30-avgust kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi tadbirlari doirasida Anqara shahri Kechio‘ren tumanida Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Tadbirda Turkiya Tashqi ishlari vazirligi, TURKSOY tashkiloti, Anqara shahri va tumanlari hokimliklari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, navoiyshunos va tilshunos olimlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

“Anqarada buyuk ajdodimizning ulug‘vor haykalining ochilishi nafaqat bizlar uchun, balki Turkiyadagi barcha birodarlarimiz, hattoki butun turkiy dunyodagi qardoshlarimiz uchun katta sharaf ekaniga chin dildan ishonaman”, — dedi elchi Alisher A’zamxo‘jayev.

Hozirga qadar Navoiy haykali Moskva, Dushanbe, Ostona, Tokio, Minsk, Shanxay, Seul va Boku shaharlarida o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Ostona shahrida Alisher Navoiy haykalini ochib bergandi. Qosim-Jomart Toqayev buni “qozoq xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan alohida hurmati ramzi” deb atagan.