3-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida yadro uloqtirish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchi Bobur Omonov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident Bobur Omonovni ikki karra paralimpiya chempionidek sharafli nomga sazovor bo‘lgani hamda 2021-yilda o‘zi o‘rnatgan Paralimpiada rekordini yangilagani bilan dildan qutladi. Ushbu natija O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida muhim voqea bo‘lganini qayd etdi.

Bu galgi o‘yinlarda ham yuksak mahoratini yana bir bor tasdiqlash yo‘lida unga ko‘makdosh bo‘lgan murabbiylari va yaqinlariga rahmat aytdi.

“Chempion xalqimiz ishonchini oqlaganidan xursandligini bildirib, terma jamoamizning, shu jumladan o‘zining muvaffaqiyatli chiqishlari prezidentimiz rahbarligida sportga qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar tufayli ekanini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

Fursatdan foydalanib, Mirziyoyev sovrindor bo‘lgan sportchilarni tabriklab, keyingi bellashuvlarda qatnashadiganlarga omad tiladi.

Ma’lumot uchun, Bobur Omonov yadro uloqtirish dasturida 14,32 metr natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. U bu natijasi bilan 2021-yilda Tokioda o‘zi o‘rnatgan rekordni ham yangilagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari Paralimpiya o‘yinlarida ilk oltin medallarini qo‘lga kiritgan yengil atletikachilar Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev bilan, shuningdek, yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochi Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali muloqot suhbatlashgandi.