Nurshod Nurmamatovich Xudoyberdiyev Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Nurshod Xudoyberdiyev 1983-yilda Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2004-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida u Namangan viloyati “Suvnazorat” inspeksiyasida turli vazifalarda ishlagan. 2015−2016-yillarda Mingbuloq tumani Zardaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2016−2017-yillarda Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2017−2019-yillarda Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Mazkur tayinlov Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.

Xudoyberdiyev 2019-yilda Mingbuloq tumani hokimi bo‘lgan va o‘sha yilning dekabrida feremerlarni topshiriqni vaqtida bajarmagani uchun haqoratlagan. Keyinchalik Xudoyberdiyev bu ishi uchun kechirim so‘ragan va viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantirilgan.

Sud qarori bilan unga BHMning 20 baravari, ya’ni 4 mln 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Viloyat hokimlining xabarida aytilishicha, Nurshod Xudoyberdiyev 2024-yilning avgust oyiga qadar tuman hokimi bo‘lib ishlagan. Prezident 17-iyul kuni o‘tkazgan yig‘ilishda faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun qator tuman-shahar hokimlarini ishdan olgandi. Ular orasida Mingbuloq tumani hokimi ham bo‘lgan.