2-sentabr kuni O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Bobomurod Hamdamov 84 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi.

Bobomurod Hamdamov 1940-yilda Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida tug‘ilgan. U o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atining rivojlanishida salmoqli hissa qo‘shib, bir nechta o‘lmas asarlar yaratgan va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan.

Ayniqsa uning “Sulton Jaloliddin”, “Kim ekan”, “Devona”, “Galdimu”, “Qo‘rqdim” kabi qo‘shiqlari keng ommalashib, xalq qalbida munosib o‘rin egallagan.

“Bobomurod Hamdamov buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning munosib izdoshi edi. Uning qo‘shiqlari va ijodi o‘zbek san’atining “oltin fondi”ga kiritilgan bo‘lib, yorqin xotirasi muxlislar qalbida mangu yashaydi”, — deyiladi xabarda.