Hukumat qarori bilan 24−25-avgust kunlari o‘tkazilgan umumxalq hashari doirasida Toshkentning Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi 20 ga yaqin aholi vakillari “Do‘stlik” (sobiq “Bobur”) bog‘ida shanbalik o‘tkazdi. Ular qo‘lga xaskash, supurgi va chiqindi xaltalarini olib, o‘z tashabbuslari bilan bog‘ hududini bir necha soat tozalashdi. “Gazeta.uz” muxbiri Dilyaver Ablyakimov hasharda bo‘lib, aholi nima uchun jamoat bog‘ini obodonlashtirishda qatnashayotganiga qiziqdi.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i, hashar

“Do‘stlik” bog‘i direktori Iroda Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus odamlarning o‘zidan chiqqan.

“Ular o‘zlari hashar uyushtirishga qaror qildi. Men buning uchun ulardan minnatdorman, albatta. Hammalari o‘zlari bilan ish qurollari — supurgi, xaskash, belkurak olib kelishdi. Yetishmagan narsalarni o‘zim olib keldim” — deydi Iroda Yusupova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aholi tashabbusi bog‘da faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan. Ular obodonlashtirishda qatnashish uchun qo‘shimcha ishchilar yollagan.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i, hashar

Tumanda istiqomat qiluvchi Karomat Mirzayeva Telegram’dagi “„Do‘stlik“ bog‘i: jamoatchilik bilan muloqot” guruhida shanbalik o‘tkazish taklifi chiqdi, deydi hashar ishtirokchilari. Bu guruh aprelda Iroda Yusupova tomonidan tashkil etilgandi. Bunga BMP Smart Decision Management kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan bog‘ni rekonstruksiya qilish rejasi taqdimoti sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, “Do‘stlik” bog‘i hukumat va Toshkent hokimi qarorlari bilan 49 yil muddatga investorga berilgan. Hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan. Bog‘ni investorga berishga rozi bo‘lmagan aholi hukumat qarorlarini bekor qilish talabi bilan sudga murojaat qilgandi, biroq sudda yutqazdi. “Gazeta.uz” bu jarayonni batafsil yoritgan.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i, hashar

“Hashar e’lon qilinayotganini eshitib juda xursand bo‘ldim, — deydi Karomat Mirzayeva. — Biz, yaqin atrofdagi uylar aholisi, bunday tadbirni tashkil etishni anchadan beri xohlayotgandik. Biz shu bog‘da tez-tez uchrashib turamiz, pikniklar uyushtiramiz, yoga mashg‘ulotlari o‘tkazamiz, dam olamiz, suhbatlashamiz. Aytish mumkinki, allaqachon katta bir oiladek bo‘lib ketganmiz hatto. Ko‘pchilik hasharga kelishga bir ovozdan rozi bo‘ldi”.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i, hashar

Karomat Mirzayeva bunday hasharlarni tashkil etish foydali va hatto zarur, deb hisoblaydi.

“Odamlar [bu bilan] nafaqat o‘z hovlisi, ko‘chasi yoki shahrini tozalaydi, balki ma’lum darajada ma’nan poklanadi ham”, — deb hisoblaydi u.

“Men „Do‘stlik“ bog‘i taqdiriga befarq bo‘lmaganim bois shanbalikda qatnashdim, — deydi boshqa bir fuqaro Rodion Sayfulin. — Afsuski, tuman va shahar hokimliklari bog‘ni saqlash uchun mablag‘ ajratishni xohlamayapti, shuning uchun befarq bo‘lmagan fuqarolar o‘zlari hasharga chiqishga majbur, bog‘ ma’muriyati esa qo‘lidan kelganicha yordam qilyapti”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bog‘dagi daraxtlar qo‘ng‘iz va qurtlarga qarshi dorilanishga muhtoj, bir paytlar shu yerda ishlab turgan shaxmat klubi, kutubxona va fitnes zalini esa qayta tiklash lozim.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i, hashar

“Men sevimli bog‘imga yordam berish va „Do‘stlik“ bog‘ining taqdiriga befarq bo‘lmaganlar bilan suhbatlashishni istaganim uchun hasharga keldim, — deydi Gulnora Bekmuhamedova. — Bu bolaligimni — maktabda shanbalikka borgan paytlarimni esga soldi. Bunday tadbirlarga yoshlarni jalb etib, mehnat va tozalikka o‘rgatilsa yaxshi bo‘lardi. Bunday tashabbuslar odamlarni birlashtirishi va ayni paytda shaharning tozaligini saqlashi bilan ahamiyatlidir”.

Karomat Mirzayevaning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan hashar aholini tadbirni takrorlashga undagan. Navbatdagi shanbalikni sentabrning ikkinchi yarmida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Aholi kuzda bog‘ga ko‘p yillik daraxtlar ekishni maqsad qilgan.