Shanxay hamkorlik tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida kechayotgan murakkab va qarama-qarshi harbiy-siyosiy jarayonlar mamlakatlardan xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlar va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni birlashtirishni talab etadi. Bu haqda chorshanba kuni Toshkentda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MAT) va MDH aksilterror markazining qo‘shma konferensiyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi general-leytenant Abdusalom Azizov gapirdi.

Abdusalom Azizov SHHT va MDHga a’zo davlatlar xavfsizligiga tahdid solayotgan omillarni sanab o‘tdi. “Vaziyat xalqaro terrorchilik tashkilotlari boshliqlarining davlatlarga qarshi o‘zlarining buzg‘unchi rejalaridan voz kechmaganliklari bilan yanada murakkablashmoqda”, — dedi u.

“Afg‘oniston hukumati o‘z imkoniyatlari va resurslaridan kelib chiqib, xalqaro terrorizmga qarshi kurashmoqda, afg‘on maxsus xizmati XVIDga („Xuroson viloyati“ islom davlati — tahr.) qarshi kurashda „yetakchilik“ qilib, muayyan natijalarga erishmoqda. Shu bois dushmanga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak”, — dedi DXX rahbari.

U Afg‘onistonga “Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda yordam berish muhimligini ta’kidladi, chunki qarshi choralarning zaiflashishi guruhning kuchayishiga olib keladi va bu o‘z navbatida butun mintaqa xavfsizligiga tahdid soladi.

Abdusalom Azizov “o‘zaro ishonch, xalqaro terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish sohasida muntazam axborot va tajriba almashishga asoslangan izchil va muvofiqlashgan faoliyatda birga harakat qilish yordamidagina davlatlarda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda samarali natijalarga erishish mumkin”ligiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev konferensiya ishtirokchilariga murojaatida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ilgari surish, shuningdek, qonun ustuvorligi prinsipiga og‘ishmay rioya etish terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishning fundamental asosi ekanini ta’kidlagandi.