O‘zbekiston qonunchiligida sovet mafkurasi, davri va ramzlarini targ‘ib qilish taqiqlanishi kerak. Bu haqda “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov o‘zining Telegram’dagi kanalida yozdi.

Deputat jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudining SSSRni tiklash tarafdori bo‘lgan 74 yoshli samarqandlik fuqaroni uch yilga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi. Ish materiallariga ko‘ra, u Telegram’da “O‘zbekiston mustaqilligi yuzaki ekani va sobiq Sovet Ittifoqi rasman tarqalmagani” haqida materiallar e’lon qilgan.

“Sud qarorini olqishlayman! O‘zbek xalqi SSSR boshqaruvi tomonidan kamsitilgan, tahqirlangan va hanuzgacha o‘sha davrning og‘ir jarohatlarini davolamoqda. Millatlar, qadriyatlar va e’tiqodni rad etgan sovet mafkurasi nafaqat o‘zbek xalqi, butun insoniyat boshiga balo bo‘lib keldi va qoldiqlari hozirgacha balo bo‘lmoqda”, — deb yozdi u.

“Albatta, tariximizning bu ayanchli davri tahlil va muhokama qilinishi kerak, lekin uni ma’qullash yoki targ‘ib qilish nafaqat Konstitutsion tuzumga jinoyat, balki xalqimizga va qonli tuzum qurbonlariga aylangan ajdodlarimizga xiyonat sifatida baholanishi zarur”, — deya xulosa qildi Qodirov.

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari bundan avval SSSR ramzlari haqida ham fikr bildirgan edi. 2021-yil may oyida u Toshkentdagi “G‘alaba qo‘shiqlari” konsertida SSSR bayrog‘i ko‘tarilgani haqorat va provokatsiya ekanini ta’kidlagan.

“Biz san’atga qarshi emasmiz, san’atning siyosatga qurol qilinishiga qarshimiz. Taraqqiyparvar o‘zbek ziyolilari va oqko‘ngil ajdodlarimizning qoniga bo‘yalgan bosqinchi sovet davlati bayrog‘ining mamlakatimiz poytaxtining qoq markazida baland ko‘tarilishini o‘zbek xalqiga nisbatan haqorat deb hisoblaymiz”, — degandi deputat.

2023-yil sentabr oyida Rossiya davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov respublikalar Sovet Ittifoqidan noqonuniy ravishda ajralgani va shuning uchun Rossiya hududiy manfaatlari buzilgani sababli ular bilan kurashishga majbur bo‘lishini aytgandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari kinoya bilan shunday degan: “Navbatdagi fantazyor”.

O‘tgan yil aprel oyida Xitoyning Fransiyadagi elchisining sobiq Sovet Ittifoqi davlatlarining suverenitetiga shubha bilan qaragan bayonoti diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan edi. Qator Yevropa davlatlari bunga munosabat bildirgan, Xitoy esa SSSR tarkibidan chiqqan barcha davlatlar mustaqilligini hurmat qilishiga ishontirishga to‘g‘ri kelgandi.

2022-yil oktabr oyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon MDH sammitida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, uning mamlakati Rossiya manfaatlariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani hamda o‘zaro hurmatni xohlashini ta’kidlagandi. U RFdan Markaziy Osiyo mamlakatlariga sobiq Ittifoq vaqtida bo‘lganidek munosabat qilmaslikni so‘ragan.