddaosicha, onasi, singlisi va Karimovning atrofidagi a’yonlar uning Gulnorani ko‘rishiga to‘sqinlik qilishayotgan ekan.

Shundan so‘ng yengil nafas oldim va soat millari yarim tun hamda yangi yilga qarab og‘arkan, Gulnora va farzandlarini ko‘chaga, ularni kutib turgan yo‘ltanlamasga kuzatib qo‘ydim. Kuzatarkanman, otasi bilan uchrashuv masalasida qo‘limdan kelganicha harakat qilishimni aytdim. Ertasiga — Yangi yil kuni Karimovga xabar yetkazishga muvaffaq bo‘ldim. Biroz vaqt o‘tgach Gulnora menga xursandchilik bilan xabar yo‘llab, uchrashuv belgilanganini aytdi. Keyinroq Gulnora menga uchrashuv yaxshi o‘tmagani, otasi g‘azab ustida unga shippagini uloqtirganini aytib berdi. Shundan keyin Gulnorani boshqa ko‘rmadim.

Garchi Gulnoraning ko‘pgina kamchiliklari bo‘lgan va u bir navi aktrisa bo‘lgan esa-da, tan olishim kerak, u prezident qizi bo‘lish qanchalik og‘ir ekanini aytgan payt men unga bir qadar achindim. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u o‘z irodasiga qarshi otasining mayli bilan turmushga uzatilgan va bola tug‘ib uyda o‘tirishi kerak edi.

Gulnora otasining biznes va siyosatdan uzoq turish, diplomat kasbini tanlash haqidagi maslahatiga amal qilmaganidan afsusda ekanini aytdi. Oxir-oqibat u o‘z tanlovi bilan yashashga majbur bo‘ldi.

Karimov men bilan suhbatda bu voqeani biror marta ham eslamadi. Ammo pirovardida menga ishonchli odam sifatida munosabatda bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Shundan so‘ng men yana bir-ikki marta Karimov meni o‘zining qarorgohida ko‘rishni istayotgani haqida xabar oldim. Odatda bunday uchrashuvlar kechki payt bo‘lar edi. Men nima uchun ko‘rmoqchi bo‘layotganini oldindan bilolmasdim — elchixonamizdan ranjimadimikan, biror kishi bilan ko‘rishganimizdan g‘azabga kelmadimikan, degan xavotir bo‘lardi. Lekin keyinchalik bilsam, u shunchaki gaplashmoqchi bo‘lgan ekan. Suhbat chog‘ida o‘zining xorijiy davlat rahbarlari bilan oxirgi uchrashuvlari haqida gapirdi. Dunyodagi ahvoldan nolidi, o‘zining o‘tmishdagi ba’zi harakatlaridan afsuslanishini ham aytdi, ammo o‘sha payt nima uchun aynan shunday qilganini asoslashga urindi. Men o‘zimni diplomatdan ko‘ra ko‘proq psixiatrdek his qildim va keyin o‘yladim: diplomat ham bir navi psixiatr emasmi?

Bu tungi seanslar menga Karimov shaxsiyati va zehniyati haqida juda qimmatli ma’lumotlarni berdi. Garchi u men bilan o‘zi haqida Vashingtonga yoziladigan hisobotlardagi imijini yaxshilash uchun o‘yin qilayotgan bo‘lishi mumkinligini nazardan soqit qilmasdim.

O‘zining monologlari so‘nggida u mendan shaxsiy fikrim, shuningdek, Vashingtondagi odamlar va siyosat haqida so‘rardi. Bu men uchun Karimovga Vashingtonning unga berayotgan bahosini yetkazish va, shuningdek, agar o‘z imijini yaxshilashni istasa, nimalar qilishi mumkinligi haqidagi fikrimni bo‘lishish imkonini berardi. U meni diqqat bilan eshitar va xo‘rsinib qo‘yardi. Suhbatlarimizdan birida u bergan izoh hamon yodimda: “Janob elchi, men uzoq vaqtdan beri siyosatdaman. Men bir narsani o‘rgandim: oq qo‘lqop bilan siyosat qilish mumkin emas. Siyosat har doim jirkanch ish bo‘lgan, hozir ham shunday va kelajakda ham shunday bo‘lib qoladi”.

O‘zim ishlagan mamlakatlardagi siyosatiy kuzatishlarim, shuningdek, AQShdagi siyosatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, men uning fikriga qo‘shilishga majbur edim. Siyosat, bu — changalzor va unda odatda moslashuvchilar yoki makkorlar va yo-da shafqatsizlar omon qoladi.

Islom Karimov va Tatyana Karimova AQSh birinchi xonimi Hillari Klinton bilan, 1997-yil. Fotosurat “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanIslom Karimov va Tatyana Karimova AQSh birinchi xonimi Hillari Klinton bilan, 1997-yil. Fotosurat “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

Karimovning Markaziy Osiyo va butun mintaqaga nisbatan yondashuvi hayratlanarli darajada chuqur va to‘g‘ri ekanligini ichimdan his qildim. Afsuski, uning ko‘plab amerikalik suhbatdoshlari Karimovning so‘zlariga ko‘p ham toqat qila olmas edi. Ammo, amerikalik mehmonlardan farqli o‘laroq, Karimov butun umri davomida Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan va o‘z mintaqasi va uning muammolarini mehmonlardan ko‘ra yaxshiroq bilgan. AQSh davlat kotibi Klinton bilan uchrashuvlardan birida Klinton Karimovdan Markaziy Osiyoga rahbar bo‘lish uchun o‘z ta’siridan foydalanishni o‘ylab ko‘rishni so‘raganini yaxshi eslayman.

Karimov yig‘ilishda odatdagidek qalamni tutgancha o‘tirardi. Shunda u jilmayib, taklif uchun Klintonga minnatdorchilik bildirdi, so‘ng esa qo‘shnilari uni hech qachon rahbar sifatida qabul qilmasliklari haqida gap boshladi.

“Ular xudbinliklari sabab menga hech qachon quloq solmaydilar, bundan tashqari, men uchun ustuvor davlat — O‘zbekiston, boshqasi emas”, deya javob berdi. Keyin u o‘zining sevimli iboralaridan biri, Cherchillning gapini takrorladi: “Davlatlarning do‘stlari bo‘lmaydi, faqat manfaatlari bo‘ladi”.

Avval davlat kotibiga, so‘ng esa menga qarab, chinakam Karimov uslubida: “Agar Markaziy Osiyoga yetakchi xohlasangiz, do‘stingiz Nazarboyevga ayting. U rahbar deb atashlarini YAXSHI KO‘RADI”, deya maslahat berdi.

Karimov amerikalik mehmonlarni, ayniqsa amerikalik generallarni Afg‘onistonda, Iroqda, Yaqin Sharqda, shuningdek, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda muqarrar muvaffaqiyatsizliklarga duch kelishini aytib, tanqid qilardi. Uning bu samimiyligi, tabiiyki, mehmonlarga yoqmasdi, lekin afsuski, uning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Toshkent AQShning yuqori martabali mulozimlari va Kongress delegatsiyalari uchun nega serqatnov manzil bo‘lmagani ajablanarli emas — agar ularga Karimovdan biror narsa kerak bo‘lmasa, albatta, masalan, Afg‘onistonga harbiy yuklarni olib o‘tish singari masalalarda.

Qizi Gulnoraning taqdiridan kelib chiqqan holda ham aytishim mumkin, men bilgan Karimov, hatto oilasiga nisbatan ham iliq odam emas edi. U har doim hamma narsada ustunlikka ega, biroq ko‘pincha haq edi. Karimovning bolalik davriga nazar tashlasangiz, u oila mehrisiz ulg‘aygan, yoshligidayoq shafqatsiz dunyoga tashlangan va, ehtimol, u o‘sha dunyoda zo‘ravonlik, irqchilik va katta kamsitishlarga uchraganini anglaysiz. U hech qachon bolaligi haqida gapirmagan. Karimovda Nazarboyevga o‘xshagan shaxslar, uning nazarida o‘zidan aql-zakovatda orqada, lekin ko‘proq e’zozlangan odamlarga nisbatan ichki dushmanlik bor edi.

U qattiq o‘qidi, jiddiy o‘yladi, uning ovozi, qarashlari hurmat qilinishi kerakligini his qildi.

Karimov O‘zbekistonni boshqarishga nihoyatda jiddiy kirishdi. U o‘zini xalqi va boshqa davlatlar tomonidan hurmat qilinishini istagan o‘zbek milliy o‘ziga xosligini shakllantirishga bag‘ishladi. Karimov uchun birgalikda yoki jamoaviy qaror qabul qilish degan tushuncha yot edi. U Moskva ta’limini olmagan bo‘lsa-da, hayotini sovet O‘zbekistonining (hatto sovet me’yorlari bo‘yicha ham) qoloq bir chekkasida o‘tkazgan, bu uning tajribasi va dunyoqarashini cheklagan edi. Karimov sovet O‘zbekistonining chirkin dunyosida siyosiy omon qolish san’atini juda puxta va tez anglab yetdi. Buni amalda qo‘llashi esa uning ichki va tashqi siyosatdagi yondashuviga ta’sir ko‘rsatdi. Karimov idealist emas edi, o‘zini haddan tashqari realist deb hisoblardi.

AQShning Qozog‘istondagi elchiligiga nomzodim e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Oqsaroyga oxirgi taklifnomani oldim. Karimov tashqi ishlar vaziri Komilov hamrohligida o‘tirar edi. U suhbatni Ostonaning ibtidoiy madaniyati va sovuq havosi uchun nega madaniyatli va iliq O‘zbekistonni tark etayotganimni so‘rashdan boshladi.

“Bizni, taomlarimizni, madaniyatimizni yoqtirmaysizmi? O‘sha ko‘chmanchilardan farqli o‘laroq, bizda madaniyat bor”, deya meni tanqid qilgan bo‘ldi va Vashingtonga shikoyat qilishini, hatto menga chiqish vizasi bermaslik haqida o‘ylab ko‘rishini ham qo‘shib qo‘ydi.

Men esa “prezident buyruq bersa, diplomat bo‘ysunishi kerak, mening prezidentim shunday buyruq berdi. Men ham xuddi sizning elchingiz kabi bo‘ysunishga majburman”, deya javob berishdan nariga o‘tmadim.

Qozoq madaniyati va oshxonasiga moslashib ketishimga shubham yo‘q edi. Shundan so‘ng Karimov jilmayib qo‘ydi va makkor qozoqlarga, ayniqsa hamkasbi Nursulton Nazarboyev bilan qanday munosabatda bo‘lish borasida bir-ikki maslahat berdi. Bu so‘nggi uchrashuvimiz va O‘zbekistonning birinchi prezidentidan olgan so‘nggi darsim edi.

Krol memuarlarining Nazarboyevga bag‘ishlangan ikkinchi qismida (unda ham, qozoq davlat rahbariga ta’rif berish jarayonida, O‘zbekiston yetakchisiga ham baho berib ketavergan) Qozog‘iston prezidenti AQSh elchisi bilan muhokama qilishni yoqtiradigan mavzulardan biri aynan Islom Karimov bo‘lganini ta’kidlagan: “Nazarboyev men bilan muhokama qilishni yoqtiradigan mavzulardan biri — uning janubdagi hamkasbi Karimov edi. Qozog‘istonga kelganimdan keyin Nazarboyev bilan bo‘lgan ilk uchrashuvimizda, u Karimov bilan oxirgi suhbatim mazmunidan yaxshi xabardor ekanini ko‘rsatib, tabassum bilan Ostonada sovqotmayapsizmi, ovqatlarimiz va boy qozoq madaniyati yoqyaptimi-yo‘qmi, deb so‘radi. Keyinchalik bu o‘rtamizdagi bir hazil gapga ham aylanib qoldi”.

Murod Muhammad Do‘st, 1993−1999-yillarda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi

Islom Karimov ijodkorlar bilan uchrashuvda. Murod Muhammad Do‘st — orqa fonda, qora ko‘ylak va yo‘l-yo‘l galstukda. Foto: “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidanIslom Karimov ijodkorlar bilan uchrashuvda. Murod Muhammad Do‘st — orqa fonda, qora ko‘ylak va yo‘l-yo‘l galstukda. Foto: “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” fotoalbomidan

“Lolazor” romani muallifi, yozuvchi Murod Muhammad Do‘st 2024-yil yanvarida “Lolazor” podkastida mehmon bo‘lib, jumladan, Islom Karimov haqidagi xotiralari bilan bo‘lishgan edi. Unda bozorga ham qo‘riqchilarisiz bir o‘zi borib keladigan prezident qanday qilib izolyatsiyada qolib ketgani, uni qanday aldashga urinishgani va uning o‘zi nimalardan nafratlangani haqida so‘z boradi.

Islom Karimov qanday inson edi? Murod Muhammad Do‘st bu savolga bir so‘z bilan, oson javob berish mushkul ekanini tan olgani holda, Islom Karimov “katta shaxs” bo‘lgani, shu bilan birga “ba'zan shafqatsizlarcha qattiqqo‘l ham bo‘lgan"ini ta’kidlagan.

“Ayni zamonda uni oddiy bir odamlardek xursand bo‘lgan yoki boshiga musibat tushgan paytlarda qayg‘urgan holatlarini ham ko‘rganman. Hamma qatori odam [edi], u odamni gardaniga tushgan yuk juda og‘ir edi-da. O‘jar edi, siyosatda ham ko‘pincha shu o‘jarligi qo‘l kelardi. Ko‘proq O‘zbekiston manfaatlarini o‘ylab, ba’zi paytlarda dushman orttirishdan ham qo‘rqmasdi. [Isroil bosh vaziri Benyamin] Netanyahu bilan birinchi uchrashgani yodimda. Bir-biriga o‘ta g‘alati va ziddiyatli, xuddi dushmanga qaragandek qaragan. Keyin ikkalasi yaqin bo‘lib qolgan. Agar Islom akaning qarshisidagi odam tepadan kelsa, uning ham birdan o‘zbekligi tutardi”, — deydi yozuvchi.

Yozuvchi birinchi prezidentning o‘ziga xos xarakter egasi, anchagina qaysar bo‘lganini ifodalab bera oladigan bir voqeani ham hikoya qilib berdi.

“Farg‘ona prokurori ustidan o‘zimizning apparat odamlari, viloyat hokimligi va boshqalar tomonidan shikoyatlar tushgan. Keyin Islom aka: „O‘sha prokurorni tekshiringlar va yo‘qotinglar“, deb topshiriq berdi. Uni mutasaddi odam tekshirdi-da, hech qanday chora ko‘rmadi. Karimov keyin uni yana chaqirib: „Nimaga uni yo‘qotmading?“, dedi. „Tekshiruv davom etyapti, lekin biz hozircha hech narsa topolmadik“, deya izohladi. „Seni qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, biror narsani eplab qilolmaysizlar“, dedi Islom aka. Oradan yarim yil o‘tdimi, o‘sha paytda bosh prokurorning birinchi o‘rinbosarini [tayinlash kerak bo‘lib qoldi]. Nomzod qilib uni olib kirishadi — o‘tmaydi, bunisini olib kirishadi — o‘tmaydi. Shunda: „Odam topish ham qo‘lingdan kelmaydi-da, a? Hammasini o‘zim qilishim kerakmi? Saqlab qolganing bor-ku, Farg‘ona [prokurori], o‘shani olib kelib qo‘y“, degan. Keyin o‘sha odamni olib kelib qo‘yishdi. Hozir u akamiz rahmatli bo‘ldi — juda hurmatli, yaxshi va aqlli odam edi. Ancha vaqt ishladi, keyin davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ham ishladi, menimcha. Lekin shu odam qurbon bo‘lib ketishi ham mumkin edi. Topshiriq olgan tekshiruvchi sallani olib kel desa, kallani olib kelishi ham mumkin edi-da. Lekin shu ishni qilmagan”, — deydi u.

Murod Muhammad Do‘stning qayd etishicha, oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, ba’zi masalalarni, xususan, “yon-atrofdagi mamlakatlardan, „orqadan“, „pastdan“ qilingan munosabatlarni, hech kim bilmaydigan narsalarni” hali ham ochiq aytib bo‘lmaydi.

“Men sizlarga shunchaki bir sha’ma qilishim mumkin. Misol uchun, O‘zbekistonga qarshi kayfiyatda bo‘lgan ayrim terroristik deb tan olingan tashkilotlar ham o‘zidan o‘zi paydo bo‘lgan emas. Qaysidir biri qo‘shnimizning hududida, qaysidir biri yana bir do‘stimizning moliyaviy ko‘magida tashkil qilingan. Bularning ko‘pini aytib bo‘lmaydi. Ammo Islom aka shularni ko‘rganida kuyunib ketardi. Aytaylik, ko‘pincha toliblarning snaryadlari Termiz atrofiga kelib portlagan paytlari bir vagon snaryad ololmaganimizni eslab, xafa bo‘lardi. „O‘zimiz bo‘lishimiz kerak, hamma narsa o‘zimizda bo‘lishi kerak, sen uchun hech kim qayg‘urmaydi, o‘zbek o‘zi uchun o‘zi qayg‘urishi kerak“, derdi”, — deya xotirlaydi yozuvchi.

“Ba'zida men urishib qolardim. „Nima, sen siyosatni tozagina qo‘l bilan [yuritmoqchi bo‘lasanmi?]“, derdi. „Hech bo‘lmasa nisbatan toza qo‘l bilan siyosat qilish kerak“, der edim. [Karimov] urishardi, lekin ba’zi paytda shu gapga ham ko‘nardi. Siyosatda baribir do‘st bo‘lmaydi-da. Siyosatda ittifoqchi ham bo‘lmaydi. Bugun ittifoqchi, ertaga u xizmatini o‘tab bo‘lganidan keyin, uni chekkaga chiqarib, boshqa bir maqsadga xizmat qiladigan ittifoqchini topishga to‘g‘ri kelib qoladi”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Prezidentligining dastlabki yillarida Islom Karimov bir o‘zi bozorlarga borgan, matbuot anjmunlarida unga oldindan tayyorlanmagan, erkin savollar berilgan, ammo oradan vaqt o‘tib, Murod Muhammad Do‘stning qayd etishicha, prezidentning atrofida devor (izolyatsiya) paydo bo‘lgan.

“Boshida [Islom akani] oldiga Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa vazirliklari va Davlat xavfsizligi rahbarlari, ba’zi paytlarda gazetalarning muharrirlari kirardi, ammo muharrirlarni kamdan-kam chaqirardi. Matbuot anjumanlari bo‘lganida erkin savollar berilardi. Birinchi yillarda Islom aka qo‘riqchilardan qochib, o‘zi Oloy bozorlariga borib kelardi. Vaqt o‘tib, atrofida izolyatsiya paydo bo‘lgan”, — deydi adib.

“Odamzot bir joyda ko‘p o‘tirib qolganidan keyin nuqul yaxshi gap eshitgisi, xursand bo‘lgisi keladi-da. Shundan keyin xunukroq axborotlarni undan yashira boshlashadi. Masalan, gazetalarda salgina tanqidiyroq material chiqqan bo‘lsa, o‘sha soni olib qo‘yilar, [prezidentning yoniga kiritilmas edi]. „Falon gazeta qani?“ deb so‘rasa, bugun chiqmadi deyilardi. Yodingizda bormi, Markesning asarida prezidentning bir o‘zi uchun gazeta bir nusxada chiqariladi-ku… O‘sha vaqtda prezidentdan axborotni yashirish bor edi”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

“Bir kuni turmadan 14 metrli chox qazib, uch-to‘rtta mahkum qochib ketdi. Islom akaga shuni: „7 metr chox qazilgan“, deb axborot kiritishdi. Keyin men axborot kiritgan odamdan buning sababini so‘radim. U bo‘lsa: „14 metr bo‘lgunicha qarab o‘tirdilaringmi, deydi, 7 metr deb berilsa, yaxshi bo‘ladi, deb o‘yladim“, deya javob qaytardi. Men „Turmadan baribir qochishgan bo‘lsa, nima farqi bor?“, dedim. Xavf-xatarning ham, boshqasining ham metrini, gradusini, grammini kamaytirishardi. Said Ahmad akani bir hazili bo‘lardi. Toshkentda zilzila bo‘lgan paytda balini kamaytirib aytishardida. Said Ahmad aka rahmatli: „Xayron qolasan, shu balimizdan ham urib qoladi-ya“, derdi. Bu axborotni to‘g‘ri kiritmaslikdan — filtr qilinardi”, — deydi u.

O‘zbekistonda milliy valyuta — so‘m muomalaga kiritilganidan ko‘p o‘tmay, 1996-yilda valyuta konvertatsiyasi cheklandi. Bu cheklovlar keyinchalik kuchayib, faqat 2017-yilga kelibgina bekor bo‘ldi. Murod Muhammad Do‘stning fikricha, konvertatsiyaning cheklanishi mamlakatdagi “bir hovuch odamlar"ning boy bo‘lishiga xizmat qildi, xolos.

“Konvertatsiya masalasi 1994-yilda boshlandi. O‘zbekistonning ham, Islom akaning ham eng katta xatosi shu yerda bo‘lgan. Islom akaga: „Valyuta [chetga] chiqib ketadi, yerda o‘tirib qolamiz“ , deyishardi. Lekin birortasi „Islom aka, bu o‘zbek nonni qulog‘iga yemaydi, og‘ziga yeydi. Valyutasini olib chiqsa, uning o‘rniga biror narsa olib keladi. Kerak bo‘lsa, yana olib chiqib sotadi“, demagan. Xullas, valyutani nazorat qila boshlashdi. Keyin konvertatsiya degan narsa chiqdi. O‘sha odamlar uchun konvertatsiya o‘ylab topildi. Bo‘lmasa, agar o‘sha turishimizda ketganimizda, iqtisodiyot liberallashib boraverganida, [hozir hammasi boshqacha bo‘lardi]. [O‘sha paytda iqtisodiyotda] start pozitsiyamiz Qozog‘istonnikidan yaxshi edi. O‘shanda [Islom akaning] atrofida 100 ta oila boy bo‘lib oldi, milliarderlar va boshqalar paydo bo‘ldi. Shu juda katta xato bo‘ldi. Valyuta nazorati bir hovuch odamlar qo‘lida bo‘ldi, valyutada to‘rtta kurs paydo bo‘ldi. Biz valyuta almashtirishga kuchi yetadigan odamlarni boyitdik. [Islom aka] ham, menimcha, buni bilardi. Chunki u odam baribir iqtisodchi edi. Lekin imkoni bo‘lmaganmi, bilmadim…”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Islom Karimov Mustaqillikning dastlabki yillari o‘z tug‘ilgan kunlarini, xizmat safari bilan har yili Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga borgani uchun, Shveysariyaga nishonlagan.

“[Islom akaning tug‘ilgan kunini] to‘rt-besh marta Shveysariyada — Davosda nishonlaganmiz. Netanyahu bilan ham o‘sha yerda uchrashgan. Tug‘ilgan kunida oddiygina stol tayyorlanib, dasturxonga ovqatlar [tortilardi], „suxoy“ vino [ham bo‘lardi]. Islom akaning ichimligini [nazorat qiluvchi shaxs] doim qo‘lida olib yurardi. Biror joyga qo‘ysa ham o‘sha yerdan ko‘zini uzmasdi, xavfsizlik nuqtai nazaridan. Keyin, bir-ikki marta [Toshkentda] ham nishonlangan. Lekin uyida qanday nishonlaganini bilmayman. Tug‘ilgan kunida oldiga kirib, gulga o‘xshagan narsa berilardi. [Amaldorlar] unga sovg‘a berishga qo‘rqardi. Islom aka ham ba’zida boshqalarni tug‘ilgan kunidan xabar topsa, xonasiga kirib tabriklardi”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

Taniqli ijodkorning so‘zlariga ko‘ra, Karimov amaldorlarning o‘zaro quda bo‘lishini yomon ko‘rgan.

“Bir kuni bittasi to‘yga taklifnoma olib kiribdi. Sal oldinroq uning qudasi ham [taklifnoma] olib kelgan ekan. Islom aka: „Ko‘rmaysanmi bularni, bunisining puli, unisining esa qo‘lida kuchi bor. Ertaga birortasida muammo bo‘lsa, bunisi o‘g‘lini yoki unisi qizini qo‘yib yuboradi“, degandi. Lekin ular bir-birini qo‘yib yubormadi. Sababi — chambarchas bog‘lanib ketishdi. Islom aka kattalarning bir-biri bilan quda bo‘lishini yomon ko‘rardi. Ularning nima maqsadda quda bo‘layotgani tushunarliku”, — deydi Murod Muhammad Do‘st.

2007-yilda Murod Muhammad Do‘st ssenariysi asosida “18-kvadrat” filmi suratga olingan. Yozuvchining yodga olishicha, Islom Karimov filmning dastlabki versiyasini ko‘rib chiqqach, 24 banddan iborat tuzatishlar ro‘yxatini taqdim etgan.

“Masalan, film qahramoni bo‘lgan militsioner yigitni terrorchi ayol „Akajon, meni qutqaring!“ deb kelib, quchoqlaganidan keyin portlab ketadigan sahna bor edi. Islom aka o‘sha joyini oldirtirib tashlagan. Sababini so‘rasam, „Yomon namuna — yuqumli“, degan. Bundan tashqari, ona obrazi va duo bo‘lishi kerak, degan fikr bergan, buni kiritganmiz”, — deya eslaydi yozuvchi.

“Filmda DAN xodimining ustidan kulinadigan joylar bor edi. Rahmatli Obid Asomov DAN xodimi rolini ham o‘ynagan edi. „Shundoq ham bularning ustidan hamma kuladi, qo‘yinglar endi — sizlar ham kulmanglar“, degan (kuladi). Biz Islom akani „bosh rejissyor“ derdik. Erinmagan odam-da, filmga aralashib, 24 punktdan iborat tuzatish bergan — g‘alati-da bu”, — deydi u.

Islom Karimov o‘z xatolarini tan olishga moyil bo‘lgan, ammo, Murod Muhammad Do‘stning ta’kidlashicha, prezidentga xatolarini aytadigan odam bo‘lmagan.

“Ba'zi paytlarda Islom aka „Nega menga hech kim gap qaytarmaydi, men ham xato qilaman-ku?! Nega hech kim sen noto‘g‘ri gapiryapsan, deb aytmaydi“, derdi. U o‘zining xatolarini tan olishga moyil edi. Lekin uning xatosini aytadigan odam yo‘q edida. Bir kuni Islom aka hazillashib: „Sen men haqimda qachon yozasan?“, dedi. „Islom aka, siz haqingizda ketganingizdan keyin yozaman. Bugun maqtayotganlarning hammasi o‘shanda sizni so‘kadi, men esa to‘g‘ri gaplarni yozaman, qanday ko‘rgan bo‘lsam, shunday yozaman“, dedim. Bu gapim unga yoqmadi. Balki gaplarimni: „Bu dunyodan o‘tganingizdan keyin“, deb tushundimi, bilmadim. Lekin men [Islom Karimov] haqida hali yozganim yo‘q. U haqida o‘zimning qarashlarim bor. Xatolarini ham, yaxshi fazilatlarini ham bilaman. Ba’zan „Sizlar to‘g‘ri aytgan ekansizlar“, degan paytlari bo‘lgan. Masalan, gap qaytarsangiz, ikki-uch kun arazlab, telefon qilmasdan, gaplashmay qo‘yardi. Keyin: „Sizlarni aytganlaring bo‘la qolsin, mayli bilganingni qil“, deb qo‘yardi. U ham tan olgani bo‘lardi. To‘g‘ri gap bor, lekin haqiqatni aytadigan odam yo‘q. Shuning uchun haqiqat oyoqning ostida qolib ketadi-da”, — deydi yozuvchi.

Murod Muhammad Do‘st o‘z vaqtida Karimovning shaxsiga va u bilan birga O‘zbekistonning kelajagiga qattiq ishonganini ta’kidlarkan, jumladan, shunday deydi: “Ilgari ham aytganman, men xohlaymanmi, xohlamaymanmi, yaxshimi, yomonmi, masalan, uning hamma gunohlariga sherikman — yonida bo‘lganman-ku. O‘zimni oqlamoqchi emasman. Balki men biror yomon ishda qatnashmagan bo‘lishim mumkin, lekin men — sherikman. Ammo biz unga juda qattiq ishonganmiz. Uning shaxsiga, O‘zbekistonning kelajagiga va boshqasiga nisbatan ko‘ngilda ishonch bor edi. Bo‘lmasa, menga pishirib qo‘yibdimi u yerga borib ishlashni? Ko‘ngilda bir nimadir bor edi-da, yaxshi ishlar qilamiz, deb o‘ylagan narsalarimiz bor edi”.

Azamat Ziyo, 1999−2000-yillarda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi

Islom Karimov 1999-yil 16-fevral voqealari vaqtida televideniyega intervyu bermoqda, orqa fonda — Azamat Ziyo. Kadr: YouTube / Islam KarimovIslom Karimov 1999-yil 16-fevral voqealari vaqtida televideniyega intervyu bermoqda, orqa fonda — Azamat Ziyo. Kadr: YouTube / Islam Karimov

Tarix instituti direktori Azamat Ziyo 2024-yil avgustida “Kun.uz"ga bergan intervyusida Islom Karimovning tarixga qanday munosabatda bo‘lgani haqidagi savolga javob berdi.

Islom akaning bizni xalqimizning tarixi haqidagi tushunchalari sovet tarix kitoblaridan shakllangan. Bir kun menga gapdan-gap chiqib: “Mana, sen Muhammad Shayboniyxonni ulug‘laysan, vaholanki, u temuriylarni yo‘q qildi-ku”, deb qoldilar. Sal tajriba to‘plab, aylantirib, diplomatlik bilan gapirishga o‘rgangan paytim edi — Islom akaga dadamlar (tarixchi Hamid Ziyoyev — tahr.) ham shunday fikrda ekanliklarini aytdim, chunki dadamlar haqiqatan ham shunday fikrda bo‘lganlar".

Karimovning savoliga javob tariqasida Azamat Ziyo “O‘zbekiston davlatchilik tarixi"ni yozganida otasi bilan bo‘lgan suhbatni aytib bergan. U o‘shanda otasiga: “Dada, sizlar o‘zbek xalqi va bugungi O‘zbekiston tarixi haqida gap ketganda qariyb 450 ming kvadrat kilometrli, bir paytlar Lenin, Stalin bobo tuzib bergan O‘zbekiston SSR maydonida fikrlaysizlar”, — degan.

Tarixchining tushuntirishicha, “aslida davlatimiz va bizning millat tarixi xuddi Misr ehromlarinikiga o‘xshash — biz hozir uning uchida turganimiz bilan, uning poydevori keng”. U turkiy xalqlar yashagan hudud Qora dengizdan Yapon dengizigacha bo‘lgan ulkan kenglikni qamrab olgani, Turon, Turkiston uni madaniy o‘troq bo‘lagi, markaz hisoblangani haqida ma’lumot berarkan, otasi bilan bo‘lgan suhbatning davomi bilan bo‘lishadi.

“Muhammad Shayboniy va Shayboniylar shu turkiy dunyoning ko‘chmanchi bo‘lagini vakillari bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur, Temuriylar esa o‘troq — bu yerda hokimiyatni ushlab, markazda o‘tirganlar. Muhammad Shayboniyxonni shu Turkiston, Turon davlatini boshqarishga qanchalik davosi bo‘lsa, Zahiriddin Muhammadda ham bo‘lgan va teskarisi”.

U misol tariqasida ko‘pincha qoralanadigan Muhammad Shayboniyxonning o‘ziga yarasha shoir va yaxshi arbob bo‘lgani, shu bilan birga, Boburni qancha yaxshi ko‘rmasin, uning ham xatolari bo‘lgani, buni uning o‘zi ham “Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi”, deya tan olgani haqida fikrlari bilan bo‘lishib, bizda bir shaxs yo oppoq yoki qop-qora ko‘rsatilishi, aslida esa hammada ham kamchilik bo‘lishini qo‘shimcha qiladi.

“Boburni ulug‘laymiz deb boshqa bir bobomiz — Muhammad Shayboniyni yerga urishimiz kerakmi? Agar biz hozir Muhammad Shayboniyni bosqinchi desak, uni bizga dushman qilsak, u hozirgi Qozog‘istonning hududiga to‘g‘ri kelib qoladi — Dashti Qipchoq. Unda 100 yilimiz nima bo‘ladi, degan savolni berganman [dadamga]. Islom aka ham xuddi dadam singari o‘ylanib qoldilar, jim bo‘ldilar keyin”, — deb eslaydi Azamat Ziyo.

Karimov turkiy davlatlar bilan masofa saqlaganmi, degan savolga akademik avvaliga munosabatlar ijobiy bo‘lgani, bu Karimovning shaxsiy qarashlari, shaxsiy hokimiyat masalasi bilan bog‘liqligi, qolaversa, ushbu mavzu haqida gap ketganda “qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan maqol bunga mos tushishini aytadi.

Ismoil Jo‘rabekov, 1990-yillarda O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari

Islom Karimov va Ismoil Jo‘rabekov. Kadr: BBC UzbekIslom Karimov va Ismoil Jo‘rabekov. Kadr: BBC Uzbek

1990-yillarda Islom Karimovning “o‘ng qo‘li” hisoblangan Ismoil Jo‘rabekov so‘nggi yillarda bir qator OAVlarga bergan intervyularida Karimov unga O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi Hayraton ko‘prigini portlatib yuborish haqida ko‘rsatma berganini bir necha bor hikoya qilib bergan.

Ismoil Jo‘rabekov mazkur voqeani yaxshi eslaydi. O‘sha kuni ertalab uni huzuriga chaqirgan Islom Karimov Amudaryo ustiga qurilgan ko‘prikda notinchlik ekanini aytib zudlik bilan voqea joyiga yuborgan va unga ko‘prikni egallab olgan afg‘onistonliklardan tozalashni va ko‘prikni darhol portlatib yuborishni tayinlagan. “Bajaraman”, deya voqea joyiga yetib borganida Jo‘rabek ko‘prik ustida chamasi 3−4 mingga yaqin afg‘onistonlik yoshu qari xotin-erkaklar bilan to‘laligi, ko‘prik ortida ham tumonat odam borligiga guvoh bo‘lgan.

“Hammalari baqirgan-chaqirgan, talablari bitta: “Chegarani ochinglar! Bizlarni O‘zbekistonga o‘tkazinglar! O‘zbek yerida tinch-osuda yashashimizga imkon beringlar! Adosiz urush, beqiyos xavfu xatar tinka-madorimizni quritdi. Bizni o‘tkazinglar, oilamizni, norasida farzandlarimizni saqlab qolaylik!”.

Bu haqiqatan ham ayanchli manzara edi. Ular najot istab, biz tomon intilishardi. Rahmimiz keldi. Beixtiyor yordam qo‘lini cho‘zib, boshiga tushgan musibatga malham bo‘lish ko‘nglimizdan o‘tdi. Biroq… buyruq boshqa edi. Ko‘prikni, odamlarni tozalash va portlatish! Juda qiyin ahvolga tushib qoldim. Nima qilish kerak? Yurtiga qaytishni istamayotgan odamlar bilan qay yo‘sinda gaplashish lozim? Prezident buyrug‘ini odamlarga aytsam, ular qanday ahvolga tusharkin?

Umuman, bu topshiriqni oshkor qilish mumkinmi? Ammo vaziyatni yumshatish, tobora junbushga kelayotgan xaloyiqni tinchlantirish kerak edi. Oqsoqollarning gapidan bildimki, ko‘prik ortida boshqa kuchlar turibdi. Ular odamlarni ta’qib qilib, shu yergacha yetib kelgan. Jangarilarning qo‘lida jon taslim qilguncha, tinch va osuda o‘zbek yerida kapa tutib, bir burda non yeb, bir ho‘plam suv ichib hayot kechirishga rozi.

Bu paytga kelib oradan bir soatcha vaqt o‘tgan edi. Nogoh prezidentning qo‘ng‘irog‘i xayolimni bo‘ldi.

— Ko‘prik odamlardan xoli bo‘ldimi? Portlatdingmi? — Qattiq qayg‘uga botgan rahbarning so‘zlari o‘ylarimni butunlay alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi.

Muzokara olib boryapmiz. Ammo… odamlar…

— Hech narsani eshitishni istamayman! Portlatasan, tamom-vassalom!

Go‘shakni taraqlab qo‘yilgani yuragimni larzaga soldi. Komissiya a’zolariga yuzlandim. Ba’zilar buyruqni bajarish kerakligini aytdi. Buning oqibati yomonlik bilan tugashi mumkinligini qayta-qayta ta’kidlaganlar ham bo‘ldi.

Ayrimlar ko‘prikni saqlab qolish haqidagi taklifimni qo‘llab-quvvatladi. Butun mas’uliyat mening zimmamda edi. Yana birozdan keyin prezident qo‘ng‘iroq qilishi aniq. Agar tayinli javob qilmasam, komissiya raisligidan chetlatishi, topshiriqni esa ko‘prikni portlatish tarafdori bo‘lgan generallardan biriga yuklatishi mumkin. Tezroq bir qarorga kelishim kerak. Bu yerda esa xaloyiq jazavaga tusha boshlagan edi. Ular: “Axir bizlar qochoqlarmiz! O‘z yurtidan jabr ko‘rgan oddiy odamlarmiz! Butun dunyoda qochoqlarni qabul qiladi-ku, nega yon qo‘shnimiz bo‘lgan O‘zbekiston bizga to‘sqinlik qiladi?”, deb g‘alayon ko‘tarardi.

Yupun kiyingan, och-nahor odamlarning holatiga qarashga arang kuch topaman o‘zimda. Aslida ular haq edi. Yordam bermasak, bizlarni nadomat qilishlari aniq. Biroq… Hozirgina prezident ta’kidlaganday, odamlar orasida jangarilar yashirinib olgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agarda shunday bo‘lsa… bosqinchilar o‘zbek xalqining ham tinchini buzishi mumkin. Unda xoin sifatida qamalishim tayin.

Shunda xayolimga ularning kattasi bilan gaplashish kerak, degan fikr keldi. Qayerdan jasorat paydo bo‘ldi bilmadim, ammo tavakkal qildim. Bu harakatimdan qaytarganlar ham bo‘ldi, lekin maqsadimdan qaytmadim. Harbiy bo‘lmasam-da, o‘zimni komandirlarcha tutishga harakat qildim. Yarim soat ichida ko‘prikdan yetti kilometr nari ketishmasa, handaqdagi to‘p va minomyotlarda o‘qqa tutib, qirib tashlashimizni aytdim. Shunday vakolatga ega ekanligimni tushuntirdim. Kimdir mening jussamga qarab tirjayib qo‘ydi. Kimdir Napoleonga o‘xshatib, jiddiy tortdi.

Negaki gaplarim keskin, qarashlarim jiddiy edi. Javob qilishlarini kutmay ortga qaytdim. Men bilan borgan soqchilar o‘zimni munosib tutganimni aytdi. Darhaqiqat, jangarilarning tund qiyofasidan fikrlarini uqish qiyin bo‘lsa-da, meni diqqat bilan tinglashgan va bir-birlariga qarab qo‘yishgan edi. Bu esa ularning sarosimaga tushib qolganliklaridan dalolat edi.

Ko‘prikdan o‘tishim bilan yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

— Nima qilding? Portlatdingmi-yo‘qmi?
— Muzokaramiz…
— Men seni muzokara olib borishga emas, yurtimizga bo‘ladigan xavfni bartaraf qilishga yubordim.
— O‘rtoq prezident…
— Gapimni bo‘lma! Agar yarim soatdan keyin ko‘prik portlamasa, bilib qo‘y — qamalasan!
— Vaziyatni yumshataman…
— Mamlakat taqdiri uchun men javobgarman. Bir to‘da odamlarni deb, butun xalqimning hayotini tahlikaga qo‘ya olmayman. Sen buni tushunasanmi o‘zi?

Nima deyishimni bilmay qoldim. Ammo bu paytda jangarilar asta ortiga chekina boshlagan edi. Komissiya a’zolaridan ayrimlari buni vaqtinchalik taktika, mabodo odamlarni o‘tkaza boshlasak yoki ularni ortiga qaytarsak, bir zumda yetib keladi-da, bizga hujum qilib ko‘prikni egallab oladi, deb vahima qildi".

Ismoil Jo‘rabekov Karimov uning gapini ikki qilganlarni kechirmasligi, buyruqni bajarmasa, qamalishi yoki “xoin sifatida otib tashlanishi” mumkinligini bilib tursa ham ko‘prikni saqlab qolish kerak degan fikridan qaytmagan. Qochoqlar tinchlantirilib, ko‘prikning ikki boshi va o‘rtasiga qush ham uchib o‘tolmaydigan to‘siq o‘rnatilgan. Bundan xabar topgan prezident uni darhol yoniga yetib kelishga chaqirgan.

“Prezident qabulxonasiga kirarkanman, jangarilarning dala komandiri bilan bo‘lib muzokarada o‘tganda paydo bo‘lgan jasoratdan asar ham qolmaganday tuyuldi. Uning qarshisida har qanday odam ham sarosimaga tushib qolardi. Uning nigohlariga qarashga uncha-muncha odam botinolmas edi.

Islom Karimovda rahbarga xos salobat, iqtidor, siyosiy kuch-qudrat bor edi. Biz uni doim jiddiy ko‘rganimiz bois, yaqinlashishga hayiqardik. Lekin haligilarni ortga chekintirishga majbur qilgan jasoratimdan hali cho‘g‘ qolgan ekan, o‘zimni munosib tutib, ichkariga dadil kirib bordim.

Qovog‘idan qor yog‘ayotgan prezidentning vajohatini ko‘rib, nima deyishni bilmay qoldim, u salomimga alik ham olmagandi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘limdagi chizmalarni stol ustiga yozib, ko‘prik odamlardan butunlay tozalanganini, uning uchta joyga mustahkam to‘siq o‘rnatganimizni, endi u yerda hech kimsa o‘ta olmasligini tushuntirdim. Agar portlatib yuborganimizda endigina mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston uchun juda xunuk ish bo‘lishini, xalqaro miqyosda obro‘si tushib ketishini, qochoqlarga yordam berish, ularni so‘zsiz qabul qilish o‘rniga jabr-diydalardan qutulish uchun xiyonatkorona yo‘l tutganimizni butun olamga ovoza qilishlari aniq ekanligini ta’kidlashga o‘zimda kuch topa oldim.

Bunday isnodni ko‘tarish og‘ir bo‘lishi, birinchi navbatda musulmon davlatlar bizdan yuz o‘girishini, bunday tutgan pozitsiyamizni BMT ham oqlamasligini aytganimcha qora terga botdim. Ammo ichimdagini to‘kib soldim. Qamalishdan yoki otilishdan avval hammasini aytib olgim keldi. Hamjamiyat oldidagi burchimiz, obro‘-e'tiborimiz haqidagi nidolarim prezidentga biroz ta’sir qildi chog‘i, yuzidagi qahr-g‘azab ifodasi so‘nib, yonoqlariga sal qon yugura boshladi.

Buni ko‘rib, yengil tortdim. Lekin oyoqlarimda mador qolmagan edi, beixtiyor stulga o‘tirib qoldim. Islom Karimov xona bo‘ylab yurarkan, hamon indamas, jahlidan tushgan ko‘rinsa-da, qovoqlari butunlay ochilmagan, peshonasidagi ajinlar saqlanib turardi.

Ortimga o‘tib, u yoqdan bu yoqqa yura boshlaganida, ichimga yana g‘ulg‘ula tushdi. Tik turishga urindim, lekin toliqqan oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmadi.

“Hukmni ko‘zlarimga tik qarab emas, ortimdan aytsa kerak”, deya o‘ylay boshladim. Bir payt prezidentning qadam tovushlari shundoq ortimga kelganda tindi. Mening ham nafas olishim to‘xtab qolganday bo‘ldi. “Hammasi tamom!”. Asta o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Har qanday jazoni tik turib qabul qilgim keldi.

Hali butunlay qaddimni rostlab olmagan edim, yelkamga yengilgina shapati tushdi. Bu xatti-harakat nimaning alomati ekanligini anglolmay qoldim. Axir xayolim ming bir xavotir bilan band edi-da. Asta o‘girilib prezidentga nigoh tashladim. Bu paytda uning chehrasi ancha yorishgan edi.

“To‘g‘ri qilding! Portlatmay, yaxshi qilding!” — o‘h, bu gapni eshitguncha ichimdan nelar o‘tgani o‘zimgayu yolg‘iz Allohga ayon. Termizdan poytaxtga uchib kelgunimcha o‘tgan vaqt, prezident qarshisida yarim soat tushuntiruv meni bir necha yilga qaritdi. Negaki, bu oraliqda yuragim tortgan g‘am-anduhning chegarasi yo‘q edi. Lekin hammasi yaxshilik bilan yakunlandi. Shunday qilib, Islom Karimov huzuridan eson-omon chiqib keldim".

Ismoil Jo‘rabekov “Favvora film"ga bergan intervyusida Islom Karimov bilan uning qizi Gulnora Karimova masalasida tortishib qolgani va bu voqeadan keyin lavozimini tark etganini aytib o‘tgan.

U “Qizingizni tartibga chaqirib qo‘ying”, deya Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari keltirgan — Gulnoraning noqununiy ishlari jamlangan hujjatlarni olib kirganida, ular bilan tanishib chiqqan Karimov hech qanday chora ko‘rmagan. Jo‘rabekov keyingi safar ham shu masala bilan uning huzuriga kirgan. Uchinchisida: “Aralashma, o‘zim chora ko‘raman”, degan javob olgach, Jo‘rabekov arizasini yozib kabinetni tark etgan.

Ismoil Jo‘rabekov intervyu davomida Karimovning xatolari ko‘p bo‘lgani, so‘nggi yillarda xalqdan uzilib qolgani — uning eng katta xatosi ekanini ta’kidlab o‘tgan. Prezident ilgari bamaslahat ish ko‘rgani, keyinchalik bunday qilmay qo‘yganiga urg‘u bergan.

“Birinchidan, u kadrlarni saralashda xato qilar edi. Ikkinchidan, uning ruscha tarbiyasi — u shu tarbiya bilan O‘zbekistonda ham rahbarlik qilish mumkin, deb o‘ylardi. 20 yil ishlagan bo‘lsa, O‘zbekiston rivojlanmadi — qishloq xo‘jaligida ham, sanoatda ham, boshqasida ham. Kolxozlar, sovxozlar yo‘q qilinishiga birinchi men qarshi turganman. Bir qismini vaqtincha qoldir deganman — baribir tarqatib yubordi. Ishqilib, qishloq xo‘jaligidagi rivojlanishni o‘ldirdi”.

Rahmon Qo‘chqor, 1998−2000-yillarda prezident devoni xodimi

Rahmon Qo‘chqor. Kadr: YouTube / LolazorRahmon Qo‘chqor. Kadr: YouTube / Lolazor

Adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqor “Lolazor” podkastida mehmon bo‘lib, bir voqea misolida Karimovning tirikligida nazariga tushunishni istaganlar uning vafotidan keyin birinchilardan bo‘lib uni qoralaganini hikoya qildi.

“Ma'mun akademiyasining ming yilligi nishonlanyapti — diplomatik korpus, mamlakat rahbari borgan, juda katta saviyada o‘tgan. Oxirida, yaxshi bilasizlar, choy beriladi, rahbarning kayfiyati yaxshi. Kechqurungi Xiva, Ichan-qal'aning ichi, go‘zal sahna, Xorazm san’atkorlari, rejissyor Bahodir aka (Yo‘ldoshev), kayfiyat judayam go‘zal va o‘sha yerda raqsga tushilyapti. Biz narigi tomonda o‘tiribmiz. Tik turib, chapak chalib, olqishlab turibmiz. Yonimda o‘tirganlardan bittasi: “Aka, men bunday buyuk insonning yoniga borib o‘ynamasam bo‘lmaydi”, dedi. Qo‘ysangiz-chi, birodar jiddiy bo‘ling, deganmiz. Yo‘q, ko‘rinish, u kishiga yoqishi kerak — ketdi, o‘ynadi, s’yomka bo‘ldi, boshqa bo‘ldi, balki nazarga ham tushgandir. Davr o‘zgardi, [Islom Karimov] dunyodan o‘tdi va birinchilardan bo‘lib ayni shu do‘stimiz bir jiddiy kanaldagi ko‘rsatuvda: “Biz qo‘shnilarga nisbatan xo‘rozlandik”, deb boshladi. O‘zi buyuk odam deb bilgan insoni o‘tganidan keyin [uni] jo‘jaxo‘roz, dedi-da.

Birinchi rahbarga ayniqsa jiddiy masalalarni goh yumshoq, goh qat’iy tarzda, goh hazil bilan ayta bilganlardan ikkitasini bilaman xolos — biri Murod Muhammad Do‘st, ikkinchisi Alisher Azizxo‘jayev. Ular ba’zan boshini kundaga qo‘yib to‘g‘risini aytgan. Boshqalariniyam ko‘rganmiz. Nihoyatda muhim masalalar bo‘yicha — dokladnoma deyiladi, uch qog‘oz narsa tayyorlab kirilsa, “kayfiyat buziladi, kasalliklari kuchayib ketadi, boshqa-boshqa”, deya qaytib kelgan. Shu bilan axborot kiritilmagan. O‘rab olish, axborotni boricha aytmaslik ko‘p narsaga sababchi bo‘ldi. Nima, u ko‘rmasmidi, bilmasmidi — bugungi internet, hammayoqdan odamlarning ovozini tinglashning imkoniyati yo‘q edi. “Bor haqiqat kirgan, bilib turgan, shunga qarshi yoki mana shuni to‘g‘rilamagan”, deyishdan sal ehtiyot bo‘laman men".

Rahmon Qo‘chqor davlat mukofotiga tasdiqlatish uchun nomzodlar haqidagi hujjatlarning Islom Karimovning oldiga olib kirilganini eslaydi. Uning aytishicha, o‘shanda davlat maslahatchilari birga kirgan vaqti qandaydir muammo yo xalqaro masala sabab prezidentning kayfiyati yaxshi bo‘lmagan.

“Bilasizlar, birinchi „O‘zbekiston qahramoni“ [unvoni], keyin „Buyuk xizmatlari uchun“ [ordeni] turadi — shundan boshlab pasayib boradi. Nomzodning ma’lumotlari bir bet — katta rangli rasm, tagidan u kim, qanaqa odamligi [yozilgan bo‘ladi]. Nima xizmati uchun nima berilishi lo‘nda, 18 shriftda katta qilib yoziladi. O‘shanda kayfiyat yaxshi bo‘lmagan. Tanishib chiqib: „Shart emas, bu ham shart emas“, deb [qog‘ozlarni stolga] qo‘yib qo‘yganlar. Shunday qilib [nomzodlar] o‘tmay boshlagan. Keyin bir yoshi 90 dan oshgan san’atkorning hujjati chiqqan. „Bu kishiga nimaga mukofot berishimiz kerak?“, deb so‘raganlar. „Islom aka, bu inson san’atning falon yo‘nalishiga hissa qo‘shgan“, deb javob berilgan. „Hissa qo‘shgan bo‘lsa oyligini olgandir, mana bu yerda ko‘rinib turibdi ordenlari bor ekan, shartmi hozir yana?“, desa hujjat tayyorlagan maslahatchi: „Islom aka, yaqinda bu odamning o‘g‘li o‘tib qolgandi, shunga sal dalda bo‘larmikin, ko‘ngli ko‘tarilarmikin degan niyatimiz bor edi“, degan. Islom aka qalbli odam edi-da, „Alloh rahmat qilsin, shunday ish bo‘ldimi — to‘g‘ri o‘ylabsizlar, to‘g‘ri o‘ylabsizlar, sal bo‘lsa ham bizning qo‘limizdan keladigan yordam shu bo‘ladi, ma’qul“, deb tursalar, Murod aka: „Endi, Islom aka, o‘zi o‘lgan o‘g‘liyam 70 dan oshgandi“, deganlar. Islom aka kulvorgan — rahbar kuldi deb hamma kulgan. „Eh, shayton“, deb [prezidentning] kayfiyati ko‘tarilgan va qolgan hujjatlar yengil o‘tib ketgan”.

Rahmon Qo‘chqor davlat maslahatchilari bilan bo‘lgan boshqa bir yig‘ilishda hali huquqiy masalalar bo‘yicha rahbar bo‘lganiga ko‘p bo‘lmagan Alisher Azizxo‘jayev kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘z ma’ruzacida yolg‘on ma’lumot berganini hammaning, xususan, Karimovning oldida ochiq aytganini eslarkan, noto‘g‘ri axborot berilayotganida ogohlantirish shartligi, mamlakat, xalq taqdiri uchun haqiqatni aytishdan tap tortmaydiganlar ko‘p narsani hal qilishini ta’kidlagan.