Central Asian University (sobiq Akfa universiteti)ga 7 nafar talabaning kontrakt pullari bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Raqobat qo‘mitasi bu haqda tashkilotga kelib tushgan 10 ga yaqin murojaatni o‘rganib, maxsus komissiya chiqargan qarorni e’lon qildi.

Keltirilishicha, 2022-yil 10-yanvarda OAVda Akfa universitetiga 2022−2023 o‘quv yili uchun qabul boshlangani to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilgan. Unda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, shuningdek, Tijorat huquqi ta’lim yo‘nalishi uchun ham davom etayotgani bayon qilingan.

Universitetga nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan ta’lim yo‘nalishlarida Tijorat huquqi mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda o‘qitish uchun 2022−2023 o‘quv yilida talabalar o‘qishga qabul qilingan va 4 yillik (8 ta semestr) o‘qish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, talabalar 12,5 mln so‘mdan 25 mln so‘mgacha kontrakt to‘lovini to‘lagan (qo‘mitaga kelib tushgan 7 ta murojaat bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinmagan jami mablag‘ miqdori 167 mln 500 ming so‘m).

O‘qish ma’lum bir muddat davom etgan. 2023-yil avgust oyida talabalarga Tijorat huquqi yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziya berilmagani sababli keyingi 2023−2024 o‘quv yilini vaqtinchalik gibrid shaklda davom ettirish yoki Xalqaro biznes ta’lim yo‘nalishida o‘qish taklif qilingan. Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan va ayrimlari boshqa ta’lim yo‘nalishida o‘qishga rozi bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Biroq universitet tomonidan bugungi kunga qadar ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagan. Mazkur holatlar bo‘yicha “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani aniqlangan. Xususan,

  • 4-modda (Xizmatning xavfsiz bo‘lishi, ijrochining g‘ayriqonuniy harakati tufayli yetkazilgan moddiy ziyoni to‘liq hajmda qoplanishi),
  • 7-modda (Noto‘g‘ri reklama oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplab berilmaslik),
  • 12-modda (Xizmatni amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan bo‘lishi),
  • 19-modda (Shartnoma shartlarini bajarmaslik),
  • 21-modda (Shartnomaga iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlarni kiritish, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish) bunda asosli deya ko‘rsatilmoqda.

Buning ortidan qo‘mita maxsus komissiyasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan Central Asian University MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atib, ishni arizachilar ishtirokida ko‘rib chiqdi.

Natijada MCHJga qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 7 nafar talaba fuqarolarga jami 167 mln 500 ming so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish, shuningdek, boshqa fuqarolarning murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatma berildi, deyiladi qo‘mita ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning sentabr oyida sobiq Akfa universitetida eski va yangi rahbariyat o‘rtasidagi nizo sabab ikki yillik tayyorgarlikdan so‘ng ikkinchi bosqichga o‘qishga qabul qilingan maktab bitiruvchilari o‘qishni davom ettira olmagani xabar qilingandi.