AQSh Adliya vazirligi HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar va guruhning yana besh rahbarini 2023-yil 7-oktabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujumda aybladi, deb yozmoqda AP. Agentlik ta’kidlashicha, bu Amerika hukumatining hujum tashkilotchilarini rasman nomlashga qaratilgan ilk urinishidir.

Jinoyat ishi yetti moddadan iborat bo‘lib, AQSh fuqarolarini o‘ldirish maqsadida til biriktirish va terrorizmni moliyalashtirish maqsadida til biriktirish kabi ayblovlarni o‘z ichiga oladi. Hujjatlarda, shuningdek, HAMAS tomonidan hujumlar uchun foydalanilgan qurollarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va topshirishda ayblanayotgan Eron, shuningdek, Livanning “Hizbulloh” guruhi ham tilga olingan.

Ayblanuvchilar orasida Sinvardan tashqari, HAMASning G‘azodagi rahbari Xolid Mash’al, shuningdek, Livanda joylashgan guruh a’zosi Ali Baraka ham bor.

O‘lganlar ro‘yxatidagi HAMASning yana uch nafar yuqori martabali a’zosi: joriy yozda Tehronda Isroil hujumi oqibatida o‘ldirilgan HAMASning sobiq rahbari Ismoil Haniya, tashkilot harbiy qanoti rahbari Muhammad Deyf va HAMAS rahbari o‘rinbosari Marvon Issa bor.

Hujjatlar fevral oyida sudga kelib tushgan, ammo Haniyani hibsga olishga urinib ko‘rish uchun AQShga vaqt berish uchun yopiq rejimda ko‘rib chiqilgan. Uning o‘limidan so‘ng Adliya vazirligi ayblovlarni e’lon qilishga qaror qildi.

HAMAS yetakchilariga ayblov e’lon qilish ko‘p jihatdan ramziy qadam hisoblanadi, chunki Sinvar go‘yoki G‘azodagi tunnellarning birida yashirinib yurgan bo‘lsa, oltita ayblanuvchidan uchtasi allaqachon halok bo‘lgan, deb yozadi AP.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro xronologiyasi:

  • 2023-yil 7-oktabr kuni HAMAS Isroilga hujum qilib, kamida 1200 kishini, jumladan, 40 AQSh fuqarosini o‘ldirdi va 200 dan ortiq kishini garovga oldi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, G‘azoda HAMAS asirligida 100 nafar tirik va o‘lik garovga olinganlar qolgan.
  • Hujumga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qilgan, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirgan va u yerga qo‘shin yuborgan.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 40 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
  • Isroilning G‘azodagi harbiy kampaniyasi tinch aholi orasida qurbonlar sonining ko‘pligi sababli salbiy xalqaro reaksiyaga sabab bo‘ldi. Yanvar oyida Janubiy Afrika G‘azo sektoridagi genotsid konvensiyasini buzganlikda ayblanib, Isroilga qarshi Xalqaro sudga da’vo arizasi bergandi.
  • May oyida Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi prokurori HAMAS harakatining uchta yetakchisi Yahyo Sinvar, Muhammad Deyf va Ismoil Haniyani, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Isroil mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun order berishni talab qilgandi.