Rossiya davlat dumasi deputati, “Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarga Rossiya fuqaroligini berishga vaqtinchalik moratoriy joriy etishni taklif qildi.

“Bu tashabbus bilan „Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun“ 2022-yildayoq chiqqan edi, o‘shanda biz migratsiyada tartibni tiklash uchun yakka o‘zimiz kurashgandik. Bugun, migratsiya bilan bog‘liq keskin muammolar qonunchilarning diqqat markazida bo‘lib turgan vaqtda biz bu masalani ko‘rib chiqishga qaytishimiz kerak”, — dedi u o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Duma fraksiyasi rahbari murojaatida savollar qoldirdi: “Nega janubdan kelgan mehmonlarga yuz minglab pasportlar tarqatish kerak? Nima uchun etnik anklavlar yaratish kerak? Nima uchun bu yangi fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti uchun budjet milliardlarini sarflash kerak? Buning Rossiyaga qanday foydasi bor?”

Sergey Mironovning so‘zlariga ko‘ra, “gasterbayterlarni ommaviy pasportlash migrantlar legalizatsiyasidan yaxshi pul ishlayotgan korrupsionerlar mafiyasi va firibgarlar uchungina foydali”.

“Davlat bu mafiyaga qarshi turishi va milliy xavfsizlik sohasida o‘z manfaatlarini himoya qilishi kerak. Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisiga Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy orqali. Hech bo‘lmaganda 2026-yilgacha. Bu vaqt ichida esa qonunchilikni tartibga solish, migratsiya xizmatini isloh qilish, uni poraxo‘rlardan tozalash, shuningdek, avval berilgan pasportlarning qonuniyligini tekshirish mumkin”, — deya taklif qildi rossiyalik deputat.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Moskva yaqinidagi “Krokus"da terakt sodir etishda ayblanayotgani fonida Rossiyada ularga qarshi choralar muhokamasi avj olgandi.

Teraktdan ko‘p o‘tmay, Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish zarur, deb hisoblagan.

“Umuman olganda, migratsiya siyosatini kuchaytirish kerak. Prezident terrorning dini ham, millati ham yo‘q, deb to‘g‘ri aytdi. Ammo bu odamlar qayerdan tanlangani tasodifiy emas. Kimdir qayiqni tebratishni, yurtimizda millatlararo nafrat va adovatni keltirib chiqarishni juda xohladi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, — degan u. — Biz o‘zimizni, suverenitetimiz va milliy xavfsizligimizni himoya qilishimiz kerak. Bunga erishish uchun biz nafaqat viza rejimini, balki patentlarni cheklashni ham taklif qilamiz. Qolaversa, MHO („maxsus harbiy operatsiya“ — tahr.) davomida RF hududiga har qanday muhojirni kiritishni to‘xtatish kerak, deb hisoblayman. Shuningdek, biz bu yerda bo‘lganlarning barchasini va ularning qolish sabablarini tekshirishimiz kerak”.