4−5-sentabr kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining 10-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2-konferensiyasi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Ularda SHHT va MDHga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, MDH organlarining ishchi tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash muammolarini o‘rganishga jalb qilingan ta’lim va ilmiy-tahliliy tashkilotlar delegatsiyalarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Ishtirokchilar orasida BMT, MDH aksilterror markazi (ATM), Interpol, Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi (YeOG), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) hamda boshqa tashkilotlar vakillari ham bo‘ladi.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ishtirokchilarning xavfsizlikka nisbatan bo‘ladigan yangi tahdidlarga nisbatan umumiy tushuncha va yondashuvlarini shakllantirishdan iborat, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan MDH ATMning muvofiqlashtiruvida Hamdo‘stlik mamlakatlari vakolatli organlarining “Sharq-Aksilterror — 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Mashg‘ulotlarda muhim infratuzilma obyektlari va odamlar gavjum bo‘lgan joylarda terrorchilik harakatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma aksilterror choralar ko‘riladi.