Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida KXDRga qarshi bo‘lib o‘tadigan JCH-2026 saralash bosqichi 3-tur uchrashuvi haqida fikr bildirdi. Birinchi davra bahsi 5-sentabr kuni soat 19:00 da Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.

“Barchasi joyida, futbolchilarimiz o‘yinga tayyor. Kechagi mashg‘ulotda ham jamoamiz diqqat va e’tibor bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rdi. Biz o‘z uyimizda o‘ynaymiz, shu sababli maqsadimiz — faqat g‘alaba qozonish. 3 yildan buyon jamoa bilan birgamiz va bu borada yetarlicha ko‘nikmaga egamiz. Yigitlar men ulardan nima so‘rayotganimni bilishadi…”, — dedi u.

Uning aytishicha, u jamoaning jahon chempionatiga chiqish istagi bilan haddan tashqari to‘lib-toshib ketmasligini kutmoqda.

“Hammaning O‘zbekiston terma jamoasi nima uchun hech qachon jahon chempionatiga saralashdan o‘ta olmaganini muhokama qilayotganini eshityapman. O‘yinchilar bilan suhbatlashdim. Haddan tashqari ruhlanib ketish ham, yetarli darajada ruhlana olmaslik ham yaxshi emas. Biz xotirjam bo‘lishimiz, avvalgidek o‘z ishimizni bajarishimiz lozim, chunki bu bosqichda har bir o‘yin murakkab kechadi. Ushbu bosqichda eng kuchli jamoalar, shu jumladan, KXDR terma jamoasi ham to‘plangan”, — deya qayd etdi 61 yoshli sloveniyalik mutaxassis.

Srechko Katanetsning ta’kidlashicha, terma jamoa Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi va “jahon chempionatiga qadam-baqadam boradi”.

Shuningdek, murabbiy KXDRni tahlil qilish qiyinligini, chunki Yaponiya va Suriyaga qarshi o‘yinlarda jamoa turli tarkiblarda o‘ynaganini ta’kidladi.

“Bu yaxshi intizomga ega jamoa, ular murabbiy ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishadi, hujum va qarshi hujumlarda ham yaxshi. Ammo biz o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratamiz. Biz uyda o‘ynaymiz, biz yaxshiroqmiz, buni bilamiz, lekin buni ertaga maydonda ko‘rsatishimiz kerak”, — dedi murabbiy.

жч-2026 saralashи, кхдр, сречко каtaнец, фuтбол, элдор шомuродов

Terma jamoa sardori Eldor Shomurodovning aytishicha, “biz uzoq kutgan eng muhim bosqich boshlanmoqda”.

“Bizning maqsadimiz bor va unga erishish uchun hamma narsani qilamiz. Avvalgi sikllar davomida yosh futbolchi sifatida qatnashganmiz va tajribali futbolchilar bilan birga harakat qilganmiz. Biroq bu gal endi mas’uliyat o‘zimizda, o‘rgangan tajribalarimizni ishga solishimiz kerak. Bizda tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi. Xatolar ustida ishlab bordik. Barchamiz bir oila bo‘lib, birgalikda asosiy vazifani bajarishga ishonamiz”, — dedi italiyalik “Roma” hujumchisi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining uchinchi saralash bosqichida 18 ta jamoa oltita terma jamoadan iborat uchta guruhga bo‘lingan. Guruhdagi eng yaxshi ikki jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH-2026 final bosqichiga yo‘l oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar to‘rtinchi raundda yana ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma, shuningdek, qit’alararo pley-off o‘yinida o‘ynaydi.

Uchinchi saralash bosqichi ikki bosqichda (10 tur) o‘tkaziladi. U 2024-yil 5-sentabrda boshlanadi va 2025-yil 10-iyunda yakunlanadi.

O‘zbekiston “A” guruhidan joy olgan, u yerda jamoa Eron, Qatar, BAA, Qirg‘iziston va KXDR bilan o‘ynaydi.