Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha umummilliy referendum 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament palatalarining qo‘shma yig‘ilishida Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan yillik murojaatida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “global energiya tanqisligi kuchayib borayotganini hisobga olgan holda, biz ishonchli va ekologik toza energiya manbalariga juda muhtojmiz”. Uning fikricha, “atom energetikasini rivojlantirishga eng katta e’tiborni qaratish kerak”.

“Bu turdagi generatsiya iqtisodiyotimizning tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini sezilarli darajada qondira oladi. Bugungi kunda 30 ta rivojlangan va rivojlanayotgan davlatda 200 ga yaqin AES faoliyat ko‘rsatmoqda. Biz mamlakatimizning uzoq muddatli milliy manfaatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda kelajak haqida o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun men har doim atom elektr stansiyasini qurish masalasida puxta o‘ylangan qaror qabul qilish, strategik xarakterdagi rejalarni jamiyatda keng muhokama qilish zarurligini ta’kidlab kelganman”, — dedi u.

аэс, atom elektr сtaнцияси bo‘yicha referendum, қосим-жомарт тоқаев, қозоғистон

Qozog‘iston rahbari “mamlakat hayoti uchun muhim bo‘lgan har bir qadamni xalqning qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirish kerak”, deb hisoblaydi.

“AES bo‘yicha referendumda ham shunday bo‘lishi kerak. Uni o‘tkazish haqida o‘tgan yili gapirgan edim, ya’ni bu mavzu bir yildan buyon jamoatchilikning kun tartibida turibdi. Bu fuqarolar tomonidan oqilona qaror qabul qilish uchun yetarli muddat deb hisoblayman. Shu munosabat bilan hukumat taklifini qo‘llab-quvvatlayman. AES qurilishi bo‘yicha umummilliy referendum joriy yilning 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi, bugun men tegishli farmonni imzolayman” — dedi u.

Prezident bo‘lajak referendum “keng umummilliy muloqotning yana bir ko‘rinishi va „eshituvchi davlat“ konsepsiyasini amalga oshirishning yorqin namunasi” bo‘lishini ta’kidladi.

“Aslida, bunday qadamlar bilan biz yangi ijtimoiy-siyosiy madaniyatni shakllantiramiz, asosiy davlat qarorlarini qabul qilishning yangi standartlarini yaratamiz” — dedi prezident.

  • Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha munozaralar bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. 2023-yil sentabrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu masalani referendumga qo‘yishni taklif qilgan edi. Qurilish uchun joy sifatida Olmaota viloyatining Balxash ko‘li qirg‘og‘idagi Ulken qishlog‘i tanlandi va shu yerda ilk ommaviy muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
  • Iyun oyi oxirida Toqayev joriy yilning kuzida AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Aniq sanani mamlakat hukumati belgilaydi.
  • Kursiv.uz`ning qayd etishicha, Ostonadagi eshituvlar Olmaotadagidan ko‘ra “xotirjamroq” o‘tgan, poytaxtda muhokamalar ishtirokchilar o‘rtasidagi mushtlashuv bilan yakunlangandi. Ostonadagi eshituvchilar, xususan, AES qurilishi elektr energiyasi narxiga qanday ta’sir qilishi va stansiyada favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda kim javobgar bo‘lishini so‘radi.
  • Hozirgi vaqtda Qozog‘iston to‘rtta yetkazib beruvchining katta quvvatli reaktor texnologiyasini ko‘rib chiqmoqda — bular Fransiya, Xitoy, Rossiya va Janubiy Koreya texnologiyalari. Qozog‘istonda AES qurilishi loyihasi xalqaro investorlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
  • Kursiv.uz nashrining yozishicha, respublika Energetika vazirligida dastlab 2,4 GVtli atom stansiyasining ehtimoliy qiymati 10 mlrd dollar va qurilish muddati 10 yil deb aytilgan, biroq keyinchalik ekspertlar, xususan, “Qozog‘iston atom elektr stansiyalari” (QAES, “Samruk-Kazini”ning shu’ba korxonasi) vakillari asta-sekin uni 15 mlrd dollargacha oshirgan.